O‘zbekiston | 22:00 / 09.03.2020
25204
13 daqiqa o‘qiladi

Fermer xo‘jaligi va klaster: oltin o‘rtalik qayerda?

Bir muddat avval saytimiz orqali «Klaster»: U O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini o‘nglay oladimi?» sarlavhasi bilan intervyu e'lon qilingan edi.

Unda «O‘zto‘qimachiliksanoat» rahbari Ilhom Haydarov O‘zbekistonda fermerlarning yeri klasterga birlashtirilishi vaji bilan tortib olingani, klasterlar va bu tizimga o‘tishdagi plyus-minuslar borasidagi savollarimizga javob qaytargan edi.

Quyida suhbatning ikkinchi qismi taqdim etiladi.

«Klaster tizimiga nisbatan «yomon» degan sifatni ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak»

Deylik, fermer yetishtirilgan paxtani klasterga sotdi. Bu yerda fermer uchun yetishtirilgan mahsulotdan olinadigan ikkilamchi mahsulot: moy va yem juda muhim. Xo‘sh, fermer va klaster o‘rtasidagi bu masala qanday yechiladi? Ikkilamchi mahsulotlar fermerga qaytariladimi?

– Siz paxtadan olinadigan ikkilamchi mahsulotlarni fermerga qaytarish masalasiga urg‘u berdingiz. O‘tgan yili bu mahsulotlardan olingan daromad fermerga ham bo‘lindi. Bu orqali fermerga shrot va sheluxa mahsulotlarini o‘zining chorva xo‘jaliklariga ishlatishga imkoniyat berildi.

Bunda ikkilamchi mahsulotni bo‘lish bo‘yicha fermer va klaster o‘zaro kelishadi.

Men suhbatimiz orqali o‘quvchilarga yetkazishni xohlardimki, bu tizim hali yaxshilanib boradi.

Tizimga yomon degan ta'rifni ehtiyotkorlik bilan ishlatishimiz kerak. Qolaversa, to‘qimachilikda bizga nisbatan yillar davomida majburiy mehnat borasida e'tiroz bo‘lib keldi. Klaster tizimi majburiy mehnat borasida e'tirozlarni olib tashlaydi.

Klasterlar orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining eng yangi texnika-texnologiyalari kirib kelmoqda. Aytmoqchimanki, bu yerda katta manfaat bor. Qishloq xo‘jaligi katta daromadli sohaga aylanadi.

«Shunday kunlar keladiki, fermer qaysi klaster bilan ishlashini o‘zi hal qiladi»

Hozirgacha fermerlar yerga ishlov berish, o‘g‘it solish kabi ishlar uchun yil boshida Moliya vazirligi qoshidagi jamg‘armadan kredit olib keladi. Endilikda fermerlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri klasterlar bilan shartnoma qiladi.  Yangi tizim bo‘yicha klasterlarning fermerlarga avvaldan to‘lov qilish tartibi saqlanib qoladimi?

– Prezident Shavkat Mirziyoyev klaster tizimini ilgari surayotganda bizning oldimizga moliyaviy barqarorlikni yaratish vazifasini qo‘ygan edi. Ya'ni qishloq xo‘jaligida moliyaviy barqarorlik bo‘lishi kerak.

Unga ko‘ra, fermer o‘z vaqtida mablag‘ni olib, o‘z vaqtida yerga kerakli ishlovni, o‘g‘itni bera olishi kerak.

Bu tizimga o‘tayotganda shunday maslahatlashuvlar bo‘lgandi. Unga ko‘ra, ikki xil taklif bildirildi. Birinchisi, pul mablag‘larini to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerga berish. Boshqa bir taraf aytdikki, yo‘q, pulni klaster orqali fermerga yetkazganimiz manfaatliroq bo‘ladi.

Aytmoqchimanki, ikkala qarash ham o‘zining ijobiy va salbiy jihatlariga ega.

Shunday kunlar keladiki, fermer qaysi klaster bilan ishlashini o‘zi hal qiladi. Yuqorida aytganimday, bir yoki ikki yilda klasterga yetarli xulosani berib bo‘lmaydi.

Ayrim klasterlar yaxshi ishlayotganini ko‘rib, fermerlar: «Men mana shu klaster bilan ishlayman. Bu klaster mening moliyaviy ta'minotimni ko‘tara oladi va kerak bo‘lsa, menga har doim yelkadosh bo‘ladi», deydigan bo‘ladi.

Bunda shakllangan bozor bo‘lishi kerak. Anarxiya bo‘lishi kerak emas. Masalan, fevral yoki kuz oylarida ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga ikki tomon ham amal qilishi kerak.

Qandaydir o‘zgarishlar bo‘lsa, yiliga bir marta bo‘lishi kerak. Chunki yil o‘rtasida bo‘lib qoladigan o‘zgarishlar sohaga kiritilayotgan o‘zgarishlarni ham salbiy ko‘rsatib qo‘yadi.

«Klasterni monopoliya deyishdan mutlaqo yiroqman»

– O‘zbekistonda aholining ko‘plab noroziliklariga qaramasdan hamon saqlanib qolayotgan monopoliyalar bor. Jumladan, soha ichidagi ayrim kishilar butun bir tuman qishloq xo‘jaligining bir shaxs, bir korxona (klaster)ga to‘planishi monopoliyaning yaqqol ko‘rinishi ekanligini aytishadi. Klasterlar monopoliyani ko‘rinishi ekanligi borasidagi tanqidlarga qanday qaraysiz?

– Klasterlarga nisbatan bunday xulosa berishdan mutlaqo yiroq bo‘lardim. Chunki har bir tumanda paxtadan tashqari g‘alla, meva va sabzavot mahsulotlari bor. Qishloq xo‘jaligida yo‘nalishlar ko‘p.

– Tumandagi g‘allachilik, meva sabzavotchilik va baliqchilik ham bir kishi tasarrufida bo‘lgan holatlar ham bor-ku.

– To‘g‘ri, bor. Bu yerda ayrim mutaxassislik bo‘lishi kerak. Avval sohada davlat monopoliyasi bor edi. Hozir bu holatni bir tuman misoliga kelganda monopoliya deb aytish ham juda to‘g‘ri bo‘lmaydi. Lekin to‘g‘ri aytyapsiz, fermer yoki uyushgan fermerlarda klaster bilan ishlashda tanlov imkoniyati bo‘lishi kerak.

Shu boisdan prezident so‘nggi vaqtlarda bir tashabbusni ilgari suryaptiki, fermerlarni kooperatsiya shaklida ishlatish.

O‘zim ko‘rgan misol: Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumanidagi iqtisodiy mustahkam fermerlar hozir kooperatsiya shaklida ishlayapti. Ular paxtani tolaga aylantirish orqali foyda ko‘rishyapti. Kelgusida ular to‘qimachilik sanoatiga ham o‘tishi mumkin.

Ya'ni to‘qimachilik sanoati paxta yetishtirishda monopoliya bo‘lib qoladi, degan fikrdan yiroq bo‘lish kerak.

«Suvni tejash bo‘yicha katta o‘zgarishlar bo‘ladi»

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi eng katta muammolardan biri bu – suv muammosi. Ayting-chi, klasterlar orqali bu muammo qanchalik yechimini topadi? Klaster tizimida suv yetishmovchiligi va uning isrofgarchiligi oldini olish borasida qanday rejalar bor?

 Klasterlarni bitta yutuq tarafi bor: ular moliyaviy tomondan barqaror. Ular dunyoda bor yangiliklarni juda tez qabul qila oladi.

O‘zbekistonda bor suv imkoniyatlari bilan ikki hosil miqdorida mahsulot olish sharoiti bor. Masalan, Avstraliyada ham suv tanqisligi bor, lekin ular har gektar yerdan o‘rtacha 80 sentner hosil olishyapti.

Biz bor suv imkoniyatimiz bilan ham yetarli hosil ololmayapmiz.

Sug‘orishning yangi usullari bo‘yicha hozirda 20-30 foiz suv tejalib boshlandi, hosildorlik ham oshyapti. Albatta, davlat subsidiyalari bo‘lmaganda buni klasterlarning o‘zi ham qila olmasdi.

Yaqin yillarda bizda suvni tejash borasida katta o‘zgarishlar bo‘ladi.

Fyermerlar klaster tizimidan rozimi?

Paxtachilikda davlat rejasi bekor bo‘ldi. Endilikda fermerlar klasterlar bilan erkin shartnoma tuzishi mumkinligi aytilyapti. Ammo qo‘limizdagi faktlarga ko‘ra, ayrim joylarda, masalan. Farg‘onada fermerlar hamon paxta zavodlar bilan shartnoma tuzishga majbur qilinyapti.

– Bu borada aybdor qidirishdan ko‘ra, boshqa bir jihatga e'tibor qaratgan bo‘lardim. Ya'ni, biz aytdik, klaster – shakllanayotgan tizim. Endilikda fermer va klaster orasidagi munosabatlarni to‘g‘ri va shaffof jarayonga olib kelishimiz kerak.

