Sport | 17:22 / 18.02.2020
58007
14 daqiqa o‘qiladi

Maksim Shatskix – APLdan takliflar, uchta orzusi va xayrlashuv o‘yinidan qolgan armoni haqida

Zamonaviy o‘zbek futbolining eng mashhur va afsonaviy hujumchilaridan biri – Maksim Shatskix desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kiyevning «Dinamo» klubi safida nafaqat Ukraina, balki Yevropada ham nom qozongan, O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgan hamyurtimiz hozirda murabbiylik faoliyatini boshlagan.

Biz Maksim bilan Kiyevda uchrashib, Kun.uz va Tribuna.uz o‘quvchilari uchun maxsus intervyu tashkil etdik.

Sobiq hujumchi Yevropa futbolidagi karerasi, O‘zbekiston milliy jamoasi va o‘zbek futbolining hozirgi holati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Futboldagi dastlabki qadamlaringizni qanday tashlagansiz. Birinchi murabbiyingiz, birinchi jamoa va ilk yutuqlaringiz haqida gapirib bersangiz.

– Sizlarni Ukraina poytaxti Kiyevda ko‘rib turganimdan xursandman. Futboldagi dastlabki qadamlarim an'anaviy tarzda ko‘chadan boshlangan. Sportchilar oilasida tug‘ilganim uchun kelajakda sportchi bo‘lishim aniq edi.

Birinchi sinfdan «Paxtakor»ning bolalar va o‘smirlar sport maktabiga (BO‘SM) qabul qilinganman. Birinchi murabbiyim – Sergey Mixaylovich Kovalyov. BO‘SMni tugatgach, «YuTKO» klubi bilan ikkinchi ligada (Toshkent shahar chempionatida – tahr.) o‘ynaganmiz va yakunda g‘alaba qozonganmiz. Shundan so‘ng, Rossiyaga ketganman.

Yosh Maksim Mirjalol Qosimovdan mukofotni qabul qilib olmoqda

– Siz faoliyatingiz boshidan hujumchi bo‘lmagansiz, to‘g‘rimi?

– Har doim hujumchi bo‘lganman... Ammo... bolalar va o‘smirlar sport maktabida meni markaziy himoyachi nuqtasida ham o‘ynatishgan, chunki tezligim yuqori bo‘lgan (kuladi).

So‘nggi himoyachi bo‘lib ham o‘ynaganman. Avval «tozalovchi» himoyachilar bo‘lardi, shu nuqtada ham mendan foydalanishgan. Chunki mendan hech kim qochib ketolmasdi (kuladi). Quvib yetib, xavfni bartaraf qilardim – bolalikda bu menga yoqardi.

Professional faoliyatingizning boshida (1996-1999 yillarda) siz Rossiyaning quyi ligalari vakillari «Sokol», «Torpedo» (Voljskiy), «Lada-Tolyatti», «Gazovik-Gazprom» va «Baltika» kabi klublarda o‘ynagansiz. Kamdan-kam yuz beradigan voqea – O‘zbekiston Oliy ligasida birorta o‘yin o‘tkazmasdan Rossiyaga ketgansiz. Bu holat qanday yuz bergan?

– Bundan oldinroq ham Rossiyaga borganman. 1993 yili (15 yoshida – tahr.) «Lada-Tolyatti» klubida ko‘rikda bo‘lganman. Bu jamoa o‘sha paytda Premer-liga ishtirokchisi edi. Ular meni olib qolishmoqchi edi, ammo o‘zim xohlamadim va Toshkentga qaytdim.

Keyinroq baribir «Lada-Tolyatti»ga o‘tishim kerak edi. Ammo «Sokol» klubi meni «o‘g‘irlab» ketdi desam ham bo‘ladi.

