Jamiyat | 15:27 / 07.03.2020
44842
4 daqiqa o‘qiladi

«Mulk» – Kun.uz'dan navbatdagi multfilm

Mulk ikki turga bo‘linadi: xususiy va... xususiymas.

Xususiy degani bu «kimnikidir» degani. Ya’ni mulkning tayinli egasi bor degani. Aynan shunday – egalik mulk ehtiyot qilingan, yuvib-taralgan, yaxshi ko‘rilgan mulkdir.

Agar uni biz yosh bolaga qiyoslaydigan bo‘lsak, u ota-onasining e’tiborida bo‘lgan, mehr ostida parvarishlanadigan, unib o‘sadigan bolaga o‘yshaydi.

Demak, xususiy mulk – u xoh mashina bo‘lsin, bino yoki butunboshli fabrika – egalik bo‘lgani uchun yuqori ehtimol ila xor bo‘lmaydi va egasiga foyda keltiradi.

Egasiga foyda keltirdimi, demak...  jamiyatga ham foyda keltiradi.

Zero egasi bunday mulkni nafaqat avaylaydi, balki uning ko‘payishi uchun ham urinadi.

Bu esa umummillat mulki ko‘payadi degani.

Egasiz mulkni ham yosh bolaga qiyoslaydigan bo‘lsak, unda bunday mulk e’tiborsiz qolgan, mehr ko‘rmayotgan yetim bolaga o‘xshaydi.

Demak, tayinli egasi bo‘lmagan mulk – u xoh mashina bo‘lsin, bino yoki butunboshli fabrika – bu ko‘pincha qarovsiz qolgan, o‘smaydigan mulk.

Zero uni ko‘paytirish uchun ko‘pincha hech kim jon kuydirmaydi-da.

Mulkning ustidan tajribalar ham o‘tkazishgan. Ba’zilar mulklarni egalaridan tortib olib, ommaviy mulkka aylantirishgan, «xususiy mulkni bekor qilamiz» degan shior bilan chiqishgan.

Bu tajriba natijasi shunday bo‘ldiki, mulkning tayinli egasi mavjud bo‘lmay qoldi va bir payt kelib hamma joyda mulklar xor bo‘lib qoldi, mulk asrab avaylanmaydigan, parvarishlanmaydigan bo‘lib qoldi. Ishlar izidan chiqdi.

Demak, har bir mulkning tayinli egasi bo‘lsagina u nafaqat avaylanadi, balki – ko‘payadi.

Shuning uchun jamiyatda mulkdorlar qancha ko‘p bo‘lsa, hamda ular mulklarini ko‘paytirishlari uchun sharoit qancha yaxshi bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Ming emas, millionlab odamlar qo‘lidagi mulkini ko‘paytirish bilan mashg‘ul bo‘lishini tasavvur eting!

Bu degani – butun mamlakat mulki jadal ko‘payadi degani.

Rivojlanayotgan yurtlar aynan shuning evaziga rivojlanishadi.

Hozirda insoniyatga xizmat qilayotgan qulayliklarning deyarli hammasi xususiy mulk egalari tomonidan yaratilgan.

Aynan mulkdorlar mulklari yanada ko‘payishini istab turli, odamlar uchun foydali bo‘lgan mahsulot va xizmatlarni o‘ylab topishadi va taklif etishadi.

Xususiy mulk egalari bo‘lmaganda, bularning aksari yuzaga kelmasdi – insoniyat eski jihozlarni ishlatib yurgan bo‘lardi.

Xulosa shuki, mulk xususiy qo‘llarda bo‘lsa hamda mulkdor xususiy qo‘llar qancha ko‘p bo‘lsa, milliy boylik shuncha ko‘payadi.

Va mamlakat qudratli bo‘ladi.

Mavzuga oid