O‘zbekiston | 16:05 / 11.02.2020
51171
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev yangi lavozimga tayinlandi

Muhiddin Jo‘rayev Qo‘qon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Muhiddin O‘tkirovich Jo‘rayev Qo‘qon shahar IIO FMBda o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi rahbar sifatida tanishtirildi.

Qo‘qon shahar hokimligi xabarida aytilishicha, yig‘ilish Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan.

Polkovnik Muhiddin Jo‘rayev 2014-2016 yillarda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIB boshlig‘i, 2016-2018 yillarda Sirdaryo viloyat IIB boshlig‘i, 2018-2019 yillarda ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, 2019 yil iyulida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimini egallagan.

Eslatib o‘tamiz, u 2019 yilning noyabr oyi oxirlarida prezident qarori bilan ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi. 

Bundan oldin, Doniyor Toshxo‘jayev Farg‘ona viloyati IIBga boshliq etib tayinlangani xabar berilgandi.

Mavzuga oid