Jahon | 17:09 / 05.03.2020
18726
3 daqiqa o‘qiladi

Isroilda ilk marta hijobli ayol parlament deputati etib saylandi

Isroildagi parlament saylovlarida 55 yoshli Imon Xatib Yosin ham deputatlikka saylandi. Shu tariqa, Knesset tarixida ilk marta hijobli arab ayoli faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

Foto: Getty Images / Anadolu Agency

The Times of Israel xabariga ko‘ra, Xatib Yosinning nomzodini ko‘rsatgan «Qo‘shma ro‘yxat» alyansi parlamentda 15ta o‘rinni qo‘lga kiritib, saylovda uchinchi o‘rinni olgan.

55 yoshli muslima bunga qadar mamlakat shimolidagi, 70 foiz musulmonlar yashaydigan Yafa an-Nasariyya shaharchasida jamoatchilik markazi rahbari sifatida ishlab kelayotgan edi.

«Qo‘shma ro‘yxat» alyansining saylovoldi roliklaridan birida Imon Xatib Yosin ayniqsa ayollar huquqlari va yoshlar masalalariga jiddiy e'tibor qaratishini ta'kidlagan.

Foto: Ahmad Gharabli / AFP

Bo‘lajak deputat Hayfa universitetida Ijtimoiy ish yo‘nalishida bakalavr darajasini olgan. Ushbu universitet – Isroil OTMlari orasida arab talabalarning ulushi eng ko‘p universitet (40dan yuqori) sanaladi.

Xatib Yosin magistr darajasini xotin-qizlar masalalari yo‘nalishida Tel-Aviv universitetida olgan.

U 2019 yil aprel va sentabr oylaridagi saylovlarda ham Knesset deputatligiga da'vogarlik qilgan, bu urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqqandi.

Netanyaxu partiyasi yana ko‘pchilik o‘rinni egallay olmadi

Foto: Reuters

2 mart kungi saylovda, 99,9 foiz byulletenlar sanab chiqilganidan keyingi holatga ko‘ra, bosh vazir Binyamin Netanyaxuning partiyasi – «Likud» 36ta ovoz bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, hukmron partiya maqomiga ega chiqa olgani yo‘q.

120ta o‘ringa ega bir palatali Knessetda nazoratni qo‘lga olish uchun kamida 61ta o‘rinni egallash talab etiladi.

«Ko‘klar va oqlar» alyansi («Kaxol-lavan») 33ta o‘rin, «Qo‘shma ro‘yxat» alyansi 15ta o‘rinni band etdi. Yakuniy natija bugun, 5 mart kuni e'lon qilinishi kutilyapti.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil aprel va sentabr oylaridagi saylovdan keyin parlamentda hukumat koalitsiyasini tuzishga muvaffaq bo‘linmagan edi. Bunday holat mamlakatning 72 yillik tarixida ilk bor yuzaga kelgan.

Isroilning turli moliyaviy institutlari o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, 11 oy ichida o‘tkazilgan 3ta umummilliy saylov iqtisodiyot uchun 10 milliard shekel (3 mlrd dollar atrofida)ga tushgan.

Shu bilan birga, agar Netanyaxu bu gal ham boshqa partiyalarni alyans tuzishga ko‘ndira olmasa, to‘rtinchi saylovlar ham o‘tkazilishi ehtimoldan xoli emas.

Mavzuga oid