Gap shundaki, «Lada-Tolyatti» klubi prezidenti bo‘lg‘usi agentim bilan yaqin do‘st bo‘lgan va men haqimda gapirib qo‘ygan. Shundan so‘ng agentim Toshkentga qo‘ng‘iroq qilib, kelajagim haqidagi fikrlarim bilan qiziqdi. Bir necha kundan keyin o‘zi keldi. U bilan hammasini bafurja gaplashib, kelishib olgach, 1 haftadan so‘ng «Sokol» klubiga ketganman.

Biroq yosh va o‘yin amaliyotim kamligi tufayli keyinchalik «Torpedo» (Voljskiy) klubiga berib yuborishdi. U yerda mavsumning ikkinchi qismida barcha o‘yinlarda maydonga tushdim. Bu men uchun ayni muddao bo‘ldi, chunki o‘yin amaliyotiga muhtoj edim.

Keyingi yili baribir «Lada-Tolyatti»ga o‘tdim. Mavsumni yaxshi o‘tkazganman. So‘ngra «Gazovik-Gazprom»da o‘ynadim. Keyin «Baltika»ga o‘tdim. Yarim mavsum o‘ynagach, «Dinamo Kiyev»dan taklif oldim.

Oraliqda «Spartak Moskva» va «Zenit»da ham ko‘rikda bo‘lganman. «Spartak» meni qabul qilmadi. «Zenit» olib qolmoqchi edi, ammo negadir ko‘nglim bo‘lmadi, rad javobini berdim.

Maksim Shatskix «Dinamo Kiyev» libosida

– 1999 yili «Dinamo Kiyev» klubining dunyoga mashhur murabbiyi Valeriy Lobanovskiydan taklif olgansiz. Shu haqda gapirib bersangiz.

– «Baltika» klubida birinchi davra yakunlanishiga 2 tur qolgan edi. «Dinamo Kiyev»dan ikki seleksioner keldi. Bafurja gaplashdik, ular ko‘rikdan o‘tkazish uchun emas, balki aniq taklif bilan kelishgan ekan. Xullas, gaplashib oldik. 2 turni o‘tkazib Kiyevga yo‘l oladigan bo‘ldim.

Shundan keyin Moskvaning «Spartak» klubidan ham vakillar kelib, «oltin tog‘lar»ni va'da qilishdi. Ammo avval ham aytganman, «Dinamo Kiyev»da to‘p tepish bolalik orzum bo‘lgani uchun, hatto «Spartak» taklifini muhokama ham qilmaganman.

Kiyevga borganimdan keyin, 1 kun ichida shartnomani kelishib olganmiz. 2 kun o‘tgach, asosiy jamoa mashg‘ulotiga qo‘shilganman.

– Bosh murabbiyi Valeriy Lobanovskiy sizni qanday kutib oldi, u bilan nima haqda gaplashdingiz?

– Klub qarorgohiga bordim. Hamma shu yerda ekan – rahbariyat, murabbiylar shtabi, jamoa. Valeriy Vasilevich bilan yuzma-yuz gaplashdik. Uni sof futbolga oid masalalar qiziqtirdi. Menga 2-3 savol berdi. Maketda ba'zi vaziyatlarni ko‘rsatib, fikrim bilan qiziqdi. U yoki bu holatda nima qilishimni so‘radi. Ya'ni, futboldagi qarashlarim uniki va jamoanikiga qanchalik mos kelishini o‘rgandi. Javoblarim uni qoniqtirdi, fikrlarimiz bir joydan chiqdi deb o‘ylayman.

10-12 daqiqa gaplashib oldik. Shundan keyin rahbariyat bilan uchrashdim, qolgan masalalarni muhokama qildik.

«Dinamo Kiyev» bosh murabbiyi Valeriy Lobanovskiy 

– Andrey Shevchenko o‘z intervyularidan birida Valeriy Lobanovskiy haqida gapira turib, bo‘limlar oralig‘ida uning kiyim almashtirish xonasiga deyarli kirmasligini, kirsa ham faqat bir gapni: «Nega o‘tiribsizlar, turinglar, maydonga chiqinglar va o‘ynanglar», deb aytishini ta'kidlagan edi?

