Sport | 23:04 / 06.03.2020
74242
3 daqiqa o‘qiladi

Rustam Inoyatov O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi lavozimini tark etdi

O‘zbekiston tennis federatsiyasiga yangi rahbar saylandi. Uzoq yillar bu lavozimni egallab kelgan 75 yoshli Rustam Inoyatov o‘rnida endilikda Alisher Mirsoatov faoliyat olib boradi.

Foto: Kun.uz

6 mart kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala edi, deb xabar bermoqda MOQ axborot xizmati.

«Konferensiyani O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi, Osiyo tennis federatsiyasi vitse-prezidenti Iroda To‘laganova olib bordi va dastlab federatsiya faoliyatidagi yangiliklar, yutuq va kamchiliklar haqida hisobotni o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng federatsiyaning yangi rahbarligiga O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Kudratullayevich Mirsoatov nomzodi ilgari surildi.

Konferensiya ishtirokchilari nomzodni bir ovozdan ma’qullashdi va Alisher Mirsoatov O‘zbekiston tennis federatsiyasining yangi raisi deb e’lon qilindi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov nomzod haqida o‘z fikrlarini bildirib, yangi rahbarning faoliyatida omad tilagan.

«Federatsiyani uzoq yillar davomida boshqarib kelgan Rustam Inoyatovga ham alohida minnatdorchilik izhor etaman. Aynan shu kishining boshqaruvida tennis federatsiyasida ish darhaqiqat professional tarzda yo‘lga qo‘yildi», – degan Rustam Shoabdurahmonov.

U Rustam Rasulevichni federatsiyaning faxriy prezidenti etib saylash taklifini kiritgan va taklif konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.

Federatsiyaning yangi raisi Alisher Mirsoatov avvalgi rahbariyat professional ish olib borganini ta’kidlagan.

«Tennis mening eng sevimli sport turlarimdan biri. Avvalgi rahbariyat professional ish olib bordi. Endi mendan 2-3 barobar samarali ishlash talab etiladi. Bu jamoa bilan bor kuch-g‘ayratimni berib ishlashga va’da beraman» – deya Alisher Mirsoatovdan iqtibos keltirilgan xabarda.

Shuning bilan O‘zbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

Mavzuga oid