O‘zbekiston | 14:34 / 25.02.2020
7067
3 daqiqa o‘qiladi

International Job Organization xususiy bandlik agentligiga to‘lov qilganlar shoshib qolishdi. Ular kimga murojaat qilishi kerak? 

61 kishi aynan ushbu xususiy bandlik agentligiga chet davlatga ishga yuborish uchun turli miqdorlarda (o‘rtacha 45 mln so‘mdan) jami 2,6 mlrd so‘m pul to‘lashgan. Ayrim fuqarolar to‘lovni amalga oshirganiga to‘qqiz oydan oshgan.

Foto: International Job Organization

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi «INTERNATIONAL JOB ORGANIZATION xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Sh.A. va boshqalar Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi.

Mazkur xabar Kun.uz saytida va saytning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e'lon qilingandan so‘ng respublikaning turli hududlaridan, xususan, Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona, Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridan tahririyatga ko‘plab murojaatlar yo‘llanmoqda.

Murojaatlardan ko‘rinishicha, ko‘plab fuqarolar aynan ushbu xususiy bandlik agentligiga chet davlatga ishga yuborish uchun turli miqdorlarda pul to‘lashgan. Ayrim fuqarolarning to‘lovni amalga oshirganiga to‘qqiz oydan oshiqroq vaqt o‘tgan.

Fuqarolarni tashvishga solayotgan yana bir sabab mazkur bandlik agentligining telegram tarmog‘idagi kanalida o‘z mijozlariga yo‘llagan bayonoti bo‘lgan:

«Tasdiqlanmagan ma'lumotlar asosida hozirgi kunda ommaviy axborot vositalari tomonidan taqdim etilayotgan ma'lumotlar o‘z isbotini topgani yo‘q. Tez orada ushbu ma'lumotlarning noto‘g‘riligi tasdiqlanadi».

Tahririyatga murojaat yo‘llagan fuqarlarni tergovni qaysi organ olib borayotgani, ularga yetkazilgan zarar qanday tartibda undirilishi, shuningdek bu masalada qaysi organga murojaat qilish kerakligi haqidagi savollar qiziqtirmoqda.

Kun.uz tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda mazkur savollarga tez orada aniqlik kiritishga harakat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, «INTERNATIONAL JOB ORGANIZATION xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslari 2019 yil davomida fuqarolarning ishonchini suiiste'mol qilib, Daniya va Shveytsariya davlatlariga ishga yuborish vaji bilan ularning har biridan (61 nafar) 45 mln so‘mdan jami 2,6 mlrd so‘mni jamiyatning bank hisob raqamiga o‘tkazdirib, ularni ishga yubormasdan, fuqarolarning manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazishgan.

Bundan tashqari, jamiyatga aloqador shaxslar 2019 yilning iyul oyida Koreya Respublikasiga ishga yuborish vaji bilan 4 nafar fuqaroning 16 500 AQSh dollari hamda 125 mln so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishgani aniqlangan.

Mavzuga oid