O‘zbekiston | 20:47 / 13.03.2020
5218
2 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman: O‘zbekistonda bola huquqlari poymol bo‘lishida ota-onalar eng katta aybdor

Bugun, 13 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik Palatasida OAV vakillari uchun brifing o‘tkazildi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 2020 yilda rejalashtirilgan faoliyatiga xususida axborot berildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova respublikada bolalarni asosan qaysi holatlardan ko‘proq aziyat chekayotganliklari haqida gapirdi.

«Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini uy-joy bilan ta'minlash bizning eng og‘riqli muammolarimizdan biri hisoblanadi va u qator tizimli masalalarni keltirib chiqaryapti.

Yana bir muammo: nogironligi bor bolalarni ta'limga to‘liq qamrab olish. Amalda juda kam shunday toifadagi bolalar maktabda tengdoshlari qatori ta'lim olishyapti.

Qonunchiligimizda, xususan, Oila kodeksida, Uy-joy kodeksida, «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga imtiyozlar berish bo‘yicha aniq normalar belgilangan. Qonunchilikda o‘zgartirishlar ham qilgandik. Ammo ularning ijrosida sustkashlik qilinmoqda. Endilikda bizda vazifalar ijrosini nazorat qilish vakolati paydo bo‘ldi. Ijrochilardan talab qilish imkoniyatimiz bor.

Afsuski, bizning sa'y-harakatlarimizning o‘zi yetarli emas. Ota-onalar o‘zi bolasini asrashi, unga inson sifatida munosabat bildirishi kerak. 8 mart kuni Samarqandda kanalda 3 yoshli bola jasadi topilganida, marhumning ota-onasi FVVni aybladi. Nima sababdan siz, ota-ona, o‘zingiz farzandingizga ko‘z-quloq bo‘lmaysiz. Bu holat bolalarga nisbatan ota-onalarning o‘ta e'tiborsizligini ko‘rsatadi va shu sababli ko‘p hollarda ota-onalar bola huquqlari poymol bo‘lishida asosiy aybdor hisoblanishadi.

Fikrimcha, yig‘ilib qolgan masalalarni hal qilishda jamoatchilik kengashi tuzishimiz kerak. Ekspertlardan iborat ishchi guruh tuzib, vakillik davlat idoralari bilan hamkorlik o‘rnatishimiz zarur. 2020–2021 yillarga mo‘ljallangan Bola huquqlarini himoya qilish Milliy strategiyasini ishlab chiqishimiz lozim, deb o‘ylayman», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid