O‘zbekiston | 11:59 / 14.02.2020
42264
22 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbek matematika maktabi ikki narsani boy berdi» – professor O‘tkir Roziqov bilan suhbat

«Dissertatsiya mavzusini o‘qishning birinchi kunidan tayinlab qo‘yib, tadqiqotchining erkin ijodini chegaralab qo‘ydik. Bu – tug‘ilmagan chaqaloqqa o‘g‘il-qizligini bilmasdan ism qo‘yishga o‘xshaydi».

Foto: KUN.UZ

O‘tkir Roziqov – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktorining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. U, shuningdek, 2018 yilda Butunjahon Fanlar akademiyasi (TWAS) akademikligiga saylangan.

Olim bilan suhbatimiz ilm-fan, ta'limi, ilmiy tadqiqotlar va matematik tafakkurning inson hayotiga ta'siri mavzulari atrofida kechdi. Suhbatdoshimiz sohadagi muammoli masalalarni sanab, ularga o‘z yechimlarini taklif qildi.

«Uch muammo»

— Bugungi kunda ilm-fan rivojiga e'tibor qaratish davlat rivoji uchun qanchalik dolzarb bo‘lib turibdi, fikringizni aytsangiz?

— Inson paydo bo‘lganidan buyon uchta asosiy muammoni hal qilish bilan ovora: oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-joy («uch muammo»). Bu muammolar dinamik xarakterga ega, ya'ni vaqt o‘tishi va odamlar soni oshishi «uch muammo»ning yangi holatlariga olib keladi va yangicha hal qilinishini talab qiladi. Yangicha hal qilish esa olimlar uchun ma'suliyatdir.

Masalan, oziq-ovqat muammosining zamonaviy ko‘rinishi butunlay o‘zgacha. Bugun biokimyoviy yo‘llar bilan oziq-ovqatlar yaratish avj olgan. Zamonaviy uy-joy qurilishida bugungi kunda g‘isht ishlatilmay qoldi. Katta miqdordagi energiya talab qiladigan qurilish usullarining o‘rnini ancha arzon va yengil qurilish usullari egallamoqda.

Bu kabi shiddat bilan bo‘layotgan o‘zgarishlarga O‘zbekiston faqat iste'molchi sifatida qarab turishi mumkin emas. Chunki tayyor mahsulotni sotib olish davlat uchun ancha qimmat bo‘ladi. Demak, davlatimiz yuqorida keltirilgan «uch muammo»ning zamonaviy usullarini topishda bevosita ishtirok etishi lozim.

Shu sababli prezidentimizning yanvar oyidagi Oliy Majlisga murojaatida «uch muammo»ning zamonaviy yechimlari asosini tashkil qiluvchi fanlar: matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi ta'kidlandi.

«Uch muammo» dinamikligi sababli doimo ilm-fan rivojiga e'tibor qaratish butun dunyo rivojlanishi uchun dolzarb bo‘lgan va dolzarb bo‘lib qoladi.

— Ma'lumki, matematika O‘zbekistonda ilg‘or fanlardan biri hisoblanadi. Buni yanada kuchaytirish zaruratini qanday baholaysiz?

— Albatta, O‘zbekistonda matematika fani rivojlangan, biz bu fanni jahon standartlari doirasida saqlashga doim harakat qilmoqdamiz. Dunyoda matematika sohasida bo‘layotgan yangiliklarni o‘qib tushunishga va ularga munosib hissa qo‘shishga bizda ilmiy salohiyat yetarli. Ayniqsa, bu maqsadlarni amalga oshirish uchun safimizda yosh matematiklarning ko‘pligi va ular soni yanada oshib borayotgani madad bo‘lmoqda.  

Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda matematika fani bugungi kunda erishgan yutuqlari bilan chegaralanib qola olmasligimiz ravshan. Ayniqsa, O‘zbekiston uchun matematikani yanada kuchaytirish zaruriyati juda yuqori. Har bir soha rivojining asosida, albatta, matematika bo‘ladi.

