Jamiyat | 14:30 / 20.02.2020
33582
3 daqiqa o‘qiladi

Davlatnazar Ro‘zmetovni urib yuborgan haydovchi qamalmadi, marhumning bevasi yengillik berishni so‘ragan

Sud o‘tgan yilning noyabrida xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovni o‘z boshqaruvidagi avtomashinada urib yuborgan haydovchiga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

19 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning o‘limiga sababchi bo‘lgan ayblanuvchi Umidbek Jumanazarovich Saparovga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan hukm o‘qildi.

Oliy sud matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Umidbek Saparov O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan.

Hukmga ko‘ra Saparovga 3 (uch) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ozodlikni cheklash jazosini o‘tash davrida U.Saparovga nisbatan quyidagi taqiqlar amal qiladi:

  • Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB jazolarni ijro etish inspeksiyasining roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, Xorazm viloyati ma'muriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
  • Alkogolli ichimliklar iste'mol qilmaslik;
  • Tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB jazolarni ijro etish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirish.

U shuningdek, 1 yil-u 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Sudlanuvchi Umidbek Saparovga nisbatan belgilangan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib darhol sud zalidan ozod qilingan.

Ayblanuvchining advokati Sherzod Qurbonovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, jazo yengillashtirilishiga Davlatnazar Ro‘zmetovning turmush o‘rtog‘i Leninza Aliyeva bergan iltimosnoma sabab bo‘lgan.

Ayol Umidbek Saparov tomonidan o‘z oilasiga moddiy va ma'naviy yordam berilganini aytgan. Shuningdek, u endi vafot etgan erini ortga qaytarib bo‘lmasligini inobatga olib, sud hay'atidan ayblanuvchining 2 farzandini otasiz qoldirmaslikni so‘ragan.

Marhum jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov turli yillarda «Jamiyat» gazetasida muxbir, «Xorazm yoshlari» gazetasida esa muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U so‘nggi yillarda o‘zining shov-shuvli postlari va tanqidiy maqolalari bilan tanilgan edi.

2019 yil 6 noyabr kuni kechasi yo‘lni kesib o‘tayotganida Umidbek Saparov boshqaruvidagi «GAZel» avtomobili uni urib yuborgan, boshidan jarohat olgan jurnalist voqea joyida vafot etgandi. Ijtimoiy tarmoqda bu hodisa bo‘yicha turli shubhalar bildirilgach, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa idoralar mutasaddilari ishtirokida maxsus matbuot anjumani o‘tkazilgan va Davlatnazar Ro‘zmetov o‘limi bo‘yicha voqealar xronologiyasi e'lon qilingandi.

Mavzuga oid