Biz Adliya, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari bilan birgalikda bu boradagi munosabatlarni tartibga soladigan qonunchilik ustida ishlayapmiz. Klaster to‘g‘risidagi qonun ustida ishlanyapti.

O‘ylaymanki, mana shu qonunlar orqali fermer, klaster va mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlar shaffof holatga olib kelinadi.

Savolingizga kelsak. Biz aytib o‘tdikki, ayrim fermerlar o‘zi kooperatsiya shaklida bevosita paxta zavod bilan yoki klaster bilan shartnoma tuzadi.

Bu yerda klaster joriy etilmagan tumanlar haqida gap ketayotgan bo‘lishi mumkin. Farg‘ona viloyatida hozirda 6ta ilg‘or klaster faoliyat yuritmoqda va ularda faoliyatni yanada kengaytirish imkoniyati bor.

To‘g‘ri, ularning hammasi ham teng ishlayotgani yo‘q. Men hozir bu klasterlar nomini, tumanlarni aytib o‘tmoqchi emasman. Bu yerda yomon, o‘rta va yaxshi ishlayotgan klasterlar ham bor.

Bizda hattoki klasterlarni almashtirish talabi ham yuzaga keldi va shunday qildik ham.

Istardimki, barcha mahalliy hokimliklar shu tizimdan manfaat ko‘rayotgan fermerlarni qo‘llab-quvvatlashsin. Ya'ni, fermer men shu klaster bilan ishlashdan manfaat ko‘ryapman, desa, hokimlik unga sharoit yaratib berishi kerak.

Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, 90 foiz fermerlar klaster tizimidan rozi va manfaatdor.

– Rostdanmi?

– Kafolati bilan aytishim mumkin. Bu – taxminiy raqamlar. Bundan ham katta bo‘lishi mumkin.

Siz ham, men ham bilamiz: agar mingta fermerdan bittasi ham men pulimni ololmadim desa, biz shu holatga e'tibor qaratishimiz kerak.

Siz qandaydir shubha bilan savol berdingiz. Sababi – biz ham, butun dunyoda ham yongan, kuygan narsaga e'tibor kuchli bo‘ladi.

Men bu tizimni bir holatga qiyoslamoqchiman. Birinchi marta kosmosga raketa uchirilganda bu katta revolyutsion tadbir bo‘lgan. To‘g‘ri, klaster bu kosmosga raketa uchirish emas, lekin bu ham katta bir islohot.

«To‘qimachilik sanoati va qishloq xo‘jaligi 3-4 yil emas, 5-6 yilni ham oldindan ko‘ra olishi kerak»

Klasterlar mustaqil MChJ shaklida tashkil qilinyapti. Lekin bizga shunday hujjatlar kelib tushdiki, unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 7ta klaster faoliyati bir yilni o‘zida tugatilgan.

Xo‘sh, nega bu tizimga davlat aralashyapti va klasterlar davlat tomonidan tugatilyapti?

– Davlat tomonidan tugatilyapti, degan so‘z unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Nima uchun? Bizda boshida 1ta klaster ishladi, keyingi 15ta bo‘ldi va o‘tgan yili 75ta.

Men son haqida gapirmayapman. Bu yerda huquqiy masala hali to‘la-to‘kis hal bo‘lmagan. Lekin prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida muammolarni hal qilish yo‘llari ko‘rsatib o‘tilgan.

Masalan, qaysidir klaster yangi tizimda ishlay olmaydi (bizda bunday holatlar ham bor). Ana shunday paytlarda ularni ham tushunib, faoliyatini to‘xtatish lozim bo‘lsa kerak.

Albatta sohada huquqiy, me'yoriy hujjatlar yana shakllantiriladi.

Endigina shakllanayotgan yangi tizimga yana davlat aralashuvi kishida xavotir uyg‘otadi...

– Rahmat sizga. Chunki to‘qimachilik sanoati va qishloq xo‘jaligi 3-4 yil emas, 5-6 yilni ham oldindan ko‘ra olish kerak.

Klaster biror joyda 40-50 yil ishlash uchun ishonchni, kelajakni ko‘rsa, unda ishlashga ishtiyoq boshqacha bo‘ladi. Nafaqat klaster, balki fermerning ham munosabati boshqacha bo‘ladi.

Eng salbiy narsa – mana shu ishonchning yo‘qolishi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid