Jahon | 23:45 / 18.03.2020
6034
2 daqiqa o‘qiladi

Space X navbatdagi 60 ta sun'iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi 

AQShnig Space X kompaniyasi Starlink missiyasining navbatdagi 60 ta sun'iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi.

Foto: Reuters

Butun dunyoni internet bilan ta'minlashga qaratilgan loyiha doirasidagi parvozni amalga oshirish uchun bir raketa – Falcon 9’ning o‘zi 5-marotaba qo‘llandi. Ammo raketa qo‘nishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Shu sababli 6-parvoz uchun boshqa raketa qo‘llanadi. Kompaniya rahbari Ilon Maskning ta'kidlashicha, raketaning dvigatellaridan biri parvozning erta bosqichida o‘chib qolgan. Kompaniyada bu hodisa taftish qilinishi aytilgan.

Raketa Kanaveral burnidagi (Florida shtati) kosmodromdan uchirilgan. 

Raketa parvozi avvalboshi 15 mart kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan, biroq oxirgi lahzada qoldirilgandi. Kompaniyada start avtomatik tizim tomonidan to‘xtatilgani va bu raketaning dvigatelida muammolar paydo bo‘lgani bilan bog‘langani ma'lum qilingan. 

Bu loyiha doirasida 2019 yil mayidan beri sun'iy yo‘ldoshlar guruhining orbitaga 6-marta chiqarilishidir. Orbitaga olib chiqilgan oxirgi sun'iy yo‘ldoshlar hisobga olinsa, SpaceX’ning sun'iy yo‘ldoshlari guruhi umumiy hisobda 360 ta sun'iy yo‘ldoshga yetdi.

Yangi sun'iy yo‘ldoshlar 212 kmdan 386 kmgacha balandlikdagi elliptik orbitaga chiqariladi. So‘ngra ularning sozligi tekshirilgach, ular o‘z dvigatellari yordamida 550 km balandlikdagi ishchi orbitaga chiqariladi.  

Kompaniya yaqin kelajakda orbitada umumiy hisobda 12 mingta sun'iy yo‘ldosh joylashtirmoqchi. Bu dunyoning istalgan nuqtasidan keng polosali internetga kirishni ta'minlaydi.

Loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan investitsiyalar umumiy qiymati 10 mlrd dollarga baholanmoqda. Kompaniyada ma'lum qilinishicha, sun'iy yo‘ldoshlar 2020 yilda butun Shimoliy Amerikani, 2021 yilda esa butun sayyorani internet bilan qoplaydi.

Mavzuga oid