Jamiyat | 14:11 / 14.03.2020
83907
2 daqiqa o‘qiladi

«2 kishi vafot etgan, 4 kishi shifoxonaga yotqizilgan» - Uchtepa tumanida ro‘y bergan portlash joyidan lavha

14 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasida joylashgan avtoservislardan birida portlash ro‘y bergani haqida videolar tarqaldi.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.  Avtoservisda kislorod balloni portlagan, natijada servis binosi tomining bir qismi qulab tushgan. 

Muxbirimizning xabar berishicha, voqea joyi o‘rab olingan va hech kim ichkariga kiritilmagan. Dastlab na ichki ishlar xodimlari, na Favqulodda vaziyatlar vazirligi vaziyatga izoh berishmadi. Hatto olingan video lavhalarni o‘zini Ichki ishlar eksperti deb tanishtirgan Sirojiddin Solihov degan shaxs jurnalist qo‘lidan telefonni olib, olingan kadrlarni o‘chirib tashladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibining Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, birlamchi ma'lumotlarga ko‘ra portlash natijasida 2 kishi vafot etgan, 4 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Hozircha vafot etganlar shaxsi noma'lum. Shifoxonaga yotqizilganlarning ahvoli haqida ayni paytda ma'lumot berilmadi.

Hozir tergovga qadar tadbirlar olib borilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, prokuratura va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari voqea joyida ishlamoqda.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Mavzuga oid