Jahon | 16:21 / 19.02.2020
8008
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya Idlibda harbiy amaliyot boshlashga tayyorligini aytdi

12 fevralda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Moskva va Damashqni Idlibdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha kelishuvga amal qilmayotganlikda ayblagandi. Uning ta'kidlashicha, prezident Bashar Asad kuchlari rossiyalik harbiylar bilan birga mahalliy aholiga hujum qilmoqda.

Foto: EPA/Vostock-photo

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriyaning Idlib viloyatida harbiy operatsiya istalgan vaqtda boshlanishi mumkinligini aytdi.

"Idlibdagi operatsiya istalgan vaqtda boshlanishi mumkin. Turkiya Idlibni Asad rejimi va uning tarafdorlariga qoldirmaydi", - dedi Erdo‘g‘an.

"Rejim Idlibdagi zo‘ravonliklarini bas qilishi va Sochi kelishuvida belgilangan hududlarga chekinishi uchun sanoqli kunlar qoldi. Bu oxirgi ogohlantirishimiz", - deb qo‘shib qo‘ydi u.

Erdo‘g‘an shuningdek, Idlibdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha Rossiya va Turkiya o‘tkazgan birorta ham uchrashuv sezilarli natija keltirmaganini qayd etdi.

"Muzokaralar davom ettiriladi, ammo umumiy nuqtai nazarni ishlab chiqishdan judayam uzoqda ekanligimiz ko‘rinib turibdi", - dedi Turkiya prezidenti.

12 fevralda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Moskva va Damashqni Idlibdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha kelishuvga amal qilmayotganlikda ayblagandi. Uning ta'kidlashicha, prezident Bashar Asad kuchlari rossiyalik harbiylar bilan birga mahalliy aholiga hujum qilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligida Erdo‘g‘anning bu so‘zlari rad etilib, Idlibdagi ixtilofning avj olishiga Turkiyaning o‘z va'dalarini bajarmayotgani sabab hisoblanishi aytilgan.

19 fevral kuni Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalin Rossiya va Turkiyaning Suriyaning Idlib viloyatidagi vaziyat bo‘yicha olib borayotgan muzokaralari “hozircha qoniqarli natijalarni olib kelmagani”, Turkiya Rossiya tomonidan taklif qilinayotgan hujjatlar va xaritani qabul qilmaganini ma'lum qildi. 

Mavzuga oid