Mashhur faylasuf I.Kant aytganidek, «Har bir ilmda qancha ko‘p matematika bo‘lsa, shuncha ko‘p haqiqat bor». Shu gapni har bir yurtdoshimizga qarata shunday talqin qilmoqchiman: «Turmushingizda har bir qadamingiz qanchalik matematikaga asoslangan bo‘lsa, shunchalik muvaffaqiyat qozonasiz».

Aytmoqchimanki, insoniyat shiddat bilan o‘zgarayotgan bu zamonda o‘z kelajagini matematik asoslab qurishi zarur. Buni bir misolda oydinlashtirmoqchiman. Oldingi asrda atom bombani yaratib, endi undan qutilishga ojiz bo‘lsak-da, bugungi kunda undan ham xavfli, chegara bilmas muammolar bor. Masalan – kibertahdid, axborot xavfsizligi, virus tarqalishi xavfi (jumladan, bugungi kundagi Xitoydagi koronavirus) va hokazolar.

Bu zamonaviy muammolarni yechishda informatsion texnologiyalar, dasturlash, matematik modellashtirish va kimyo-biologiya kabi sohalarni rivojlantirish juda muhim. Bu sohalarning asosi esa, albatta, matematika!

— Matematika qaysi sohalar uchun lokomotiv vazifasini bajaradi?

— Matematika lokomotiv bo‘ladigan sohalarni sanab tugatolmasam kerak. Masalan, kompyuter texnologiyasi, dasturlash, kriptografiya, iqtisodiyot, fizika, nazariy mexanika, kimyo, mashinasozlik, optimal boshqaruv va hokazo va yana bir bor va hokazo.

Ikki asosiy yo‘qotish

— Prezident o‘z nutqida bir paytlar matematika ilmiy maktabi bo‘lganini ta'kidladilar. O‘tgan davrda matematika ilmi va maktablari nimalarni boy berdi?

— Matematika ilmiy maktablari bizda o‘tgan asrning birinchi yarmidan shakllana boshlagan va bugungi kungacha kengayishi va rivojlanishi uchun ustozlarimiz doim harakat qilishmoqda. Matematika fani chegara bilmaydi, ya'ni bizning olgan natijalarimiz faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun dunyo uchun yangilik bo‘lishi lozim. Shuning uchun bizning faoliyatimizga dunyo miqyosida baho beriladi va biz xorijlik matematiklar e'tiborini qozonishimiz shart.

O‘zbek matematiklaridan 2 nafari – Butunjahon fanlar akademiyasi akademigi va 5 nafari – TWAS’ning yosh olimlar bo‘limi a'zosi. Bizning olimlarimiz chet el olimlari tomonidan e'tirof etilmoqda. Masalan, mening bir maqolamga chet elning nufuzli jurnali keltirgan taqrizda: «...one of the authors is a well-known expert [23]», ya'ni «juda taniqli ekspert...» deb e'tirof etilgan.

Bunday e'tiroflar o‘zbek matematiklarining ko‘pi uchun aytilgan. Aytmoqchimanki, bugungi kunda ham, ustoz akademiklarimiz va matematiklarning fidoyiligi natijasida, o‘zbekistonlik matematiklarning ilmiy maktablari o‘z mavqeyini xalqaro darajada saqlab kelmoqda.

Endi «nimalarni boy berdi?» degan savolingizga qaytsak. Ikki narsani boy berdik. Birinchisi – yetuk matematik mutaxassislar tayyorlash imkoni.  Ikkinchisi esa, vaqt. Har biriga izoh bermoqchiman:

Yetuk matematiklar tayyorlash imkoni. Ilmda zamonaviy matematika, shuningdek, ming yillardan buyon yechimini kutib turgan muammolarimiz juda ko‘p. Ularni yechish uchun biz yetuk matematik kadrlarni muntazam tayyorlashimiz kerak. Bu kadrlarni oliy ta'lim muassasalarini bitirgan yoshlar orasidan olib tayyorlaymiz.

