O‘zbekiston | 17:37 / 05.03.2020
18734
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «LUKOYL» rahbarini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va kompaniyasi rahbari Vagit Alekperov ishtirokidagi uchrashuvda O‘zbekiston hududida geologiya-qidiruv sohasida hamda uglevodorod konlarini, shu jumladan, qazib olinishi qiyin bo‘lganlarini o‘zlashtirish borasida kooperatsiyani mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Rossiyaning «LUKOYL» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, jahonning yetakchi energetik korporatsiyalaridan biri va O‘zbekiston neft-gaz kompleksining muhim investori - «LUKOYL» bilan strategik sheriklikda sezilarli rivojlanishga erishilganini alohida ta'kidladi.

«Bugungi kunda kompaniyaning qo‘shma loyihalarga kiritgan sarmoyalari hajmi 10 milliard dollar atrofida. Yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Janubi-G‘arbiy Hisor va Ustyurtdagi konlarni o‘zlashtirish davom etyapti. Bundan tashqari, «LUKOYL» mamlakatimizdagi ijtimoiy dasturlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Kompaniyaning korporativ boshqaruv va neft-gaz tarmog‘ida raqamli texnologiyalarga o‘tish borasidagi tajribasi va ilg‘or yechimlarini jalb etish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan.

O‘zbekiston hududida geologiya-qidiruv sohasida hamda uglevodorod konlarini, shu jumladan, qazib olinishi qiyin bo‘lganlarini o‘zlashtirish borasida kooperatsiyani mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilingan.

Ilmiy izlanishlar hamda energetika sektori uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olingan.

Mavzuga oid