Light | 18:50 / 09.02.2020
28691
5 daqiqa o‘qiladi

1 kg uchun kamida 20 dollar. Aeroportda yukingiz yo‘qolsa, nima qilish kerak?

Kechiktirmasdan, aeroportning «Lost & Found» bo‘limiga murojaat qilish zarur. Bagaj 30 kun ichida topilmasa, yo‘qolgan deb hisoblanadi va xalqaro qonunchilikka asosan, 1 kg yuk uchun kamida 20 dollar kompensatsiya to‘lanadi.

«Men X.B, Buxoro viloyatidanman. Novosibirsk-Buxoro yo‘nalishida kelgan edim. Aeroportda yuklarim yo‘qoldi. Lekin meni eshitishni xohlashmayapti».

«Men S.N, 61 yoshdaman. Turkiya Respublikasiga sayohat uchun borgandim, qaytishda O‘zbekiston aeroportining yuk qabul qilish lentasida mening yuklarim yo‘qligi aniqlandi.

Men kabi yuklarini yo‘qotgan yo‘lovchilar anchagina ekan. Bunday holatlar qachon bartaraf etiladi? Kim bu holatni tartibga soladi va yetkazilgan zararni qoplab beradi?»

Kun.uz saytiga shu mazmunda bir nechta xat kelib tushdi. Ular orasida yuklari yo‘qolganda kimga murojaat qilishni va uni qanday topish mumkinligini bilmaganlar ham bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Birinchi bo‘lib shuni aytish kerakki, parvozlarda yuklarning yo‘qolishi amaliyotda uchrab turadigan holat va xalqaro aviatsiya huquqida bu masalaga yechim belgilangan. Shunday ekan, samolyotga chiqar ekansiz, kerakli huquqiy ma'lumotga ega bo‘lish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Yuk yo‘qolsa, kim topib beradi?

«Uzbekistan Airways» kompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, aeroportga uchib kelib, bagaj olinadigan joyda o‘z yukini topa olmagan yo‘lovchi «Lost & Found» bo‘limiga murojaat qilishi lozim.

Bu yerda murojaatchi uchun dalolatnoma tuziladi (xalqaro tilda «Property Irregularity Report» deb yuritiladi) va xalqaro World Tracer tizimiga qidiruv haqida ma'lumot kiritiladi.

Agar yuk 21 kun ichida topilmasa, yo‘lovchi yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha aviatashuvchi nomiga rasmiy da'vo arizasi berish zarur.

Xalqaro qonunchilikka muvofiq, 1 kg yuk uchun kamida 20 dollar kompensatsiya to‘lanadi.

Bu kabi holatlarda yo‘lovchilarning yuklariga javobgarlik aviakompaniyaning normativ hujjatlari, xalqaro hujjatlar (Varshava hujjatlar tizimi) va O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksiga asoslanib tartibga solinadi.

Har yili qancha yuk manzilidan adashadi?

Aeroport industriyasidagi Xalqaro informatsion texnologiya kompaniyasi –SITA ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilda manzilidan adashgan va yo‘qolgan yuklar foizi oxirgi 3 yilda 5,7 foizga kamaygan.

Masalan, 2018 yilda dunyo bo‘yicha har ming kishiga 5,69ta shunday yuk to‘g‘ri keladi va bu 2017 yildagiga nisbatan 2,2 foizga kamroq degani.

Texnologiyalarni joriy etish bilan aeroportlar ham bunday anglashilmovchiliklarni nisbatan kamaytirishga erishmoqda.

Jahon aeroportlarida yuk kechiksa, nima qilish zarur?

Smartertravel.com nashri bu borada bir qancha maslahatlarni sanab o‘tadi. Agar yuk lentasida sizga tegishli chemodan bo‘lmasa, vahimaga tushmasdan vaziyatni real baholash va darhol yuk tashish bilan bog‘liq bo‘limga uchrashish zarur.

Bunday holatlarda aeroportni tark etmasdanoq ariza bilan murojaat qilish samarali bo‘ladi.

Ayrim aviakompaniyalar yuk yo‘qolganini sezgan yo‘lovchidan yetib kelgandan keyin 4 soat ichida ariza bilan murojaat qilishni talab etadi. Aksariyat tashuvchilarga esa 24 soat ichida ariza bilan chiqish mumkin.

Agar sizga tegishli yuk keyingi reysda kelayotgan bo‘lsa, bir necha soatda, agar boshqa aeroportga jo‘natib yuborilgan bo‘lsa, uni bir necha kunda qaytib qo‘lingizga olasiz.

5 kundan 30 kungacha

Odatda yuk 5 kun ichida topilmasa, demak u yo‘qolgan degan taxmin haqiqatga yaqinlashadi.

5 kundan 30 kungacha «yo‘qolgan» degan so‘z uchun ma'lum ma'noda kurashilsa-da, natija o‘xshamasa, yuk rasman yo‘qolgan deb qayd etiladi.

Misol uchun, AQShda ichki qatnovlarda bir yo‘lovchiga 3,500 dollargacha, xalqaro qatnovlarda esa Varshava, Monreal konvensiyalariga muvofiq ravishda kompensatsiya to‘lanadi.

Agar yuklar zararlangan bo‘lsa...

Agar yuk lentasida chemodaningiz qolib ketgan bo‘lsa, uning zararlanmaganini darhol tekshirish zarur. Zarar bo‘lsa, bu haqida kerakli ma'lumotni taqdim etish kerak bo‘ladi.

Qisqasi, yuk bilan bog‘liq holatlarda u yo‘qoladigan bo‘lsa, o‘zingizni qanday tutishni yaxshilab o‘rganib olish juda asqotishi mumkin. Chunki faqat O‘zbekistonda emas, kutilmagan va yoqimsiz bu holat dunyoning boshqa bir yerida ham siz bilan sodir bo‘lishi mumkin.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Mavzuga oid