Afsuski, OTM bitiruvchilarining ko‘pchiligi 3 bahoga arzigulik bilim bilan bizga kelar edi. Chunki maktab va OTMlardagi ta'lim sifati tushib ketgandi va OTMga o‘qishga kirish jarayonlaridagi nohaqliklar sababli ularni bitirgan yoshlar ichidan yetuk matematiklar tayyorlash imkonini yo‘qotdik.

Bu bilan butunlay yetuk mutaxassis yoshlar yo‘q, demoqchimasman. Salohiyatli yoshlarimiz ham bor. Bugun O‘zbekistonda ilmiy darajali matematiklar soni taxminan 500 nafar, lekin ularning soni prezidentimiz aytganlaridek, 5000 nafar bo‘lishi kerak edi.

Vaqt. Mendan ko‘p so‘rashadi: dunyoda matematika bo‘yicha eng mashhur markaz qayerda? Bu, shubhasiz, Fransiyaning Byur-syur-Ivett (Parijdan 23 km uzoqlikdagi kichkina shaharcha) shahridagi «Oliy ilmiy izlanishlar instituti» (IHES) hisoblanadi.

Institut saytini ochganingizda shunday jumlaga ko‘zingiz tushadi: «A total freedom of research for outstanding researchers», ya'ni «Yetuk olimlar ilmiy faoliyatiga to‘la erkinlik».

Ijod qiluvchilarga erkin ishlash sharoitini yaratib bergan bu institut muvaffaqiyatlari anchagina. Jumladan, bu institut xodimlari tarkibida 7 (yetti) ta Filds medali (Fields Medal) va Shao mukofoti (The Shaw Prize – taxminan 1 mln. dollar) sohiblari ham bor. Ularning bu yutuqlaridan xulosa shuki, olim ilmiy natijalarga erishishida unga erkin ijod qilish sharoitini yaratish ulkan samara beradi.

Bu institut har yili dunyodagi taniqli olimlardan taxminan 200 nafarini taklif qilib, o‘z professorlari bilan hamkorlik sharoitlarini yaratib beradi. Men bu institutga 3 marta borganman.

Safarlarimning 1 oyida bajargan ishimni Toshkentda 6 oyda ham qilolmaganman. Nega? Chunki maoshimiz yetmasdi, sharoitlar (internet, adabiyotlar yetarli emas edi), qog‘ozbozliklar ko‘p edi.

25 yoshimda fan nomzodi va 30 yoshimda fan doktori ilmiy darajasini olganimga qaramay, tirikchiligim repetitorlik orqasidan edi. Miyam tinch emasdi, uning ijod vaqti boshqa narsalarga sarflanar edi. Qisqasi, IHES`dagi sharoit — ijod qilish erkinligi menda yo‘q edi. Ya'ni ijodning juda ko‘p vaqtini boy berdik.

«Olimlarni qattiq nazorat qilish foydasiz»

— Bu boy berilgan imkoniyatlar o‘rnini qanday to‘ldirish mumkin?

— Quvonarlisi shuki, bugun maoshlarimiz 3 barobarga oshdi, Matematika instituti uchun yangi, zamonaviy, innovatsion bino qurildi. Bugun hamma narsamiz bor! Endi erkin ijod qilib, natija ko‘rsatishimiz lozim.

Xo‘sh, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishning chora-tadbirlari qanday? Uning rejasi qanaqa bo‘ladi? Yoki olimlardan «Ilmiy ishlash kalendar rejasi va kutilayotgan natijalar» jadvalini olib, ularning har qadamini qattiq nazorat (chorak hisoboti, prezentatsiyalar...) qilib ishlatish bilan vazifa bajariladimi?

Aslo! Chunki bu chora o‘zini oqlamaganini oxirgi 30 yillik faoliyatimiz ko‘rsatdi.

Bu – olimning vaqtini o‘g‘irlab, ijoddan muntazam chalg‘itdi, xolos.

Matematiklardan 1 yildan keyingi kutilayotgan natijalarini rejasiga kiritishni so‘radik. Ular esa taxminan yozib berishdi. Chunki, ayniqsa, matematika sohasida, olim kutilayotgan natijani bugun bilsa, u holda olayotgan natijasi yil oxiriga borib yangilik bo‘lmaydi-ku!

