O‘zbekiston | 11:42 / 12.03.2020
9458
10 daqiqa o‘qiladi

Dorilarning xalqaro patentlanmagan nomlanishi bo‘yicha retseptlarni rasmiylashtirish tartibi aniqlashtirilmoqda

Dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlanishi bo‘yicha retseptlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: Valeriy Matytsin/TASS

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlanishi bo‘yicha retseptlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Davolash-profilaktika muassasalarida sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori preparatlari va tibbiy buyumlar, shuningdek O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash taqiqlanadi.

Mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat'i nazar davolash-profilaktika dori vositalarini xalqaro patentlanmagan nomlanishi bo‘yicha rasmiylashtirishi, dori vositalar va tibbiy buyumlarni qabul qilish, saqlash va bemorlarning dori preparatlarini qabul qilish va qo‘llash bo‘yicha nazorat Sog‘liqni saqlash vazirligi dori vositalari va tibbiy buyumlarni muomalasini tartibga solish boshqarmasi va uning viloyatlardagi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat'i nazar davolash-profilaktika muassasalarida belgilangan tartibda bemorga retsept bilan beriladigan dori vositalarini retsepsiz rasmiylashtirish taqiqlanadi.

Bemorga tayinlangan dori preparatlari (dori preparatlarining xalqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hisob hujjatlari (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasida) qayd qilinadi va bevosita davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi.

Dori preparatlari, shu jumladan, dorixonalarda ekstemporal usulda tayyorlanadigan dori preparatlari va tibbiy buyumlarini davolovchi shifokor tomonidan o‘z imzosi bilan tasdiqlangan qog‘oz ko‘rinishidagi retsept blankida va/yoki davolovchi shifokorning o‘z elektron imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklidagi retsept ko‘rinishida bemor nomiga rasmiylashtiriladi.

Davolash-profilaktika muassasalarida bemorlarga dori preparatlarini tayinlash tashxis va davolash standartlari asosida bir martalik, kunlik va kurs dozalarini aniqlash orqali kasallikning turi, og‘irligi va xususiyatiga hamda bemorning yoshini hisobga olgan holda davolovchi shifokor tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda bemorga tayinlangan dori vositalarining asosliligi davolash-profilaktika muassasasining bo‘lim mudiri yoki navbatchi shifokori yoxud klinik farmakologi bilan kelishilishi lozim:

bemorga bir vaqtning o‘zida besh va undan ortiq dori vositalari (dori vositasining turidan qat'i nazar) tayinlanganda;

asosiy kasallikning asoratlari yoki hamroh kasalliklari mavjud bo‘lganda;

dori vositalarining xavfli kombinatsiyalari mavjud bo‘lganda.

Ushbu hollarda tayinlangan dori vositalarining asosliligi bemorning tibbiy hujjatlarida qayd etilishi va ushbu tibbiy hujjatlar bevosita davolovchi shifokor hamda mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan ham imzolanishi lozim.

Davolovchi shifokor davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga ushbu muassasada mavjud bo‘lmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayinlashi mumkin.

Tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lgan holatda (hayotiy ko‘rsatmalari bo‘yicha, individual ko‘tara olmaslik) Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis va davolash standartlariga kirmagan, ushbu muassasada mavjud bo‘lmagan dori vositalarini konsilium asosida tayinlanadi va tibbiy hujjatlarda qayd etiladi.

Davolash-profilaktika muassasasining davolovchi shifokori tomonidan dori preparatlari retsept asosida tayinlanganda, retseptda shifokorning farmatsevt xodimga dori preparatining tarkibi, shakli, uni tayyorlash va berish haqidagi yozma ko‘rsatmasi lotin yozuvida, dori preparatlarini qo‘llash usuli esa o‘zbek yoki rus tilida ko‘rsatilishi shart. Zarur hollarda malakali tarjimani ta'minlagan holda bemor tushunadigan boshqa tilda yozilishi lozim.

Retsept bemorga uning yoshi, dori preparatini xalqaro patentlanmagan yoki kimyoviy nomi, murakkab tarkibli dori preparatlari uchun savdo nomi, dori preparati ekstemporal usulida tayyorlanganida uning tarkibiga kiruvchi dori preparatlarining nomlari, shuningdek ularning dozasi, davriyligi, qabul qilish vaqti va davomiyligi, oziq-ovqat bilan o‘zaro ta'sirlashuvchi dori preparatlari (ovqatdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatdan keyin) ko‘rsatilgan holda retsept blankiga muvofiq beriladi.

Bunda retseptda tayinlangan dori preparatlari (dori preparatlarining xalqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) retseptning yirtma koreshogida ham bir-biridan farqlanmaydigan holatda ko‘rsatilishi shart.

Davolovchi shifokor tomonidan davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga retseptda oziq-ovqatlar bilan o‘zaro ta'sirlashuvchi dori preparatlari (ovqatlanishdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatlanishdan keyin) qo‘llanilishi bo‘yicha ma'lumotlar ko‘rsatilmasligi mumkin

Davolanayotgan bemor (bemorning qarindoshlari yoki uning sog‘lig‘idan xabar oluvchi boshqa shaxslar)ga dori vositalari va/yoki tibbiy buyumlariga retsept berilganligi haqidagi ma'lumotlar uning tibbiy hujjatlarida qayd etiladi.

