Jamiyat | 11:41 / 02.03.2020
8487
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar 7 bosh maymunning mamlakatdan yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishni fosh etdi

 O‘z manfaatlarini barcha narsadan ustun qo‘yib, bojxona qoidalarini buzishga urinayotgan shaxslarning qilmishlari o‘z vaqtida fosh etilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatga o‘zining “Leksus RX 330” avtoulovida chiqib ketayotgan fuqaro B.A.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi va ushbu fuqaro o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

 Natijada, avtomashinada bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma'lum qilinmagan va deklaratsiyada ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 100 million so‘mlik bir bosh “Oqpanja gibbon” va olti bosh “Yavana makakasi” turidagi maymunlar borligi aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

 Hozirda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan maymunlarning sog‘ligi veterinar-shifokorlar nazoratida bo‘lib, yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi 408-sonli Qonuni talablariga muvofiq, hayvonot dunyosi obektlarini olib kirish va olib chiqish belgilangan tartibda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid