Jamiyat | 18:26 / 23.02.2020
37700
6 daqiqa o‘qiladi

Nigora Hakimova: «Ayolni tarbiyalay olsak, to‘ylar bo‘yicha qarorga ham hojat qolmasdi»

Jamiyatda ayolni tarbiya qila olsak, buning ortidan ko‘p muammolar o‘z-o‘zidan yechimini topib ketadi, deydi Oksford universitetining Islomshunoslik markazi tadqiqotchisi Nigora Hakimova.

Kun.uz Angliyaga safari mobaynida Oksford shahrida ham bo‘lib, bu yerdagi nufuzli Islomshunoslik markazida ilmiy izlanish olib borayotgan ilk o‘zbekistonlik ayol bilan intervyu tashkil qildi.

– Ayol va ilm-fan. Bu masalada fikrlar turlicha. Masalan, ayol uyda ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishining o‘zi yetarli, degan qarash bor. Bu borada sizning fikringiz qanday?

– Bu masalada umumiy yakdil fikr yo‘q. Buni har bir ayol o‘z sharoiti, qobiliyatidan kelib chiqib hal qiladi. Agar oila, farzandlar, eri, erining qarindosh-urug‘lariga xizmat qilib, o‘zbekona chiroyli oilaning bekasi bo‘lishni tanlasa ham, jamiyat uchun juda katta foydasi tegadi, deya olamiz.

Lekin agar ayolning o‘zida qobiliyat, istak bo‘lsa, albatta bunday ayollarni qo‘llab-quvvatlash kerak, deb o‘ylayman. Chunki xohlaysizmi-yo‘qmi, oilada farzandlar tarbiyasi, ro‘zg‘orga qarash masalalarining katta qismi ayolning zimmasiga tushadi. Shuning uchun ham yon-atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashisiz ayol kishiga qiyinroq bo‘ladi.

O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, turmushga chiqmasimdan oldin ota-onam qanday qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishsa, turmushga chiqqanimdan keyin xo‘jayinim, qaynona-qaynotam mening bu sohadagi faoliyatimni qo‘llab-quvvatlab kelishyapti. Ularning yordami bilan ilmiy ish qilishga, o‘zimning kichik bo‘lsa-da hissamni qo‘shishga harakat qilib kelyapman.

Qolaversa, islom dinida ilm olish har bir musulmon uchun farz. U xoh ayol kishi bo‘lsin, xoh uy bekasi yoki boshqa soha egasi – ilm olishi kerak. Hech bo‘lmaganda o‘ziga xos bo‘lgan ilm olish kerak – ayollarga, oila va farzandlar tarbiyasiga xos masalalar bor. Shuning uchun ilm olishni sohasidan qat'i nazar chegaralamasligimiz kerak. Uy bekasi bo‘lgan taqdirda ham, har bir ayolning kitob o‘qishga sharoiti bo‘lishi kerak, deb hisoblayman.

Jamiyatda ayolni tarbiya qila olsak, buning ortidan ko‘p muammolar o‘z-o‘zidan yechimini topib ketadi.

Hozir to‘ylarni ixchamlashtirishga, isrofgarchilik qilmaslikka katta e'tibor berilyapti. Lekin bunday olib qarasangiz, bularning hammasi ortida baribir ayol kishi turadi. Ayolni tarbiyalay olsak, bu haqda qaror qabul qilishga ham ehtiyoj qolmagan bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Shuning uchun eng birinchi navbatda ayollarimizni tarbiyalashimiz kerak, ularni bilimga, kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirishimiz kerak.

– Islomshunos olima sifatida ajralishlar soni oshib borayotganining sabablarini nimalarda ko‘rasiz?

– Afsuski, ajralishlar soni juda ham ko‘payib boryapti. Eng ko‘p tilga olinadigan sabablardan bittasi – «xarakterlarimiz to‘g‘ri kelmadi, bir-birimizni tushunmayapmiz» deyishadi. Balki, bu faqat umumiy bahona xolosdir.

Shuning uchun qaynona-qaynota yoki ajrim jarayonlarida bevosita qatnashadigan otinoyilarimiz kelin va kuyov bilan aynan fiqhiy masalalar bo‘yicha ham suhbatlar olib borishi kerak, deb o‘ylayman. Xarakterimiz mos kelmadi, degan umumiy bahonaning ostidagi asl sababni, muammo ildizi nimadaligini ochib berish ham ulardan mahorat, bilim va ko‘nikmalarni talab qiladi.

Qolaversa, ba'zida ayollar, ba'zida erkaklar juftida poklik masalasiga e'tibor bo‘lmaganini yashirib, ajralishga sabab sifatida umumiy bahonani aytishadi. Vaholanki, erkak va ayol munosabatlarida poklikning birinchi o‘rinda bo‘lishi – dinimizning eng asosiy ko‘rsatmalaridan hisoblanadi.

Bu sabab arzimasdek bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin katta muammolar zamirida ham shu arzimas sabablar, dinimizdagi yo‘l-yo‘riqlarni bilmaslik yotgan bo‘lishi mumkin. Bu masalalarni avvalo ona, turmushdan keyin qaynona o‘rgatishi kerak.

Ba'zida onalarimizning o‘zlari hayo qilishadi, keyin ular qaynonaning qo‘liga borib tushadi, lekin qaynona ham qaysidir sabablarga ko‘ra bu narsadan uzoq bo‘lgani uchun yoshlar shu sabab bilan ajralish holatiga kelib qolayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bu ham ajrim omillaridan biri.

Nigora Hakimova Oksfordda olib borayotgan ilmiy tadqiqoti, islomshunoslik ilmini ayollarga o‘qitish masalalari, farzandlari o‘qiyotgan Oksforddagi maktablar, g‘arb madaniyati ichida farzand tarbiyalash va kelgusi rejalari haqida ham so‘z yuritdi. Suhbatni to‘liq holda Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid