Jahon | 19:29 / 09.02.2020
10504
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabda «Qirol sher» filmi namoyish etilgani uchun Disney yuristlari pul talab qildi. Kompaniya rahbari uzr so‘rab chiqdi

Movie Licensing USA firmasi yuristlari 2019 yil noyabrda maktabdagi xayriya tadbirida «Qirol sher» multfilmining kinotalqini namoyish etilgani uchun 250 dollar jarima to‘lanishini talab qilgan.

Disney rahbari Bob Ayger / Foto: Getty Images

Disney kompaniyasi rahbari Bob Ayger 7 fevral kuni kompaniya yuristlari «Qirol sher» filmi namoyish etilgani uchun 250 dollar to‘lanishini talab qilgan Berkli shahridagi Emerson maktabidan uzr so‘radi.

«Kompaniyamiz Emerson boshlang‘ich maktabidan uzr so‘raydi, ularning mablag‘ yig‘ish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun shaxsan o‘zim xayriya puli ajrataman», — dedi Ayger.

Ma'lum bo‘lishicha, Movie Licensing USA firmasi yuristlari 2019 yil noyabrda maktabdagi xayriya tadbirida «Qirol sher» multfilmining kinotalqini namoyish etilgani uchun 250 dollar jarima to‘lanishini talab qilgan. Film yozilgan diskni o‘quvchilardan biri uyidan olib kelgan. Xayriya tadbiriga chipta narxi 15 dollar bo‘lib, jami 800 dollar mablag‘ yig‘ilgan, deb xabar bermoqda CNN. Ushbu tadbir Kaliforniyada mulk solig‘i stavkalari o‘zgarganidan keyin maktablarni moliyalashtirish qisqargani sababli maktabga pul to‘plash maqsadida o‘tkazilgan.

Yanvar oxirida maktab Movie Licensing USA yuristlaridan «Qirol sher» filmi ko‘ngilochar maqsadda namoyish etilgani, buning uchun narxi 250 dollar turadigan maxsus litsenziya talab qilinishi to‘g‘risida maktub oldi.

«Film xususiy uydan tashqarida namoyish etilganida yuridik ruxsatnoma kerak bo‘ladi, chunki bu ommaviy namoyish hisoblanadi», — deyilgandi maktubda.

Yuristlar maktabda o‘tkazilgan tadbir haqida qanday qilib xabardor bo‘lishgani noma'lumligicha qolmoqda.

Tadbir tashkilotchilari jarima to‘lashga tayyorligini bildirdi, ammo o‘quvchilardan birining onasi va shahar kengashi a'zosi bo‘lgan Berkli Lori Dorst vaziyat to‘g‘risida Twitter orqali ma'lum qildi. 

«Ularning yuristi bu maktubni yozish uchun 250 dollardan ko‘proq pul olsa kerak», — deb yozdi u.

Natijada Disney rahbari Robert Ayger Twitter orqali jamoatchilikdan uzr so‘radi. U yuridik firma film namoyishi haqida kimdan bilgani va rahbariyatning jarima to‘g‘risidagi maktubga aloqadormi-yo‘qligiga aniqlik kiritmadi.

Mavzuga oid