Jahon | 15:44 / 09.02.2020
25877
3 daqiqa o‘qiladi

Turklarning harbiy kolonnasi Idlibga kirdi

Rasmiy Anqara Suriya hududiga maxsus topshiriqli harbiy bo‘linmalarini ham yuborgan.

Foto: Sky News Arabia

Turkiya armiyasining tanklar, zirhli texnikalar va o‘q-dori ortilgan mashinalaridan iborat harbiy konvoy Suriya bilan chegarani kesib o‘tib, Idlib viloyati hududiga kirdi. Bu haqda Sky News Arabia telekanali xabar tarqatdi.

Manba ma'lumotida aytilishicha, turklarning yana bir harbiy karvoni 9 fevralga o‘tar kechasi chegarani kesib o‘tib, Idlibdagi Bob-al-Xava punktiga kirgandi. Anadolu agentligi ma'lumotiga ko‘ra, kolonnada jami 300ta harbiy texnika bor. Shuningdek, maxsus topshiriqli harbiy bo‘linmalar ham chegaradan o‘tgan.

O‘z navbatida, Idlib va Halabda joylashgan Suriya muxolifati vakillari o‘z oila a'zolarini Turkiya bilan chegaradosh hududdagi Afrin shahri tomonga olib ketmoqda.

Shanba kuni Anqarada RF va Turkiya hukumatlari o‘rtasida muzokara o‘tkazilgan, unda Idlibdagi keskinlashayotgan vaziyat muhokama qilingandi.

Turkiya va Rossiya tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Sedat O‘nal va Sergey Vershinin boshchiligidagi delegatsiyalar o‘rtasidagi muzokaralar uch soatga yaqin davom etgan. Turkiya tomoni Sochi kelishuvi doirasida Idlib deeskalatsiya hududi chegaralari saqlanib qolishini va ushbu hududdan fevral oxirigacha Suriya qo‘shinlari olib chiqib ketilishini talab qilgan.

Shuningdek, Anqara deeskalatsiya hududidagi kuzatuv punktlariga Suriya qo‘shinlari tomonidan uyushtiriladigan har qanday hujumga javob qaytarishini bildirgan.

2017 yil may oyida Ostona shahrida (hozirgi Nur-Sulton) Rossiya, Eron va Turkiya vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralarda Suriyada to‘rtta deeskalatsiya hududi tashkil etilgan. 2018 yilda uchta hudud Damashq nazorati ostiga o‘tgan. Idlib viloyatida joylashgan to‘rtinchi hudud Suriya hukumati nazoratidan tashqarida bo‘lib, uning katta qismi turklarning ittifoqchisi sanaladigan «Jabhat an-Nusra» tashkiloti tomonidan nazorat qilinadi. 2018 yil sentyabrda Rossiya va Turkiya Sochida o‘tkazilgan muzokaralarda Idlibda demilitarizatsiyalashgan hudud tashkil etishga kelishib olgandi.

Rossiya TIV ma'lumotiga ko‘ra, rossiyalik va turkiyalik harbiylar hududda tinchlik o‘rnatish uchun harakat qilmoqda, ammo hududdagi ayirmachilar bunga xalal bermoqda.

Yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshida qurolli harakatlar davom etishi oqibatida rossiyalik va turkiyalik harbiylar halok bo‘lishgandi.

2020 yilning 26 yanvarida Suriya Arab Respublikasi armiyasi Halab sharqiga bu hududdagi jangarilar tomonidan shaharga doimiy ravishda zarbalar berib kelinayotgani oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘layotganini ro‘kach qilib hujum boshladi. Bashar Asad kuchlari 5 fevral kuni Idlib yaqinidagi Sarakib shahrini egallab oldi.

Mavzuga oid