Aspirant va doktorantlarimizga ham nazoratni kuchaytirib vaqtini o‘g‘irlab qo‘ydik. Har gal yoshlarimiz ilmiy ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbiri sifatida ularni kuchliroq nazorat qilish va yangi «20ta» jadval o‘ylab topishdan boshqa chora ko‘rsatolmadik.

Dissertatsiya mavzusini o‘qishning birinchi kunidan tayinlab qo‘yib, uning erkin ijodini chegaralab qo‘ydik. Bu tug‘ilmagan chaqaloqqa o‘g‘il-qizligini bilmasdan ism qo‘yishga o‘xshaydi.

Qolaversa, dissertatsiya mavzusini OAK byulletennida (tekin emas!) chop ettirib, har safar yangisiga almashtirilganda OAKga xabar qilish va yangilash shartini qo‘ydik. Ya'ni tug‘ilmagan chaqaloqning hujjatini ham tayyorlab qo‘ydik.

Ilmiy darajalar berish tartibini o‘zgartirishlar natijasida qancha olimning vaqtini va davlat resurslarini yo‘qotdik.

Bugun esa olimlar uchun hamma sharoitlar bor! Lekin nega chet eldagi ba'zi vatandoshlarimiz qaytishga shoshilmayapti? Ular vatanparvar emas, deyishga shoshilmang. Chunki, bir vaqtlar bizning OTMlarimizdan birida kafedra mudiri bo‘lib, «jadvallarga ko‘milib» yurgan, hozirda chet elda ishlayotgan bir olimning gapi menga juda ta'sir qildi:

«Daromadimning hammasini xarajat qilaman, chunki bu yerlarda yashash qimmat. Hech narsa orttirmayman. Lekin ilmiy ish qilishga miyam tinch, erkin ijod qilaman».

Demak, vatandoshlarimiz chet elda o‘z yurtimizda topayotgan daromadidan ko‘proq daromad topolmayotgan bo‘lsa-da, ilmiy ish qilishga bo‘lgan muhit ularni chet elda qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Aslida ijod erkinligi bilan ta'lim erkinligi juda bog‘liq. Bunday faoliyat to‘sqinlik qiladigan va o‘qituvchini erkin ijodidan bezdiradigan sun'iy talablarga bir hayotiy misol keltirmoqchiman. Respublika OTMlaridan biridagi bir iqtidorli, chet elda himoya qilgan matematik olim matematikadan to‘garak tashkil qilib, talabalarga (tekinga!) dars o‘tib yurgan.

OTM rahbariyati to‘garakning dars rejasi, vaqti, maqsadi, qatnashuvchilar ro‘yxati kabi ma'lumotlarni tayyorlab berishni talab qilgan. Shundan so‘ng o‘qituvchi hatto «Yo‘q, menda to‘garak yo‘q», deyishga majbur bo‘lgan. Nega? Chunki tekinga qilayotgan faoliyati uchun rahmat eshitish va ishonch bildirish o‘rniga, yana jadvallarga ko‘milib, o‘ylaganidan ko‘proq vaqti behuda ketishini tushungan, uni rasmiylashtirishdan qo‘rqqan.

Atigi 4 bet qog‘oz qilib qo‘ysa, yuqoridan so‘rovchilarga isbotlashga kerak-da dersiz. Lekin hurmatli tekshiruvchilarga bir haqiqatni aytay, qaysi OTM yoki ilmiy tadqiqot tashkilotida hamma qog‘oz-hujjat joyida bo‘lsa, u joyda «ish bo‘lmagan», ish bo‘lmaganini qog‘ozni joyida qilib yashirgan.

Boyagi o‘qituvchi to‘garakni qog‘ozini qilib qo‘yib, o‘zi umuman dars o‘tmaganida ham tekshiruvchilar 100 foiz ish bajarilgan degan bo‘lardi.