– Ha, to‘g‘ri. Ortiqcha gapirmasdi. «Dam oldingizlarmi? Turinglar va maydonga chiqib o‘ynanglar!» derdi.

Hammasi ruhiyatga borib taqaladi. Chunki odamlar har xil bo‘ladi. Kimnidir savalash kerak, kimnidir boshini silash kerak. Kimgadir baqirsangiz, o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Kimnidir jonlantirmoqchi bo‘lsangiz, tayoq bilan urish kerak.

Masalan, Pep Gvardiola tanaffusda murabbiylar xonasida o‘tiradi, kiyim almashtirish xonasiga, futbolchilar oldiga umuman kirmaydi. Chunki, bu – futbolchilar hududi. Ular dam olib, keyin ikkinchi bo‘limga chiqishadi.

To‘g‘ri ba'zan juda qiyin vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Shunda murabbiy kirib, futbolchilarni ruhini ko‘tarishga urinishi – tabiiy hol. Albatta buni istisno qilib bo‘lmaydi.

– «Dinamo Kiyev»da o‘ynaganingizda boshqa klublardan taklif bo‘ldimi? Agar bo‘lsa, nega jamoani tark qilmagansiz?

– «Nyukasl» va «Vest Hem»dan, 2008 yilda «Galatasaroy»dan takliflar bo‘lgan. Ammo rahbariyat meni qo‘yib yuborishga erta deb hisoblaganmi yoki umuman qo‘yib yuborishni istamaganmi, xullas bu takliflar faqat gap-so‘zlar darajasida qolib ketgan.

«Nyukasl»da Bobbi Robson bosh murabbiy edi. Chempionlar ligasida ular bilan 2ta o‘yin o‘tkazganimizdan so‘ng, meni olib ketmoqchi bo‘ldi. Buni aniq bilaman. Ammo klublar nega kelishib olmaganini to‘g‘risi bilmayman. Balki moliyaviy taklif qoniqtirmagan bo‘lishi mumkin.

Agar futbolchi klubdagi faoliyatini davom ettirishini istamasa, uni qo‘yib yuborish kerak. Chunki keyinchalik undan hech qanday foyda kelmaydi. Ammo menda bunday istak bo‘lmagan. Ingliz klublari bilan muzokara o‘tkazmaganman. Rahbariyat muzokara o‘tkazgan.

Bilmadim, balki rahbariyat meni hali yosh, jamoaga foyda keltira olishga qodir deb hisobladimi, xullas, o‘sha paytda bu gap-so‘zlarga jiddiy e'tibor bermaganman.

Hozirgi vaqtda baho beradigan bo‘lsak, ha, balki ketgan bo‘larmidim... Ammo o‘sha paytda nima yuz berishini hech kim bilmasdi. Hozir ko‘plab yoshlar Yevropaga ketyapti, lekin juda ozchiligi o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti, muvaffaqiyat qozonyapti.

Ingliz chempionati menga yoqadi, u yerda o‘z kuchimni sinab ko‘rishni istardim. Agar rahbariyat meni chaqirib: «Seni taklif qilishyapti, ketasanmi?» deb so‘raganida, balki ketishim mumkin edi. Ammo, qaytaraman, bunday bo‘lmagan. Shu tufayli bu haqda ortiqcha o‘ylab, boshimni og‘ritib o‘tirmaganman.

Maksim Shatskix «Dinamo Kiyev» safidagi o‘yinlardan birida

– Nima uchun 16-raqamni tanladingiz?

– Tasodifan (kuladi). Shu raqam bo‘sh turgani sababli berishgan.

Keyinchalik, 2 yildan so‘ng klub rahbariyati maydondagi futbolchilar 1-11 raqamlar ostida bo‘lishini so‘rashgan. Shunda 10-raqamni oldim va bir davra o‘ynadim. Ammo negadir ishim yurishmadi, juda kam gol urdim. Keyin 16-raqamni qaytarib berishlarini so‘radim.

