Jamiyat | 22:48 / 25.02.2020
54193
4 daqiqa o‘qiladi

«Straus House» jabrlanuvchilari hukumatdan yordam so‘rab yig‘ildi

«Straus House» MChJ faoliyatidan jabrlangan 50ga yaqin fuqaro 25 fevral kuni Toshkentdagi Mustaqillik maydoni oldiga to‘plandi.

Fuqarolar «Straus House» MChJga nisbatan tergov tugaganiga qaramay, sud boshlanmayotganidan norozi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Kompaniyaga bergan pulini qaytarib ola olmayotgan jabrlanuvchilar soni jami 300dan ortiq.

Ular orasida tuyaqush sotib olish uchun qarz va foiz hisobiga kreditlar olganlari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Vaqt o‘tishi bilan olingan kreditlarni qaytarish majburiyati yuzaga kelgan. Jabrlanuvchilar MChJga bergan pullarni qaytarib olib, kreditlaridan qutulish uchun tezroq sud boshlanishini istashyapti.

IIV Tergov departamenti boshlig‘i Inomjon Ismatovning aytishicha, «Straus House»ga nisbatan tergov harakatlari yakuniga yetib, 2019 yil 31 dekabrda ayblov xulosasi bilan prokuraturaga topshirilgan.

«MChJ tomonidan Pokistonga chiqarib yuborilgan 200 ming AQSh dollari va unga qarashli barcha mulklar xatlanib, ayblov xulosasi e'lon qilingan. Undirilgan pullar jabrlanuvchilarga sud hukmi chiqqanidan keyin qaytariladi», – dedi Ismatov.

Inomjon Ismatov

Jabrlanuvchilar asosiy e'tirozi – sud mahkamasi boshlanishi kechikayotganida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi vazifasini bajaruvchisi Sanjar Muhammedovning so‘zlariga ko‘ra, bu jinoyat ishi bugun 25 fevral kuni Mirobod tuman sudiga kelib tushgan.

«Endilikda protsessual normalar asosida jinoyat ishi ko‘rib chiqiladi. Vaziyatni hisobga olib, jarayon iloji boricha tezlashtiriladi», – dedi Sanjar Muhammedov.

Bu javoblarga qoniqmagan jabrlanuvchilar Vazirlar Mahkamasi yonida to‘planishdi. Hukumat mutasaddilari holatga aniqlik kiritish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Baxtiyor Islomovni chaqirishgani, jabrlanuvchilar va sud raisi o‘rtasidagi uchrashuv prezidentning xalq qabulxonasida bo‘lishini aytishdi.

Shundan so‘ng fuqarolar IIV tomonidan ajratilgan avtobuslarda prezident xalq qabulxonasiga olib kelindi va jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Baxtiyor Islomov ularning savollariga javob berdi.

Baxtiyor Islomovga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi 45 tomdan iborat. 300dan ortiq jabrlanuvchi, 5 nafar sudlanuvchi bor.

«Ish hajmi murakkab bo‘lib, ko‘rib chiqish ko‘p vaqtni talab qiladi. Vaziyatni hisobga olib, ish uzog‘i bilan 1 oyda ko‘rib chiqiladi», – deb ma'lum qildi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi.

Baxtiyor Islomov

Uning qo‘shimcha qilishicha, sud jarayoniga uzoq viloyatlardan keladiganlarni ovora qilmaslik uchun videokonferensiya orqali masofadan turib sud o‘tkazilib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi.

Shuningdek, hukumat vakillari aholi tomonidan olingan kreditlarning foizlarini to‘xtatib turish choralari ham ko‘rib chiqilishi va bu masala ham hal etilishini aytishdi.

Eslatib o‘tamiz, «Straus House» MChJ ta'sischisi Ibrohim Isroilov firibgarlik ayblovi bilan, 2019 yil sentabr oyida hibsga olingan edi.

Mavzuga oid