Professor, hokim, o‘qituvchi va «Zulfiyachi»: Prezident mukofotlagan xotin-qizlar bilan suhbat
Bugun, 8 mart kuni Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi pavilonida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va vatan ravnaqi, xalq farovonligi, sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi, oila va jamiyat asoslarini mustahkamlash yo‘lidagi munosib xizmatlari uchun bir guruh xotin-qizlarni yuksak unvon, orden va medallar bilan mukofotladi.
Prezident bayram tabrigida haj ziyorati uchun yiqqan mablag‘ini mahalladoshlariga beg‘araz yordamga sarflagan rishtonlik tadbirkor Izrabu Usmonova, qishloq ahli uchun o‘z hisobidan «Mumtoz» nomli katta kutubxona ochgan sayxunobodlik Gavhar Husanova, 32 yoshida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi nufuzli Kolumbiya universitetining professori bo‘lgan Aziza Shonazarova kabi xotin-qizlarning faoliyatini alohida ta'kidladi.
Bayram tadbirida qatnashgan Kun.uz muxbiri faoliyati prezident tomonidan e'tirof etilgan xotin-qizlarning bir nechtasi bilan suhbatlashdi.
«Orden berishlaridan xabarim yo‘q edi»
«Bugun hayotimdagi eng baxtli kunlardan biri. Prezident meni «Do‘stlik» ordeniga loyiq ko‘rdi. Rosti, bundan xabarim yo‘q edi», – deydi bayram va mukofotlanish xursandchiligi bilan gapirgan Aziza Shonazarova.
— Mukofotni olayotganda Shavkat Mirziyoyev bilan bir necha daqiqa suhbatlashdingiz. Ayting-chi, prezident sizga nima dedi?
— Aziza, biz siz bilan faxrlanamiz. O‘zbekistonga tez-tez kelib turing, dedi.
Men O‘zbekistonga yilda bir-ikki marta kelib turaman.
Markaziy Osiyoda tasavvufning rivojlanishida ayollarning qo‘shgan hissasi mavzusiga qiziqaman. Doktorlik dissertatsiyam ham Markaziy Osiyoda so‘fiy ayollar va gender tarixi bilan bog‘liq.
Shu sababli, prezidentga ham endilikda O‘zbekistonga tez-tez kelib turishimni aytdim.
O‘zbekistonda gender tengligini ta'minlash bo‘yicha alohida dastur tuzilgani katta voqelik. Bu ayollarga nisbatan hurmat belgisi.
«Muloqotda ochiqlik, xalq bilan maslahatda ishlash va tashabbuskorlik – yangicha ishlashning asosi»
Prezident bugun biz xotin-qizlarni nafaqat bayram bilan tabrikladi, balki oldimizdagi bir yillik uchun juda muhim vazifalarni belgilab berdi, deydi To‘raqo‘rg‘on tumanining yangi hokimi Zulayho Mahkamova.
— Odatda viloyat va tuman rahbarlarining ayrimlari eskicha fikrlagani uchun tanqid qilinadi. Ayting-chi, bugun yangicha fikrlaydigan rahbar, hokim deb kimlarni aytish mumkin? Siz o‘z ish faoliyatingizda nimalarga ko‘proq e'tibor bermoqchisiz?
— Bu borada prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyati bizga yaxshi namuna bo‘la oladi.
Muloqotda ochiqlik, turli masalalarda xalq bilan maslahatda ishlash va doimiy tashabbuskorlik – yangicha ishlashning asosi desa bo‘ladi.
Bugun qaysiki rahbar ana shu fikr, xulosa bilan ishlayotgan ekan, demak u yangi davr ruhiga moslasha olgan.
Men tuman hokimi sifatidagi faoliyatimda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, sport, umuman, barcha yo‘nalishlarda to‘raqo‘rg‘onliklar bilan kengashib ish qilishga, ular bilan doimiy va eng muhimi, samimiy muloqot o‘rnatishga harakat qilaman.
Bu boradagi ishlarimizni ilm-ma'rifatga asoslangan holda holda tashkil qilamiz.
Ma'lumot uchun, Zulayho Mahkamova shu yilning 4 mart kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasiga tayinlangan edi.
