O‘zbekiston | 21:27 / 29.02.2020
56946
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatining Olot tumaniga ayol kishi hokim etib tayinlandi

Bugun Buxoro viloyati Olot tumanida ham faollar yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda Olot tumaniga ayol kishi yangi hokim sifatida tayinlandi. Bu - Buxoro viloyati tarixida ayol kishi hokim etib tayinlangan ilk voqeadir.

Yig‘ilishda Buxoro viloyatining yangi hokimi Karim Kamolov, O‘zbekiston Prezidentining davlat xizmati va davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev ishtirok etgan.

Avval xabar berganimizdek, Olot tumani hokimi lavozimida shu kungacha ishlab kelgan Sherali Salomov Qorako‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Olot tumani hokimi vazifasiga Buxoro viloyati tarixida ilk bor ayol kishi tayinlangan. Buxoro viloyati hokimi K.Kamolovning qaroriga ko‘ra, 2004 yildan buyon Olot tumani hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, so‘nggi kunlarda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Nargiza Isomiddinovna Ne'matova Olot tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

N.Ne'matova 1964 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi vrach-terapevt. U 1991 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining kunduzgi bo‘limini tamomlagan. Faoliyati davomida Olot tumani markaziy kasalxonasi kardiolog vrachi, tuman markaziy kasalxonasi tug‘ruqqa tayyorlash bo‘limi mudiri, terapevt vrachi, bosh vrachi vazifalarida ishlagan.

2004 yildan hozirgacha Xalq deputatlari Olot tuman kengashining deputati sanaladi. 

Mavzuga oid