Ikkinchi misol bundan-da ayanchli: bir professorning roziligini olmasdan, allaqanday komissiyaga a'zo qilib qo‘yilgan. Bundan professorning o‘zi xabari ham bo‘lmagan. Uni komissiyaning birinchi majlisiga taklif qilishganda, professor men ertaga ilmiy safar bilan chet elga ketaman, deb javob bergan. O‘rningizga boshqa odamni komissiyaga beringlar, shaxsan o‘zingiz uni bugun olib kelib, mening o‘rnimda bu kishi qatnashadi, deb keting, deya topshiriq berilgan.

Bunday topshiriq bilan professorning vaqti behuda sarflanishiga ko‘z yumilmoqda. Professorning roziligi va komissiyada munosib a'zo sifatida faoliyat yuritishini hisobga olmasdan komissiyaga qo‘shish esa tegishli tashkilotlarning ishni noto‘g‘ri tashkil qilishiga bir misoldir.

Demak, bugungi olimlar oldiga qo‘yilayotgan topshiriqlarni samarali bajarilishi uchun olimlarning ilmiy salohiyati va imkoniyatiga mos ishlargagina jalb qilish maqsadga muvofiq.

Ijod erkinligi berish chorasi bizda to‘laligicha ishlamaydi, shu bilan birga, olimlarimizga ijod erkinligini berib, ularning faoliyatini nazorat qilishdan butunlay voz kechishga ham tayyor emasmiz. Nega? Chunki olimlarimiz orasida, haqiqiy bahosi 3 bo‘lganlari ham juda ko‘p. Ular bilan prezident bizdan yil oxirida kutgan natijaga erishish mushkul, albatta.

Lekin olimlar safiga adashib kirgan va adashganligini tan olmayotganlarning hammasini ishdan haydash chorasi ham masalaga yechim emas.

Shu o‘rinda, ayniqsa matematiklarga xos bir haqiqatni tan olaylik: agar ijodkor olimning «teorema isbotlash» qobiliyati bo‘lmasa, uni hech qanday kuchli nazorat bilan «teoremani isbotlash»ga majbur qilolmaymiz. Ular o‘zi uyalib, qo‘lidan keladigan ishga o‘tib ketishga undaydigan chora-tadbir kerak.

Matematiklar uchun (balki boshqa soha odamlari uchun bu taklif o‘rinli bo‘lmas), ijodiy erkinlik chorasini (nazoratdan butunlay voz kechmasdan) quyidagicha mahalliylashtirish mumkin:

·                   Ilmiy xodimlar ishi samaradorligi nazoratini institut rahbarlariga to‘la ishonish kerak. Masalan, institut xodimi chet el grantini olib (O‘zbekiston puli bilan emas) safarga bormoqchi bo‘lsa, unga ruxsat berishni institut rahbarining o‘zi hal qilishi lozim.

·                   Har bir matematik ilmiy xodim bir yilda kamida 2ta maqolasini chet el nufuzli jurnallarida chop etsin. Bu talabni olim qanday bajarishni o‘zi hal qilsin (xohlasa ish reja qilsin, xohlasa «ketmon chopsin»). Lekin yil oxirida kamida 2ta maqola chiqargani haqida hisobot bersin. (Masalan, mening chet eldagi birinchi maqolam 1997 yil chiqqan, bugungi kunda ular soni 135ta, ya'ni 22 yildan buyon bir yilda o‘rtacha 6ta maqolani chet elning nufuzli jurnallarida chop etiraman).

·                   Matematik olim ta'lim sohasidagi ishini prezidentimiz qo‘ygan vazifalarni bajarilishiga qaratsin.

·                   Har bir fan doktori bir yilda kamida bitta PhD (yoki fan doktori) shogirdini himoya qildirsin. (Masalan, mening ilmiy rahbarligimda 12 aspirantning 11 nafari hamda 3 doktorant ilmiy ishini himoya qildi).

·                   Olimdan ish faoliyati haqidagi hisoboti yilda faqat 1 marta, yil oxirida olinsin. Yuqoridagi talablarni bajarmagan olimlar qo‘lidan keladigan boshqa sohaga (o‘z xohishi bilan) o‘tsin.

