Sport | 16:17 / 28.02.2020
12036
11 daqiqa o‘qiladi

«Muxlislarimiz natija talab qilishga haqli» – Baxtiyor Ashurmatov Qo‘qonda qanday jamoa shakllantirdi?

«Qo‘qon-1912» futbol klubidagi so‘ngi yangiliklar bilan tanishib, boshlanayotgan Superliga bahslariga tayyorgarlik bo‘yicha ma'lumot olish uchun qadim Qo‘qon shahriga bordik.

Klub bosh murabbiyi, yetakchi futbolchilari mavsum oldidan o‘z fikrlarini aytishdi. Jamoa Superliga bahslariga asosan Toshkentda tayyorgarlik ko‘rdi. Bizga ma'lum qilishlaricha, klubning iqtisodiy holati barqaror.

Baxtiyor Ashurmatov: «Klubning «o‘rtamiyona»likdan chiqish payti keldi»

«Qo‘qon 1912» klubi bosh murabbiyi biz bilan suhbatda jamoadagi Superliga bahslariga tayyorgarlik, mavsum oldi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari jarayoni, seleksiya ishlari, klubdagi shu kundagi iqtisodiy holati haqida gapirib berdi.  

«Avvalo, muxlislarimizni yangi mavsum boshlanayotgani bilan tabriklayman. Ular 2-3 oy davomida katta futbolsiz qolishdi va bu yilgi mavsumni juda katta ishtiyoq, juda katta niyatlar bilan kutishyapti.

«Qo‘qon-1912» jamoasini dekabr oyida qabul qilib oldim va birinchi yig‘inimiz Qo‘qon shahrida o‘tkazildi. 20 dekabrdan 27 dekabrgacha shug‘ullandik. Bu yerda biz ta'tildan qaytgan futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash uchun tiklanish mashqlarini bajardik. Undan keyingi bosqichlarini Toshkent shahrida o‘tkazdik. U yerda o‘rtoqlik-nazorat uchrashuvlarida yaxshi jamoalar bilan kuch sinashish imkoni bor edi va biz bundan unumli foydalanishga harakat qildik.

An'anaviy Farg‘ona viloyati hokimi kubogida qatnashdik. To‘g‘ri, u yerda biz 1-o‘rinni ko‘lga kirita olmadik. Lekin, bu turnir biz uchun foydali bo‘ldi. Sababi raqiblarimiz Pro-liga jamoalari bo‘lishiga qaramasdan, bizning jamoaga munosib qarshilik ko‘rsatishdi va bizda o‘zimizga kerakli bo‘lgan jihatlarni ko‘rib olish imkoniyati bo‘ldi.

Biz tayyorgarlikning keyingi asosiy bosqichini yana Toshkentga ko‘chirdik va u yerda bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga chiqdik. Bu uchrashuvlar orasida eng foydalisi, deb «Lokomotiv» bilan bo‘lgan o‘yinni aytib o‘tgan bo‘lardim.

O‘ylaymanki, tayyorgarlik jarayoni yaxshi saviyada o‘tdi. Rahbarlarimiz bizga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun qulay sharoitlar yaratib berishdi va jamoa nomidan ularga minnatdorchilik bildiraman.

Murabbiy har doim tarkib kuchliroq bo‘lishini, muxlislarga yoqadigan tarkib yig‘ishni va yaxshi natija ko‘rsatishni xohlaydi. Bizda o‘tgan yilgi tarkibdan Jasur Hasanov Buxoroga o‘tdi, Temur Hakimov, Temur Usmonov, Shahboz Erkinov, Alisher Samatov va himoyachi Marko Milichlar jamoadan ketishdi.

Biz ularning o‘rnini munosib to‘ldirish uchun jamoamizga bir qator o‘yinchilarni taklif qildik. Bu yilgi mavsumni darvozada Botirali Ergashev o‘tkazadi. U ham iqtidorli darvozabonlardan biridir.

Himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Serbiyadan legioner Ivan Yosovich va iqtidorli futbolchilarimizdan Bobir Akbarovlarni taklif qildik.

Yarim himoyaga esa Suhrob Nurillayev va Sardor Azimovlar keldi. Ushbu pozitsiya Kotʼd-ivuarlik o‘yinchi Yakudi Bamba ham bor. Bambaning jismoniy holati hozir 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emas, lekin uning yuqori texnikaga egaligi, ajoyib paslari borligi ko‘rinib turibdi.

Hujum chizig‘ida Shohnazar Norbekov o‘ynaydi. Yana bir hujumchi Muzaffar Muzaffarovni muxlislar yaxshi bilishadi.

Jamoamizdan 10 nafarga yaqin futbolchi ketdi. Shunga yaqin yangi o‘yinchilar jamoaga taklif qilindi. Men murabbiy sifatida buni normal holat, normal jarayon deb hisoblamayman. Chunki har yilgi mavsumda 10-12 nafar futbolchi almashtirilsa, jamoani boshqatdan mavsumga tayyorlashga to‘g‘ri keladi. O‘yin uslubini ham o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Afsuski, hozir bizdagi ayrim jamoalarda vaziyat shunaqa.

Seleksiya jarayonida o‘rinbosarlar tarkibiga ham e'tibor qaratildi. Tumanlardan va Qo‘qon shahri atrofida yashovchi yosh futbolchilar o‘rtasida turnir tashkil qildik. O‘rinbosarlar tarkibiga iqtidorli o‘yinchilardan olindi.

Jamoaning yetakchi o‘yinchilari sanaladigan Murod Xolmuhammedov, Quvondiq Ro‘ziyev, Aleksandr Merzlyakov va Suhrob Berdiyevlarni saqlab qolishga harakat qildik. Bu futbolchilarga ham takliflar bor edi.

Men o‘zim ishlagan har bir jamoamda klubning moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib jamoa tuzishga harakat qilaman. Shuningdek, yaxshi jamoa tuzishim kerak deb, qimmatbaho o‘yinchilarni taklif qilib olib, ertaga klubni qiyin ahvolda qoldirishga, mavsum tugagandan keyin futbolchilar pulimizni ololmadik, deb klubga qarshi xat yozishlariga sababchi bo‘lishga qarshiman. Men doim rahbariyat bilan maslahatlashgan holda seleksiya jarayonini olib boraman.

Suhbatimiz boshida ham aytib o‘tdim, rahbariyatimiz biz uchun imkoniyat yaratib bermoqda. Tayyorgarlik davri yoki futbolchilarni jamoaga jalb qilish jarayonida kamchiliklar bo‘lgani yo‘q. Shu sababli rahbariyatimizga minnatdorchilik bildiraman.

Aytaylik, mana «Navbahor», OKMK va «Surxon» jamoalari juda katta seleksiya qilyapti. Yaxshi shartnomalar taklif qilyapti. Biz ham imkoniyatimizdan kelib chiqib, seleksiya jarayonini yaxshi olib borishga harakat qildik. Lekin biz bu yilgi mavsumda shuni isbotlamoqchimizki, har doim ham moliyaviy imkoniyat birinchi o‘rinda turmaydi. Ahil jamoa tuzilsa, jamoa sha'ni uchun kurashadigan yigitlar bo‘lsa, moliyaviy tomondan baquvvatroq bo‘lgan jamoalarga ham yaxshi qarshilik ko‘rsatish mumkin.

Shuni aytib o‘tishim lozimki, klubning moliyaviy imkoniyati barqaror holda.

Muxlislar har doim jamoaning yaxshi saviyada to‘p surishini, xalqaro arenalarda o‘ynashini xohlashadi. Murabbiyning yutug‘i seleksiya jarayoniga bog‘liq. Agar uning ixtiyorida yuqori saviyadagi futbolchilar ko‘proq bo‘lsa, yuqori o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati ham ko‘proq bo‘ladi.

Shuni aytishim mumkinki, bu yil muxlislarimiz bizdan yuqori natijalarni talab qilishga haqlilar. Eng asosiysi, biz jangovar va raqobatbardosh jamoa tuzmoqchimiz. Oxirgi yillarda mehmon jamoalar ham bemalol boshini tik ko‘tarib kelyapti, Qo‘qondan ochko olib ketyapti. Shunga barham bermoqchimiz», deydi Baxtiyor Ashurmatov.

– Baxtiyor Ashurmatov uzoq yillik tajribaga ega murabbiy. Lekin juda ham ko‘p jamoa o‘zgartiradi.

– Bunga ma'lum sabablar bor. Aytaylik, OKMKda biz O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdik. O‘zimga ma'lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra, u yerda murabbiyni o‘zgartirish haqida qaror qabul qilishdi. Osiyo Chempionlar ligasida munosib jamoa qilish, mahoratliroq murabbiyni taklif etish fikrini ilgari surishdi. Bu – rahbariyatning qarori.

Undan keyin «Buxoro»ga o‘tdim. U yerda ham katta ishonch bildirishdi. Vaziyat juda og‘ir edi. Chunki jamoadan 17 nafar o‘yinchi ketib qolgandi. Lekin shunga qaramasdan, biz katta hajmdagi ishni bajardik. Yomon jamoa tuzmadik. Biroq u yerda, gapning ochig‘i, jamoa tuzganimizdan keyin ayrim nohaqliklarga duch kelganligim sababli, klubdan ketishga qaror qildim.

«Surxon» jamoasida ham bir oy ishladim. «Surxon»da bir oy davomida hech qaysi murabbiyning natija ko‘rsatishi oson ish emas. Men 2ta o‘yinda bosh murabbiy vazifasini bajardim xolos. U yerda ham sabablari bo‘ldi va jamoadan ketishga qaror qildim.

Qo‘qondan taklif bo‘ldi. Bu mening murabbiylik faoliyatimda burilish yasaydigan jamoa, deb o‘ylayman. Chunki boshqa jamoalarda nohaqliklarni ko‘rib, ketishni ma'qul ko‘rgan bo‘lsam, Qo‘qon – o‘zimning shahrim. O‘ylaymanki, jamoamiz rahbariyati ham, muxlislarimiz ham menga ishonishyapti. Katta natijalar istashyapti. Qo‘qonda raqobatbardosh, yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa tuzmaguncha ketish niyatim yo‘q», deydi u.

Murodjon Xolmuhammedov (himoyachi):

– Jamoamiz 2020 yil chempionatiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Yaxshi yig‘inlar o‘tkazdik. «Qo‘qon-1912» chempionatga yuz foiz tayyor, deb hisoblayman.

Muxlislar kutgan o‘yinni ko‘rsatish uchun 2020 yilda borimizni berib, maydonga tushib, oldingi yillardan ham ko‘proq xursand qilamiz, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritamiz. Jamoamiz ahil-inoq. Birinchi o‘rinda jamoamizga katta e'tibor beramiz. Bu yil ham yomon jamoa yig‘ilmadi. Yangi o‘yinchilar bilan chiqishib ketish qiyin bo‘lmadi.

Ivan Yosovich (himoyachi, Serbiya):

– O‘zbekistonga kelib, muxlislari ko‘p jamoada to‘p surayotganimdan xursandman. Qo‘qon ajoyib shahar ekan. Yuz foiz bor mahoratimni berib o‘ynashim zarurligini his qildim. Mana shu jamoa bilan g‘alabalar sari intilamiz.

MChJ shaklidagi «Sodiq muxlislar» klubi

Bir asrlik tarixga ega klubning muxlislari alohida mavzu. Ular jipslashib, «Sodiq muxlislar klubi» deya nomlangan MChJ ham ochishgani diqqatga sazovor.

Ochilish marosimiga turli yangiliklar, ommaviy tadbirlar rejalashtirishgan. Ular bilan «Qo‘qon-1912» markaziy stadionida uchrashdik. Tayyorgarlik avjida ekan.

«Yangi mavsumda muxlislik madaniyati bo‘yicha ham alohida dastur ishlab chiqqanmiz. Aytib o‘tay, O‘zbekistonda yagona «Sodiq muxlislar» MChJ ochganmiz. O‘zbek futbolining vatani bu – Qo‘qon.

O‘zbekiston terma jamoasida birinchi golni urgan o‘yinchi qo‘qonlik Rustam Abdullayev. Jahon chempionati saralash uchrashuvidagi birinchi golni urgan ham qo‘qonlik No‘'mon Hasanov.

Bu yil jamoamiz ijrosida chiroyli, mazmunli o‘yinlar tomosha qilishga ishonib turibmiz. Nasib qilsa, mavsumning ochilish o‘yini – «Qo‘qon-1912» va «Buxoro» uchrashuvida ajoyib atmosferani tashkil qilamiz. Butun stadion bo‘ylab tomoshabinlardan mozaika tashkil qilamiz. Orkestr madhiyamiz kuyini jonli ravishda ijro etadi, muxlislar esa kuylaydi. Albatta, kelinglar, ko‘ringlar va zo‘r manzaraning guvohi bo‘linglar», – deydi «Sodiq muxlislar klubi» jamiyati rahbari, muxlislar yetakchisi O‘lmasbek Sayfuddinov.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
.

Mavzuga oid