Jahon | 20:35 / 18.02.2020
25226
2 daqiqa o‘qiladi

Uxandagi shifoxona bosh shifokori koronavirusdan vafot etdi

Yangi koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xitoyning Uxan shahridagi shifoxonalardan birining bosh shifokori koronavirusdan vafot etdi. U Xitoydagi tibbiyot muassasalarining koronavirusdan vafot etgan ilk rahbari bo‘ldi.

Foto : NEW YORK TIMES

Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi ma'lum qildi.

“Uchan” shifoxonasi bosh shifokori Lyu Chjiminning hayotdan ko‘z yumgani haqida dastlab “Jenmin Jibao” nashri xabar qilgan, biroq keyinroq bu ma'lumot rad etilib, shifokorlar uning hayoti uchun kurashayotganlari ma'lum qilingan. 

Lyu Chjimin /Foto: Red Star News

51 yoshli shifokor 18 fevralda mahalliy vaqt bilan soat 10:30da vafot etgan. U Xitoydagi tibbiyot muassasalarining koronavirusdan vafot etgan ilk rahbari bo‘ldi.

“Uchan” koronavirusga chalinganlarni birinchilardan bo‘lib qabul qila boshlagan. Shifoxonada mingga yaqin odam ishlaydi. 

Ta'kidlanishicha, shifokor bosh chanoq-miya jarohatlari, bosh chanoq ichi o‘simtalari diagnostikasi va ularni davolash bilan shug‘ullangan. 

Uxanda fevral boshida koronavirus tarqalishi haqida birinchi bo‘lib xabar qilgan 34 yoshli shifokor Li Venlyan hayotdan ko‘z yumgandi. U shaharning markaziy shifoxonasida ishlab, ish vaqtida virusni yuqtirib olgan. Shifokor 2019 yil 30 dekabrda WeChat ijtimoiy tarmog‘i orqali hamkasblariga Uxandagi Xuanan dengiz mahsulotlari bozorida atipik zotiljamga (SARS) uchrash holatlari qayd etilgani haqida xabar qilgan.

31 dekabrda Li va kasallik haqida boshqalar bilan bo‘lishgan yana 7 shifokor politsiyaga chaqirtirilib, ularga jamoat tartibiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday “yolg‘on xabarlar”ni boshqa tarqatmaslik bo‘yicha ogohlantirish qilingan.

Mavzuga oid