Jahon | 23:29 / 20.02.2020
8091
2 daqiqa o‘qiladi

Nissan koronavirus sababli butun dunyo bo‘ylab zavodlarini to‘xtatmoqchi

Nissan kompaniyasi Xitoydagi epidemiya butlovchi qismlar taqchilligiga olib kelgani sababli butun dunyo bo‘ylab zavodlarini to‘xtatishga tayyorlanmoqda.

Bu haqda Automotive News Europe nashri xabar berdi.

Nissan Xitoyning koronavirus tarqalish o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasidagi korxonalardan 800 dan ko‘proq turli detallar – tormoz shlanglaridan tortib konditsioner kontrollyorlarigacha sotib olgan. Xitoy hukumati avtomobillar ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi korxonalar 21 fevraldan ishga qaytishini ma'lum qilganiga qaramay, yapon kompaniyasi bu yuz bermasa, zaxiralar tez tugashidan xavotirlanmoqda.

Yaponiyada kompaniyaning bir nechta modelini 23 fevraldanoq ishlab chiqarishni to‘xtatishga to‘g‘ri kelishi mumkin. So‘ngra kompaniyaning Malayziya, AQSh, Meksika, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Hindiston va Rossiyadagi zavodlari to‘xtashi mumkin.

Zamonaviy avtomobil taxminan 30 mingga yaqin qismdan iborat bo‘ladi. Shu sababli avtomobilsozlik kompaniyalari va ularning yetkazib beruvchilari hozir Xitoyda yuz berayotgan vaziyat kabi favqulodda holatlar vaqtida ayniqsa himoyasizdir.  

IHS Markit tadqiqot kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, yangi turdagi koronavirus epidemiyasi avtomobillar ishlab chiqarilishi hajmini 1,7 mlnta avtomobilga kamaytirishi mumkin. 

Nissan’da busiz ham muammolar talaygina edi: kompaniya sobiq rahbari Karlos Gon hibsga olingandan keyin inqiroz holatida qolmoqda. Yaqinda kompaniyaning aksiyalari narxi oxirgi 10 yil ichida olingan eng past daromadlar haqidagi xabarlar sababli tushib ketgandi.  

Mavzuga oid