O‘zbekiston | 09:10 / 19.02.2020
7004
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning boy davlatga aylanishida mehnat sharoitlarini yaxshilash katta o‘rin tutishi aytildi 

Aholiga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, munosib maosh belgilash, rivojlantirish talablarini amalga oshirish O‘zbekistonni boy davlatga aylantiradi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi aholi bo‘yicha mehnat resurslari ko‘rsatkichi 2020 yil 1 yanvar holatiga 19 million ortgan. Mehnat bozoriga har yili 700 ming yigit-qiz kirib keladi. Bu haqida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov ma'lum qildi.

“Aholimiz soni 33 million 780 ming kishini tashkil qiladi. Mana shu sondan kelib chiqadigan mehnat resurslariga e'tibor qaratadigan bo‘lsangiz, bu [ko‘rsatkich] 19 milliondan oshib ketdi. Mehnat bozoriga har yili 700 ming nafar yigit-qiz kirib keladi.

Bu albatta bozor strukturasi, amaliyoti, iqtisodiy mexanizmlarini iloji boricha tezroq va mukammal rivojlantirishni taqozo etadi”, - dedi Bahodir Umurzoqov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro forumdagi nutqida. 

U so‘zining davomida O‘zbekiston mehnat resurslari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega ekanini aytib o‘tdi.

“Shu 19 million doimiy aholi soniga bo‘linsa, 57,3 foizni tashkil qiladi. Mana shunday mehnat resurslariga ega davlat juda kam. Eng rivoj topgan davlatda ham bu ko‘rsatkich 51-52 foizni tashkil qiladi”, - dedi vazir o‘rinbosari.

U ana shu 19 million aholiga munosib mehnat sharoitlarini yaratib, munosib maosh belgilab, rivojlantirish talablari amalga oshirilsa, O‘zbekistondek taraqqiy etgan va boy davlat dunyoda topilmasligini aytib o‘tdi.

Mavzuga oid