O‘zbekiston | 16:52 / 14.03.2020
31308
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida yana bir tuman hokimi almashdi

O‘ktam Masharipov Hazorasp tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Xalq deputatlari Hazorasp tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tyapti. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Farhod Ermanov nutq so‘zladi.

Muhokamalardan so‘ng, Ravshan Shonazarovich Jabborovni Xorazm viloyati Hazorasp tumani hokimi vazifasidan ozod etish haqidagi viloyat hokimining qarori Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan tasdiqlandi. 

2014 yildan Xorazm viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Ravshan Jabborov 2018 yil 1 dekabr kuni Hazorasp tumani hokimi sifatida ish boshlagandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, viloyat hokimi Hazorasp tumani hokimi lavozimiga O‘ktam Rustamovich Masharipov nomzodini tavsiya qildi. Muzokaralardan so‘ng, O‘ktam Masharipov nomzodi Hazorasp tumani hokimi lavozimiga deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

O‘ktam Masharipov bunga qadar Yangibozor tumani hokimi sifatida ishlagan. Undan avval Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritgan.

Ma'lumot uchun, Hazorasp tumani viloyat hududining 33,8 foizini egallaydi. Tumandan Urganch shahrigacha 56 km. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Turkmaniston davlatlari bilan chegaradosh.

Avvalroq, Yangiariq tumani hokimi o‘zgargani xabar qilingandi. 

Mavzuga oid