Jamiyat | 11:42 / 20.02.2020
26820
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: MIB «Human» xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rganlarga mablag‘larini qaytarmoqda

«Human» xususiy bandlik agentligi MChJ mansabdorlarining firibgarligidan jabr ko‘rgan bir guruh fuqarolar to‘planib, bosh vazir bilan ko‘rishgach, ularning talablari qondirilib, ko‘rgan zararlari qoplab berilmoqda.

«Human» xususiy bandlik agentligi rahbari Shohnur Fayzullayevning jinoiy harakatlari natijasida jabr ko‘rgan fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni ularning hisob raqamlariga tezkorlik bilan o‘tkazish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi MIB, «Ipoteka bank» hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlaridan iborat tarkibda hududlarda ishchi guruhlar tashkil etilgan.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, 18-19 fevral kunlari ishchi guruhlar tomonidan ish bo‘yicha o‘tkazilgan ijro harakatlari jarayonida 1007 nafar fuqaro o‘zlariga va yaqinlariga yetkazilgan zarar masalasini qaytarish masalasida murojaat etishgan.

Jabrlanganlarning 91 nafari respublika hududidan chiqib ketgani aniqlanib, ularning yaqin qarindoshlariga moddiy zararni qaytarish tartibi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Qisqa muddat davomida 916 nafar undiruvchiga bank xizmat haqi undirilmasdan bank kartasi ochilib, shundan 819 nafariga sud hujjatida ko‘rsatilgan 17,2 mlrd so‘m pul mablag‘lari o‘tkazilishi ta'minlangan.

Shuningdek, bank kartalariga tushgan mablag‘larni fuqarolarning talablariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida hech qanday bank xizmat haqlari undirilmasdan naqd pul ko‘rinishida berilmoqda.

Qolgan 97 nafar undiruvchiga pul o‘tkazishda hujjatlarda texnik xatoliklar aniqlangani sababli, ishchi guruh tomonidan ularni qisqa muddat davomida bartaraf etish va pul mablag‘larini o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

«Shu o‘rinda, moddiy zararni qaytarish masalasida murojaat etmagan 69 nafar fuqarolarimizga hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlarga murojaat qilishlari va yetkazilgan zararlar qisqa muddatda ularning hisob raqamlariga o‘tkazilishini eslatib o‘tamiz», deyiladi MIB matbuot xizmati xabarida.

Hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlari:

Eslatib o‘tamiz, «Human» bandlik agentligi rahbari Shohnur Fayzullayev va boshqalar minglab fuqarolardan Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Bolgariya va Litva davlatlariga ishga joylashtirishni va'da qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6 300 000 so‘mdan 35 000 000 so‘mgacha pul olgan. Biroq amalda ularni hech qayerga yubormay, juda ko‘p miqdordagi mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda ayblanib, sudga tortilgandi.

Keyinchalik «Human» xususiy bandlik agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan 2-jinoiy ishi ham qo‘zg‘atilgan. 2019 yil 16 dekabrda Toshkent viloyatida salkam 1200 nafar fuqaroni chuv tushirgan ushbu bandlik agentligi rahbari ustidan sud boshlangan. 27 yanvarda agentlik rahbari Shohnur Fayzullayev 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi va undan 1 080 nafardan ortiq jabrlanuvchi foydasiga 21 milliard 192 ming so‘mdan ziyod miqdorda moddiy zarar undirilishi belgilandi.

IV Tergov departamenti depozit hisob raqamida saqlanayotgan pul mablag‘lari va xatlangan mol-mulklarning xomcho‘ti sudlanuvchi tomonidan aldangan fuqarolarga yetkazilgan zararlarni qoplamasligini taxmin qilgan.

17 fevral kuni «Human» xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabrlangan fuqarolar sud yakunlarini kuta olmasliklarini aytib, ko‘rgan zararlari qoplab berilishini talab qilib, Toshkent shahridagi Mustaqillik maydoniga to‘plangandi. Shundan so‘ng, kunning ikkinchi qismida bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuv tashkillashtirildi.

Uchrashuvda bosh vazir prezident 1086 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasidan qoplab berishga ko‘rsatma bergani haqida ma'lum qildi.

Mavzuga oid