Qandaydir irimlarga ishonmayman, ammo 16-raqamni qaytarganimdan so‘ng, umuman o‘zgartirmadim.

Milliy jamoada esa hammasi oddiy. Klubda 16-raqamda o‘ynaganim sababli, milliy jamoada ham shu raqamni so‘radim.

«Dinamo Kiyev» safidagi eng muhim golingiz?

– Har bir o‘yindagi golning o‘z ahamiyati bor, qaysidir birini ajratib ko‘rsata olmayman. Men uchun Chempionlar ligasi finalida urilgan hal qiluvchi gol – eng muhim bo‘lardi.

Uchta orzum bo‘lgan – «Dinamo Kiyev»ga o‘tish, milliy jamoa bilan jahon chempionatiga chiqish va Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish.

Bir orzum amalga oshdi. Qolgan ikkitasi hali oldinda bo‘lishi mumkin. Albatta, futbolchi sifatida emas, balki murabbiy sifatida.

Shatskixning «Dinamo Kiyev» safidagi so‘nggi o‘yinida muxlislar tomonidan ko‘tarilgan banner. Unda Maksimning klubdagi o‘yinlari va gollari soniga qiyos berilib, «Maks 16 qiruvchi samolyoti. 328ta uchish, 142ta raqib urib tushirilgan» deb yozilgan.

– 2009 yil 26 may kuni siz «Dinamo Kiyev» safida so‘nggi o‘yinni o‘tkazdingiz. Chempionatning yakuniy turidagi «Shaxtyor»ga qarshi ahamiyatsiz bahs edi. Ammo bosh murabbiy Yuriy Syomin negadir sizni maydonga tushirmagan?

– Takror aytaman, har bir murabbiyning o‘z qarashlari bo‘ladi. Albatta, jamoani tark etishimni va bu so‘nggi o‘yin ekanini bilardim. Mana hozir o‘zim ham murabbiyman. Shu nuqtayi nazardan oladigan bo‘lsak, bunday qilmagan bo‘lardim. Bu ahamiyatsiz o‘yin edi, biz chempionlikni hal qilib qo‘ygandik.

Bir necha yillar davomida shu klub sharafini himoya qilgan va ozmi-ko‘pmi uning yutuqlariga hissa qo‘shgan futbolchi tribunada emas, balki yashil maydonda muxlislar bilan xayrlashsa – bu to‘g‘ri va chiroyli bo‘lar edi.

Bu men uchun tushunarsiz yagona voqea bo‘ldi. Qaysidir ma'noda alam qiladi. Balki atigi 2-3 daqiqa imkon berilganida, muxlislar bilan maydonda xayrlashib, ularga futbolkamni sovg‘a qilib, chiroyli tarzda ketgan bo‘larmidim... Bu voqea men uchun tushunarsiz jumboq bo‘lib qoldi.

Sardor Yusupov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Intervyuning ikkinchi va uchinchi qismlari Maksim Shatskixning O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyati va o‘zbek futbolining hozirgi muammolariga bag‘ishlandi.

Ma'lumot o‘rnida: Maksim Aleksandrovich Shatskix, 1978 yil 30 avgust kuni Toshkentda tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatida Rossiyaning «Sokol», «Torpedo» (Voljskiy), «Lada-Tolyatti», «Gazovik-Gazprom», «Baltika», Ukrainaning «Dinamo Kiyev», «Arsenal», «Chernomorets», «Goverla», Qozog‘istonning «Astana» klublarida o‘ynagan.

Ukrainaning 6 karra chempioni, 5 karra kubogi sohibi, Qozog‘iston chempionatining kumush medali sovrindori, 4 marta O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi, Ukraina chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar legioner (171ta gol).

O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (61ta o‘yinda 34ta gol). Ayni paytda Volgogradning «Rotor» klubida bosh murabbiy Aleksandr Xatskevichning yordamchisi bo‘lib ishlayapti.

Mavzuga oid