O‘zbekiston | 22:34 / 14.03.2020
66984
5 daqiqa o‘qiladi

«Islomobod» jome masjidi O‘zbekistondagi eng katta masjid bo‘lishi kutilmoqda

Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida qurilayotgan uch qavatli “Islomobod” jome masjidi O‘zbekistondagi eng katta masjid bo‘lishi kutilmoqda. 2019 yilning oktyabrida qurilishi boshlangan ushbu masjidning xonaqohida 8 ming kishi namoz o‘qishi mumkin. Hovlisi va yon-atrofidagi joylar bilan birga masjid 13 ming namozxonga xizmat ko‘rsata oladi.

Ustaboshi Mahamadjon Umarovning aytishicha, “Islomobod” jome masjidida har biri 63 metrli 4ta minora qurilmoqda. Hozircha O‘zbekistonning hech bir masjidida bunday balandlikdagi minora yo‘q, qolaversa, u mamlakatimizdagi 4 minorali ilk masjid bo‘lishi aytilmoqda.

“2018 yili Toshkent shahar hokimining qarori bilan 20 masjidning qayta qurilishi belgilangan bo‘lib, ularning orasida “Islomobod” jome masjidi ham bor. Masjid loyihasini tayyorlashdan oldin Toshkentdagi deyarli barcha masjidlarga borib, ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganib chiqdik. Shulardan kelib chiqib odam ko‘p to‘plangan vaqtda ham bino ichkarisida havo almashishi me'yorida bo‘lishi uchun masjidning yerto‘la qismi besh metr balandlikda qurilmoqda. Bundan tashqari, odamlar kirib-chiqishda qiynalmasligi, tirbandlikning oldini olish maqsadida masjidda ikkita kirish joyi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda masjidning birinchi qavati, ya'ni yerto‘la qismi qurib bitkazildi. Hozir ikkinchi qavat – honaqoh qurilmoqda. Ushbu masjidning 4 ta minorasi bo‘ladi, har bir minoraning balandligi 63 metrdan. Ayni paytda ikkita minora 22 metrgacha qurib bo‘lindi. Bu O‘zbekistonda to‘rt minorali ilk masjid bo‘ladi”, deydi ustaboshi.

11 mart kuni “Islomobod” jome masjidiga ramziy g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va masjid qavmi ishtirok etishdi. Muftiy hazratlari ushbu masjid qurilishiga turli darajada hissa qo‘shayotgan barcha-barchaning haqqiga duo qildi.

“Hozir qaysi bir masjidga borsak, ular odam bilan liq to‘la. Musulmonlarimiz masjidlarga sig‘may qolishyapti. Shuning uchun masjidlar keng-keng qilib qurilyapti. Jumladan, “Islomobod” masjidi ham namozxonlarga qulay bo‘lishi uchun keng qilib qurilmoqda. Ushbu masjid o‘z bag‘riga 8 ming nafar odamni sig‘dira oladi. Tahoratxona ham mana shu jamoatga moslashgan holda qurilmoqda. Ya'ni 150 kishiga mo‘ljallangan tahoratxonani qurishni rejalashtirilgan.

“Islomobod” masjidi hashar yo‘li bilan qurilmoqda. Masjid qurilishiga hissa qo‘shganlar, homiylik qilganlar, ustachiligini qilganlar, shu yerda ishlayotgan kishilarga obu ovqatini tayyorlab berayotganlar, hatto shu yerda masjid qurilishiga moyil bo‘lgan kishilarga Allohning juda katta ajri bo‘ladi. Hadisi sharifda: “Kim Allohdan savob umidida bitta masjid qursa Alloh taolo unga jannatda shunga o‘xshagan bino quradi”, deyiladi. Masjidni qurish bitta odamning o‘zi bilan emas, hashar bilan qilinsa, uning bitta g‘ishtini olib qo‘yganga ham Alloh oxiratda katta mukofot beradi”, deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov.

Masjid qurish, uni obod qilish Alloh ulkan savobni va'da qilgan afzal amallardan bo‘lib, u inson vafotidan keyin ham savobi to‘xtamay yozilib turadigan sadaqai joriya hisoblanadi. Alloh taolo “Tavba” surasida shunday marhamat qiladi:

“Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar” (Tavba surasi, 18-oyat).

Allohning kalomida keltirilgan va payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tasdiqlagan ulug‘ ajrga sazovor bo‘lish, masjid qurish savobiga sherik bo‘lish niyatidagi yurtdoshlarimizni Allohning uyini barpo qilishdek ezgu ishga hissa qo‘shishga chorlab qolamiz.

Xayrli ishga hissa qo‘shmoqchi bo‘lganlar uchun:

Masjid imom-xatibi ABDULLO YULDASHEV nomiga ochilgan karta:

CLICK / PAYME: 8600 0604 2270 7688

UNION PAY, XALQ BANK 6262 9100 9491 4488

ABDULLO YULDASHEV

PAYNET (UZMOBILE):

+998990556611, +998990556622, +998990556633

Masjid imom-xatibi Abdullo Yo‘ldoshev

Xorijdan mablag‘ yubormoqchi bo‘lganlar pasport ma'lumotlari:

YULDASHEV ABDULLO TURAPOVICH AA4313913

Mavzuga oid