Davolovchi shifokor tomonidan quyidagi holatlarda dori vositalariga retsept rasmiylashtirilishi taqiqlanadi:

mijozning tibbiy ko‘rsatmasi bo‘lmagan holatlarda;

O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan dori preparatlariga O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan dori preparatlariga (bundan orfan dori vositalari va tibbiy buyumlari mustasno);

faqat davolash-profilaktika muassasalarida qo‘llashga mo‘ljallangan dori preparatlari, shu jumladan narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori preparatlariga;

davolash-profilaktika muassasalarida dori preparatlari va tibbiy buyumlarni tayinlash tartibi to‘g‘risida Nizomning 5-ilovasiga muvofiq “Bir-biriga nomutanosib dori vositalari ro‘yxati”da ko‘rsatilgan dori vositalariga.

Retsept yozishda davolovchi shifokor “Asosiy retseptura qisqartmalari”dan foydalanishi mumkin.

Retseptda aynan qanday dori preparati yozilganligini aniqlashda adashtiruvchi ingrediyentlarning nomiga yaqin qisqartmalarni yozishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Har bir davolash-profilaktika muassasasidagi davolovchi shifokorlarga retsept blanklari ushbu muassasa rahbarining buyrug‘i bilan tayinlanadigan javobgar shaxs tomonidan, dam olish va bayram kunlari hamda tungi vaqtlarda esa davolash-profilaktika muassasasining mas'ul navbatchi shifokori tomonidan beriladi.

Shifokorlarga beriladigan retsept blanklarining hisobi “Davolash-profilaktika muassasalarida retsept blanklarini berishni qayd qilish jurnali”ga muvofiq yuritiladi.

Retsept Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan berilganda ularning yuqori qismi chap burchagida davolash-profilaktika muassasasining nomi va manzili tegishli shtamp qo‘yilgan holda ko‘rsatilishi, xususiy davolash-profilaktika muassasalari tomonidan berilganda esa qo‘shimcha ravishda retseptning yuqori qismi o‘ng burchagida ushbu muassasaning faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha berilgan litsenziyaning tartib raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati ham ko‘rsatilishi lozim.

Retseptda "Ichish uchun", "Ma'lum", "Qoida tariqasida" va boshqa shu kabi belgilardan foydalanish man etiladi.

Ekstemporal dori preparatlari uchun retsept rasmiylashtirilishida qattiq va sochiluvchan dori moddalari grammlarda (0,001; 0,5; 1,0), suyuq dori moddalarining miqdori millilitr, tomchilarda ko‘rsatiladi.

Retsept blankida ko‘rsatilgan kataklar aniq va tushunarli tarzda to‘ldirilishi, unda o‘chirish va tuzatishlarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Bemorga dori preparatlari va tibbiy buyumlarini shoshilinch yoki zudlik bilan berish zarur bo‘lgan taqdirda, retsept blankining yuqori qismiga «cito» (shoshilinch) yoki «statim» (zudlik bilan) belgisi qo‘yiladi. Shu kabi belgilar elektron retseptda ham joylashtiriladi.

Tayyor dori preparati uchun qog‘oz ko‘rinishidagi retsept yoki elektron retseptlar rasmiylashtirilganda ularning miqdori dori preparatini qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomasiga muvofiq bo‘lishi kerak.

Retsept davolovchi shifokorning imzosi va shaxsiy muhri bilan tasdiqlanishi lozim. Bunda davolovchi shifokor shaxsiy muhrining tashqi aylana diametri 20 mm, kichik aylana diametri 10 mm, aylanalar orasidagi masofa 3 mm va kichik aylana ichidagi chiziq uzunligi 8 mm bo‘lishi hamda katta aylana ichida davolovchi shifokorning familiyasi, ismi va otasining ismi, kichik aylana ichidagi chiziqda "shifokor" so‘zi yoziladi.

Qog‘oz ko‘rinishidagi retsept va/yoki elektron retseptlar ular rasmiylashtirilgan kundan boshlab 30 kun mobaynida amal qiladi.

Kasalligi surunkali bo‘lgan bemorlar uchun ambulatoriya sharoitida kasalliklarning xalqaro tasnifi ro‘yxatiga kiritilgan dori preparatlari hamda asosiy farmakologik ta'sirga ko‘ra anabolik faolligi bilan ajralib turadigan dori preparatlariga retsept berilganda, davolovchi shifokor tomonidan istisno tariqasida retseptda ularning 60 kunlik davolash kursiga yetarli miqdori, qolgan tayyor dori preparatlariga esa 90 kunlik davolash kursiga yetarli miqdori ko‘rsatilishi mumkin. Bunda retseptda dorixonadan dori preparatlarini berish davriyligi (har hafta, har oy va boshqalar) ko‘rsatilishi shart.

Qog‘oz ko‘rinishidagi retsept qo‘shimcha «Maxsus maqsadlar uchun» yozuvi bilan davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi, elektron retseptlarga esa «Maxsus maqsadlar uchun» belgisi va elektron raqamli imzo qo‘yiladi.

Statsionar davolash-profilaktika muassasasida davolangan bemorga ambulatoriya sharoitida davolanishni davom ettirish zarur bo‘lgan hollarda retsept ambulatoriya-poliklinika muassasasining shifokori tomonidan bemorning tibbiy hujjatlaridan olingan ko‘chirmasidagi davolovchi shifokorning ambulatoriya sharoitida dori preparatining qo‘llanilishi haqidagi tavsiyasiga asosan beriladi.

Belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilmagan qog‘oz ko‘rinishidagi va/yoki elektron retsept haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Mavzuga oid