O‘zbekiston | 19:20 / 18.02.2020
35276
3 daqiqa o‘qiladi

To‘y-hashamlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilanishi mumkin

Senator Baxtiyor Sayfullayev ma'muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida ma'lum qildi. Loyiha parlament tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Senatning yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev to‘y-marosimlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik qo‘llash masalasi haqida gapirdi.

«2019 yil 14 sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutadigan «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi tayyorlandi.

Loyihada to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibini ushbu tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan buzish holatlarida qo‘llanadigan jarima miqdori belgilangan. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari ma'qullagandan keyin shu oyda Senat muhokamasi uchun kiritiladi», deya Sayfullayevning so‘zlarini keltirmoqda muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, parlament kengashlari qarori ijrosini ta'minlash uchun Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tomonidan «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni tashkil etish va uni o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlari raislari va profilaktika inspektorlari faoliyatini tashkil etish tartibi» ishlab chiqildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi 2019 yil oktyabrida «To‘y, marosim va ma'rakalarni me'yorida o‘tkazish haqida fatvo» loyihasi tayyorlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 yanvardan «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Nizom kuchgan kirgan va endilikda oilaviy tadbirlar belgilangan qat'iy talablar asosida o‘tishi lozim.

Mavzuga oid