«Kutubxonamizni juda tez meva beradigan mevali daraxtga o‘xshataman»
Faoliyati prezident tomonidan e'tirof etilgan ayollardan yana biri Gavhar Husanova. Undan prezident farmoniga ko‘ra «Shuhrat» medali bilan taqdirlangani hamda qishloq aholisi uchun tashkil qilgan kutubxona haqida so‘radik.
— 2004 yilda Guliston davlat universitetining filologiya yo‘nalishni tamomlab, o‘rta maktabda o‘qituvchilik faoliyatini boshladim.
2015 yilda turmushga chiqqanimda yangi oilamga 470dan ortiq kitob bilan kelganman. Qarangki, qaynonam ham ona tili o‘qituvchisi bo‘lgani uchun uyimizda mingdan ortiq badiiy kitoblar bor edi. Qarabsizki, qaynonam ikkimizning kitoblarimiz qo‘shilib uyda mo‘'jazgina kutubxona tashkil bo‘ldi.
Qaynona-kelin o‘qituvchilik faoliyatimizda o‘quvchilarga badiiy kitoblarni o‘qishni uyga vazifa qilib berardik. O‘quvchilar esa kitoblarni biznikiga kelib o‘qishardi.
Borib-borib uyimizdagi kutubxona butun bir qishloq aholisi foydalanadigan kutubxonaga aylandi.
2018 yilda aholiga madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatuvchi markaz ochdik. Uning ichida albatta kutubxona ham bor edi.
Hozirga kelib kutubxonamizda 8670dan ortiq kitob to‘plangan.
Men kutubxonamizni juda tez meva beradigan bir mevali daraxtga o‘xshataman.
«Mukofot qanchalik katta bo‘lmasin, u qizbolaga oila va farzand o‘stirishdek ahamiyatli bo‘lolmaydi»
Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan yigirma sakkiz nafar faol qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ular orasida qashqadaryolik Madina Norchayeva ham bor.
— Madina, avvalo mukofot bilan tabriklayman va biroz o‘ylantiradigan savol bermoqchiman. Shu paytga qadar 311 nafar qizlar bu mukofot bilan taqdirlangan ekan. O‘zingiz ham eshitgansiz, odatda “Zulfiyachi” qizlarni har safar mukofot olgandan keyin yo‘qolib qolishda ayblashadi.
— Tabrik uchun rahmat. «Zulfiya» mukofoti bu yil yigirmanchi bor topshirilayotgan ekan. O‘ylaymanki, bunda bir sirli ma'no bordek.
Siz bergan savolga kelsak. Fikringiz to‘g‘ri va buni qiz bolaning oila va jamiyatdagi vazifalari bilan ham bog‘lagan bo‘lardim.
Bu mukofot ko‘p hollarda yosh jihatidan ham turmushga chiqishga yaqin turgan yoki turmushga chiqqan qizlarga nasib qiladi. Qizlar turmushga chiqadi va yangi oiladagi yangi muhit, kelinlik burchi, farzand tarbiyasi hamda ko‘pchilik oilalarda qiz bolaga nisbatan qo‘yiladigan cheklovlar sabab o‘z qobiliyatlarini to‘la namoyon qilolmay qolishadi. O‘ylaymanki, mana shu nuqtada xotin-qizlarga ko‘proq ko‘mak, yordam zarur.
Ikkinchidan, mukofot qanchalik katta bo‘lmasin, u qizbolaga oila va farzand o‘stirishdek ahamiyatli bo‘lolmaydi.
«Zulfiyachi» qizlarning mukofotni olib jim bo‘lib ketishini sabablarini shularda ko‘raman.
Lekin biz jim bo‘lib ketmoqchi emasmiz. Ijodiy izlanishda davom etamiz.
Ilyos Safarov suhbatlashdi
Mavzuga oid
21:19 / 21.12.2024
Tadbirkor prezidentdan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini Cloud'da saqlashga ruxsat berishni so‘radi
20:49 / 21.12.2024
“Tannarxni tushirish – kengayish, hajmni oshirish bilan bo‘ladi” - Zafar Hoshimov
18:40 / 21.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga ta’ziya yo‘lladi
14:34 / 20.12.2024