O‘zbekiston | 13:34 / 19.03.2020
5312
4 daqiqa o‘qiladi

Elektron tijoratni izchil rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Tovar xomashyo birjalari faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilindi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Tovar xomashyo birjalari faoliyatiga ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekiston respublika tovar xom-ashyo birjasi” AJ (“O‘zRTXB” AJ) aksiyadorlarining 2019 yil 19 noyabrdagi umumiy yig‘ilishi qaroriga muvofiq ilg‘or axborot-texnologiyalarini joriy etish va birja faoliyatida elektron tijoratni izchil rivojlantirish, talab va taklif hamda narxlarni prognozlashtirish uchun tovar bozorlarini, shuningdek, tovar bozorlari kon'yunkturasiga jiddiy ta'sir etuvchi omillarni har tomonlama tahlil qilish bo‘yicha dolzarb vazifalarni hisobga olgan holda jamiyatning yangilangan tuzilmasi tasdiqlangan.

Birja savdolari mexanizmlarini takomillashtirish va “O‘zRTXB” AJ faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi:

o‘tkaziladigan savdolar shaffofligini ta'minlaydigan, shuningdek, birjaning barcha platformalarida elektron savdolarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga aralashish hamda ularning yakunlarini noto‘g‘ri ko‘rsatish imkoniyatlariga yo‘l qo‘ymaydigan innovatsion IT-texnologiyalarni joriy etish;

narxlarni, talab va taklifni prognozlashtirish maqsadida tovar bozorlarida kon'yunkturani, jumladan, tovar bozorlarida kon'yunkturaga jiddiy ta'sir o‘tkazuvchi omillarni samarali va har tomonlama tahlil etish ishlarini tashkil etish;

birja savdolarini o‘tkazish shakllarini takomillashtirish va yangi savdo vositalarini joriy etish, shuningdek, elektron tijoratni jadal rivojlantirish;

xalqaro standartlar talablariga muvofiq zamonaviy va samarali moliyaviy va HR-menejment uslublarni joriy etish.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “O‘zRTXB” AJning 2020 yil 1 iyundan quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi:

tovar segmentlari bo‘yicha birja savdolarini mahsulotning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib va birja a'zolariga foydalanish huquqini bergan holda alohida seksiyalarda o‘tkazish;

mahsulotni seksiya tamoyili bo‘yicha sotishni ta'minlash va brokerlik o‘rinlarini birjaning rasmiy veb-sayti orqali taqdim etish bo‘yicha shaffof mexanizmni inobatga olgan holda, yuridik shaxslarni birja a'zolari sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazish;

birja savdosi qoidalari talablariga muvofiqligi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi birja a'zolarining malaka darajasini har 3 yilda muntazam aniqlash.

Quyidagi asosiy tartib-taomillarni nazarda tutuvchi Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

birja savdolari orqali sotiladigan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar hajmini shakllantirish, ularning boshlang‘ich narxlarini hamda o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmini belgilash;

birja savdolarida tuziladigan bitimlar bo‘yicha mahsulotni bir oydan ortiq muddatga kechiktirgan holda yetkazib berish sharti bilan sotishni nazarda tutuvchi “forvard” savdo turini joriy etish;

yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali eksportga sotish tartibini belgilash;

o‘rtacha birja kotirovkalarini hisoblash hamda mahsulot narxlarining monitoringini yuritish.

Mavzuga oid