O‘zbekiston | 08:19 / 11.03.2020
22105
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari koronavirus tufayli O‘zbekistonga tashrifini bekor qildi

AQSh Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Hindiston, O‘zbekiston va Pokistonga tashriflar «ehtiyot chorasi sifatida» qoldirilgan.

Mark Esper / Foto: REUTERS/Yuri Gripas

AQSh mudofaa vaziri Mark Esper koronavirus tufayli Hindiston, O‘zbekiston va Pokistonga tashriflarini bekor qildi. Bu haqda Pentagon vakili Alissa Fara xabar berdi.

«Ehtiyot chorasi sifatida mudofaa vaziri Esper Hindiston, O‘zbekiston va Pokistonga safarlarini keyinga qoldirishga, AQShda qolishga va Mudofaa vazirligiga koronavirusga qarshi kurashda yordam berishga qaror qildi», - deb yozadi Fara Twitter’da.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyining boshida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo to‘rt kun ichida u to‘rt davlatga, shu jumladan, O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 

Pompeoning tashrifidan bir necha kun o‘tgach, Davlat departamenti Vashingtonning Markaziy Osiyo respublikalari bilan munosabatlarini bayon etuvchi hujjatni e'lon qildi.

29 fevral kuni Vashington va «Tolibon» o‘rtasida tinchlik bitimi imzolandi, dushanba kuni esa OAV AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagani to‘g‘risida xabar berdi. Kelishuvga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar toliblar bilan bitim imzolangandan keyin 135 kun ichida mintaqadagi qo‘shinlari sonini 8,6 ming askargacha kamaytirishi kerak. 

Avvalroq, sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekistonda hozircha yirik ichki tadbirlarni bekor qilishga asos yo‘qligi haqida ma'lum qilgandi. 

Mavzuga oid