O‘zbekiston | 19:12 / 25.02.2020
3583
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya tajribasini o‘rgangan matbuot kotiblariga sertifikatlar topshirildi

Tadbirda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Torlot, AOKA mas'ul xodimlari hamda yuzga yaqin tashkilot va idoralarning axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Buyuk Britaniya hukumati vakillari hamda O‘zbekistondagi vazirlik va idoralar axborot xizmatlari rahbarlari uchun kommunikatsiyalarni rejalashtirish va OAV bilan ishlash bo‘yicha o‘tkazilgan seminar tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.

Tadbirda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Torlot, AOKA mas'ul xodimlari hamda yuzga yaqin tashkilot va idoralarning axborot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

«Ochig‘ini aytganda, AOKA tashkil etilgunga qadar axborot maydonida davlat organlari va tashkilotlarining ulushi nihoyatda kam edi. E'lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga rasmiy munosabatlar 10-15 foiz atrofida edi. Bugungi kunda esa axborot xizmatlarining faoliyati kuchayganligi bois tanqidiy materiallarning 86 foiziga o‘z vaqtida rasmiy munosabat bildirilyapti. Bu borada erishilgan yutuqlarni hech kim inkor eta olmaydi»,— dedi Dilshod Saidjanov.

Tadbirda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Torlot so‘zga chiqdi.

«O‘zbekistondagi faoliyatimda imzolagan eng birinchi hujjatlarimdan biri — o‘tgan yilning sentabr oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi bo‘lgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad — Agentlik bilan o‘zaro chuqur hamkorlik qilish va hamkorlikni yangi cho‘qqilarga olib chiqishdan iborat. Axborot xizmatlariga o‘tgan besh oy davomida taqdim etilgan ma'lumotlar, mashg‘ulotlar va seminarlar Buyuk Britaniyadagi 100 yillar davomida amalga oshirilgan tadqiqotlarning hosilasidir. Bu O‘zbekiston va Buyuk Britaniya hukumati o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Biz o‘z bilimlarimizni o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan o‘rtoqlashishdan baxtiyormiz va bu orqali yurtingizda axborot sohasidagi islohotlarga hissa qo‘sha olgan bo‘lsak, bundan xursandmiz», - dedi elchi.

Seminarlarda faol ishtirok etgan 98 nafar axborot xizmati rahbariga sertifikatlar topshirildi. 

Mavzuga oid