·                   Tayanch doktorant va doktorantlarning faoliyati nazoratini ilmiy rahbarga to‘liq ishonish lozim. Ishni qanday tashkil qilishni ilmiy rahbarning o‘zi hal qilsin. Ilmiy rahbarga faqat bitta shart: olgan doktorantini o‘z muddatida himoya bilan tugatish vazifasi yuklatilsin. Agar shogirdi o‘z muddatida himoya qilmasa, bunday ilmiy rahbar va shogirdi davlat ularga sarflagan pulni belgilangan foizlar qo‘shib davlatga qaytarishi belgilansin. Shu orqali bugun amalda bo‘lgan «bir vaqtda ko‘pi bilan 3tagacha doktorantga ilmiy rahbarlik qilish mumkin» degan shartni bekor qilish lozim.

Menimcha, yuqorida aytilgan choralar olimlar oldiga qo‘yilgan vazifalarni tezroq bajarishga, olimlarni nazorat qilishga bugungi kunda ajratilayotgan mablag‘lar, resurslar va shtatlarni keskin qisqartirilishiga, nazorat qilishga mas'ul bo‘lgan shtatlarning o‘ylab topayotgan har xil jadvallari va hisobotlarini keskin kamaytirilishiga, natijada esa olimlar ish samaradorligi oshirilishiga hamda davlatning bizga ajratayotgan pulining behuda sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.

— Matematika ta'limi, darsliklar holati qanday, kamchiliklar qanday bartaraf etiladi?

— Biz maktabda o‘qigan paytlarda darsliklar yillar davomida o‘zgarmas edi. Akalarim, men va uka-singillarim ham bitta darslikdan o‘qigan edik. Balki, o‘sha paytlar bu darsliklar juda mukammal yozilgani bunga sabab bo‘lgandir.

Matematika fani boshlang‘ich asoslarini o‘rgatuvchi mavzular 100 yillab o‘zgarmasligini hisobga olganda, bu mukammal darsliklarni yangi variantini yozish zaruriyati yo‘q edi.

Masalan, Sh.A.Alimov va boshqalarning «Algebra va analiz asoslari» darsligi, hamda A. Pogorelovning «Geometriya» kitobi juda mukammal yozilgan. Shunday bo‘lsada, negadir matematika fani bo‘yicha darsliklarni muntazam o‘zgartirishdi. Yangi darsliklar mazmuni va sifati biz o‘qigan darsliklardan ko‘ra o‘zgargani bugungi kunda sir emas.

Quvonarlisi shundaki, darsliklar sifati va bugungi kundagi ta'lim dasturlari qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Biz ishni boshladik, Xalq ta'limi vazirligidan hozirgi o‘qitilayotgan darsliklar va dasturlarni so‘radik. Maqsadimiz – ularni tanqidiy tahlil qilish va yangi yoziladigan darsliklar haqidagi aniq takliflar ishlab chiqish.

Xalq ta'limi tizimida darsliklardan ko‘ra qiyinroq muammo borki, bu — kadrlar. Matematikani o‘quvchilarga chuqur o‘rgatadigan o‘qituvchilar yetarli emas. Darsliklar bilan chegaralanib qolgan o‘qituvchilar juda ko‘p. O‘qituvchi dars o‘tishda ijodiy yondoshishi, har bir matematik mavzuni hayotiy muammolar bilan bog‘lab o‘tishi, darslikdagi mavzuni sinfdagi o‘quvchilar o‘zlashtirish xususiyatini baholagan holda sinfga mos bayon qilishi zarur.

Mavzuning darslikdagi bayoni har bir sinfga mos ravishda «mahalliylashtirilishi» kerak. Masalan, a'lochi va matematik qobiliyatli o‘quvchilari ko‘p sinflarga mavzuning darslikdagi bayoni kamlik qilishi, aksincha kuchsizroq sinflarda darslik bayoni qiyinlik qilishi mumkin. Bunda o‘qituvchi mahorati zarur bo‘ladi.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Mavzuga oid