O‘zbekiston | 17:15 / 16.03.2020
43394
5 daqiqa o‘qiladi

Korzinka va Makro rahbarlari – koronavirus ta'siri, zaxiralar va narxlar haqida

O‘tgan hafta oxirida O‘zbekistonda koronavirusga chalingan dastlabki bemorlar aniqlangach, Toshkent shahrida birlamchi tovarlarga nisbatan talab oshdi: 15 mart kuni tushdan keyin supermarketlarda odatdagidan ko‘proq xaridorlar kuzatildi.

Kun.uz muxbirlari aholida tug‘ilgan savollarga javob olish va vaziyatga aniqlik kiritish uchun poytaxtdagi ikki eng yirik chakana savdo tarmoqlari – Korzinka va Makro rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Zafar Hoshimov: «Mahsulotlar yetishmovchiligi yoki do‘konlar yopilib qolishidan xavotir olishga asos yo‘q»

«Xaridorlar biroz ko‘payib, navbatlar paydo bo‘lgani rost. Lekin hamma mahsulotlar yetarli. Navbatda turganlarning ko‘pi bilan gaplashib, nima sababdan bunaqa ko‘p mahsulot olyapsiz, deya so‘radim. Ular ko‘p odam yig‘iladigan joylar yopiladi, deyilgani uchun, bozor va do‘konlar ham yopiladi, deb tushunishgan.

Odamlar do‘kon va bozorlar yopilib qolishi ehtimolini o‘ylab, uzoq vaqt saqlasa bo‘ladigan shakar, un, guruch, grechka, makaron, yog‘, konserva mahsulotlari, har xil dezinfeksiya vositalari, sovun ko‘p xarid qilishdi», – deydi Zafar Hoshimov.

Tadbirkorning ma'lum qilishicha, u rahbarlik qilayotgan supermarketlar tarmog‘i so‘nggi haftalar davomida mahsulotlar zaxirasini bir necha barobarga ko‘paytirgan.

«Shuning uchun hech qanaqa vahimaga o‘rin yo‘q. Mamlakatimiz karantinga yopilgan bo‘lsa ham, mahsulotlar kelishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Na mahsulotlar yetishmovchiligidan va na do‘konlar yopilib qolishidan xavfsirashga o‘rin yo‘q», – deydi u.

Talabning oshgani mahsulot narxiga ta'sir etmaydimi, degan savolga javoban Hoshimov shunga yarasha taklif ham yetarli ekanini aytdi.

«Taklif borasida hech qanaqa muammo yo‘q. Talab yetarli darajada qondirilyapti. Bugungi kundagi holat va zaxiralarimizdan kelib chiqib, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi shu kunlarda keskin oshishi imkonsiz, deb hisoblayman», – dedi Zafar Hoshimov.

Roman Sayfulin: «Yaqin orada birlamchi iste'mol tovarlari tanqisligi yuz berishi ehtimoli yo‘q»

«Makro» supermarketlar tarmog‘i rahbari Roman Sayfulin tarmoqning barcha supermarketlari odatdagi rejimda ishlayotganini ma'lum qildi.

«Ish rejimini o‘zgartirishga zarurat yo‘q. Tovarlar barcha do‘konlarimizga sutka davomida yetkazib berilyapti.

15 mart kuni tushdan keyin ba'zi mahsulotlar – un, o‘simlik yog‘i, shakar, grechka, hojatxona qog‘ozi, antibakterial sovun, sanitayzerlarga talab oshdi.

Shuni ham aytib o‘tishni xohlardimki, bizda eng muhim mahsulotlar zaxirasi bor. Masalan, o‘simlik yog‘i.

Misol uchun, basmati navli guruch kelishida muammo ro‘y bergan taqdirda ham, bizda alanga yoki lazer kabi guruch navlari bor. Mamlakatimiz o‘z-o‘zini oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli darajada ta'minlay oladi.

Yaqin orada birlamchi iste'mol tovarlari yetishmovchiligi yuz berishi ehtimoli yo‘q. Chunki, masalan, Italiyadan keltirilgan makaronlar qatorida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning makaron mahsulotlari ham bor.

Ta'kidlashim kerak, bizda «fresh» va «ultra fresh» kategoriyasidagi tovarlarning 90 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetkazib beradi», – dedi Roman Sayfulin.

Tadbirkor biz bilan suhbatda ma'lum qilganidek, 16 martdan boshlab Makro tarmog‘idagi barcha supermarketlarda uch qavatli tibbiy niqoblar va sanitayzerlar sotila boshlandi.

«Imkoniyatdan foydalanib, shahar aholisiga murojaat qilmoqchiman. Barcha supermarketlarimiz odatiy rejimda ishlashda davom etyapti. Sotuvdagi tovarlar nomenklaturasida qisqarish bo‘lgani yo‘q. Uyingizdagi muzlatkich va polkalarni haddan ortiq to‘ldirib yubormang, axir aynib qolishi mumkin», – deya hazil aralash so‘zini yakunladi Roman Sayfulin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, koronavirus kirib kelishi bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan vahimalar asossiz – bozorlar va do‘konlar yopilmaydi, mahsulotlar importiga cheklov yo‘q, yetarlicha zaxira bazasi mavjud.

Mavzuga oid