Jamiyat | 21:30 / 26.02.2020
12355
4 daqiqa o‘qiladi

«Bitta kolyaska uchun 5 mln so‘m ajratilyapti. Lekin 2ta kolyaska olinyapti» - Nogironlar uyushmasi raisi

O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari olishga mablag‘ ajratilayotgani, lekin olinayotgan vositalarning sifatiga qaralmayotganini aytib o‘tdi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqov O‘zbekistondagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning muammolari haqida gapirdi.

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning eng katta muammosi bu – to‘siqsiz muhit yaratilmaganligidir. Chet elga borsangiz, shaharda juda ko‘p nogironlarni ko‘rasiz. Bizda [ko‘chaga] chiqsangiz, birorta nogironni ko‘rmaysiz. Ular uyda o‘tiradi. Uy qamog‘ida. Uy qamog‘iga ularni kim o‘tirg‘izib qo‘ydi? Biz o‘tirg‘izib qo‘ydik. Chunki ularga to‘siqsiz muhit yaratib bermadik. Bu masalani 20 yildan beri gapiryapmiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oybek Isoqov uyushma tomonidan monitoring o‘tkazilgani, binolar nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun moslashmagani, Toshkentda binolarning 10 foizigina nogironlar harakatlanishiga moslashtirilganini aytib o‘tdi.

Uyushma raisi tomonidan aytib o‘tilgan yana bir muammo - nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta'minlash masalasi.  

«2019 yil noyabrida prezident yig‘ilishida, nogironlarning 80 foizini ish bilan ta'minlash mumkinligi aytilgandi. Lekin bugungi kunga qadar nogironlarning 2 foizigina ish bilan ta'minlangan. 3 foizlik kvota bor, ishlamayapti. Hech kim bu masalani ko‘tarmayapti. Nima uchun 3 foizlik kvota ishlamayapti, nima uchun jarimaga tortilmayapti?», deydi u 26 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda quyi palatadagi Xalq demokratik partiyasining qo‘shma yig‘ilishida.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati

U hozirda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari olishga mablag‘ ajratilayotgani, lekin ularning sifatiga qaralmayotganiga e'tibor qaratdi. 

«Misol uchun, aytaman. Davlat bitta kolyaska olish uchun 5 million so‘m ajratyapti. Birjada nima bo‘lyapti? O‘sha 5 million so‘mga ikkita aravacha olinyapti. Xitoyning ochilganiga bir kun bo‘lgan firmasidan. Ertaga ta'mirlash uchun uni topib ham bo‘lmaydi. Soniga yuguryapmizda, sifatini unutyapmiz. Olingan aravacha ikki oyda buzilsa, unda nima keragi bor, bir-birimizni aldab?», deydi u.

Oybek Isoqovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda nogironlar masalasi bilan 10dan ortiq vazirlik va qo‘mitalar shug‘ullanyapti. 

«2000 yildan beri yagona vazirlik yo‘q. Nogironlar muammolari [bilan shug‘ullanish vazifasi]ni Mehnat vazirligiga, keyin Sog‘liqni saqlash vazirligiga berishdi. Ularning o‘z muammolari ko‘p. Nogironlar muammosi ular uchun uchinchi darajadagi narsa. Yagona ijtimoiy himoya qilish vazirligi tashkil etilishi kerak. Bu narsa dunyodagi hamma davlatda bor, O‘zbekistondan tashqari. 

Nogironga bugun aravacha berganingiz bilan u uyidan ko‘chaga chiqolmasa, aravachaning nima keragi bor?

Tizimli o‘zgarish nima degani? Bu – BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishdir. 10 yildan beri ratifikatsiya qilmayapmiz. Lekin nima uchun ratifikatsiya qilmayapmiz degan savolga hech kim javob berolmaydi.

Bu konvensiyani ratifikatsiya qilmasak, tizimli o‘zgarish bo‘lmaydi», deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MDH davlatlari orasida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilmagan 2ta davlat qolgan. Bular – Tojikiston va O‘zbekiston. 

Mavzuga oid