Sport | 14:12 / 27.02.2020
20740
6 daqiqa o‘qiladi

«Mash'al» qaytdi. «Barselona» tarbiyalanuvchisi bilan kuchaygan «gazchilar» mavsumga tayyormi?

Foto: KUN.UZ

Bugun O‘zbekiston milliy jamoasi safida o‘ynayotgan ko‘plab futbolchilar «Mash'al» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov, Eldor Suyunov kabi milliy jamoaning asosiy tarkib a'zolari aynan Muborakdagi «Mash'al» akademiyasidan chiqqan. Mamlakatning deyarli hamma klubida bu jamoa tarbiyalanuvchisini ko‘rishingiz mumkin.

Suratdagi Sardor Rahmonov (o‘ngdan birinchi), Eldor Shomurodovlar (o‘ngdan uchinchi) yuqori darajadagi futbolchi bo‘lib yetishdi

Ko‘p futbolchilar uchun yorqin kelajakka yo‘l ochgan bu jamoa 2 yildan buyon quyi divizionda o‘ynayotgandi. Avvaliga «Mash'al»ni asossiz tarzda musobaqadan chetlashtirishdi. Keyin «gazchilar» birinchi urinishda yuqori divizion uchun kurashda «Andijon»ga imkoniyatni boy berdi, o‘tish o‘yinida esa «So‘g‘diyona» «Mash'al»dan kuchlilik qildi. Superliga formati yana o‘zgarib, «Surxon» va «Dinamo» hech qanday saralashsiz yuqori divizionga chiqqach, «Mash'al» o‘tgan mavsumda deyarli qarshiliksiz yuqori divizionga qaytdi.

Yaqinda Muborak klubiga Portugaliyadan murabbiy kelar ekan degan xabarlar paydo bo‘ldi, ammo jamoani o‘z vaqtida «Mash'al»da o‘ynagan sobiq futbolchilar yangi mavsumga tayyorlamoqda. Futbolchilik faoliyatining aksariyat qismini aynan «Mash'al»da o‘tkazgan sobiq himoyachi Dilaver Vaniyev klub tarixidagi 17-murabbiy bo‘ldi. Unga Botir Qorayev va futbolchilik faoliyatini o‘tgan yil yakunlagan Otabek Narzullayevlar yordam berishadi.

«Mash'al» yangi mavsum oldidan bir qator futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Ular orasida legionerlar ham bor. Klubning yangi mavsumga tayyorgarligini kuzatish jarayonida «Sho‘rtan»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini tomosha qildik.

Bu o‘yinda nigeriyalik Ifeani Ifeani hamda kamerunlik Ella Ken yaxshi taassurot qoldirdi. Bu futbolchilar «Mash'al» bilan shartnoma imzolagan. «Sho‘rtan» bilan o‘yinda Denis Vasilev, Georgiy Bugulov, Vasil Beliy kabi legioner futbolchilar ham o‘ynagandi, ammo klub ular bilan shartnoma imzolamaslikka qaror qilgan.

Shu o‘rinda «Mash'al» bilan shartnoma imzolagan Ella Ken «Barselona» tarbiyalanuvchisi ekanini aytish kerak. U hujumchi ortida harakat qiladi. Shu vaqtgacha Ukrainaning bir qator klublarida o‘ynab, to‘g‘risini aytish kerak, unchalik nom chiqarmagan Ken «Mash'al»da ochilishiga umid qilmoqda.

Jamoa bir qator mahalliy futbolchilar bilan ham kuchaygan. Masalan, o‘tgan mavsumni «Sho‘rtan»da o‘tkazgan «Nasaf» tarbiyalanuvchisi Sherzod Temirov, «Dinamo» bilan quyi ligaga tushib ketgan Abbos Shodmonov, «Buxoro» bilan ligada jon saqlab qolishni uddalagan Jamoliddin Ubaydullayev yangi mavsumni Muborakda o‘tkazadi. Darvoqe, o‘tgan mavsum «Buxoro»ning asosiy darvozaboni bo‘lgan Rahimjon Davronov ham «Mash'al»ga qaytgan.

Yangi mavsumga ketayotgan tayyorgarlik haqida «Mash'al» bosh murabbiyi Dilaver Vaniyevning fikri bilan qiziqdik: «Mavsumga tayyorgarlik reja asosida ketmoqda. Bugun oxirgi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdik va bu bahsga raqib sifatida «Sho‘rtan»ni tanlagandik va unda 29 fevraldagi birinchi tur o‘yiniga tayyorlandik.

Biz o‘z tarbiyalanuvchilarimizga tayanib o‘ynaymiz. Mavsumga tayyorgarlik qanday o‘tganini birinchi turdagi natijadan ko‘ramiz. Ilk raqibimiz «So‘g‘diyona» o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan. Biz ham bu o‘yinda faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz.

Legionerlar bilan shartnoma imzolash haqida bir qarorga kelmadik. Markaziy himoyani kuchaytirishimiz kerak. Hujumdagi bo‘yi baland futbolchilar? Biz raqibdan kelib chiqib o‘ynaymiz. Hozir hamma sirlarni ochishni istamayman, ammo baland futbolchilardan «stolba sifatida» foydalanish rejasi ham yo‘q emas».

Bosh murabbiy yordamchisi bo‘lgan Otabek Narzullayev ham mavsumoldi tayyorgarlik haqida o‘z fikrlarini bildirdi: «Jarohatdan so‘ng faoliyatimni yakunladim. Ilhom Qurbonov murabbiylarga yordam berishimni so‘rab chaqirdi. Dilaver Vaniyev hamda Botir Qorayevlarga yordam beryapman. Jamoaga legionerlar taklif qilganmiz. Asosiy e'tiborimizni o‘z akademiyamizdan chiqqan yosh futbolchilarga qaratganmiz. Ulardan ba'zilariga katta futboldan nafas olish imkonini beramiz. Klub yangi mavsumda o‘z o‘rnini topadi deb umid qilaman».

So‘zimiz oxirida Muborak ahlini katta futbol qaytgani bilan tabriklab, «Mash'al» murabbiylariga yangi yulduzlar tarbiyalashda hormanglar deb qolamiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Montajchi Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid