Iqtisodiyot | 11:26 / 12.02.2020
4304
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi obektlarni loyihalashtiruvchi yirik qo‘shma korxonani taqdim etdi

Bu qo‘shma korxona Energetika vazirligi va «O‘zenergoinjiniring» aksiyadorlik kompaniyasi bilan Assystem Engineering and Operation Services S.A.S tomonidan tashkil etilgan. Fransiyaning bu korxonasi xalqaro faoliyat olib boradi va atom energetikasi bo‘yicha ham katta tajribaga ega.

11 fevral kuni barcha turdagi elektr tarmoqlari va energiya obektlarini loyihalashtiradigan «Uzenergoengineering–Assystem» O‘zbekiston–Fransiya qo‘shma korxonasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma korxonani tashkil etish to‘g‘risidagi bitim 2019 yil

24 sentabr kuni O‘zbekiston Energetika vazirligida Assystem vakillari bilan uchrashuvda imzolangan. 2019 yil 17 oktyabrda «Uzenergoengineering – Assystem» MChJ QK ro‘yxatiga olingan.

Bu qo‘shma korxonaga kiritilgan sarmoyalar bir qator vazifalarga qaratilgan:

- O‘zbekistonda va undan tashqarida elektr energiyasini uzatish va taqsimlash loyihalari;

- infratuzilma ishlari, shu jumladan elektr va atom energiyasini ishlab chiqarish;

- O‘zbekistondagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan boshqa faoliyat turlari.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev qo‘shma korxona haqida shunday fikr bildirdi:

– Eng muhimi, 46 ishchi o‘rni yaratiladigan bu qo‘shma korxonada asosan o‘zimizning mutaxassislar – muhandislar, loyiha menejyerlari va boshqa zarur sohalarga endi diplom olgan yoshlar ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Soha innovatsion, maoshlari baland, shu bilan birga yoshlarimiz har yili Assystem Engineering kompaniyasining dunyoning turli davlatlarida faoliyat yuritayotgan obektlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.  

Mavzuga oid