Jamiyat | 15:28 / 20.03.2020
104087
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova vafot etdi 

O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova 20 mart kuni 70 yoshida olamdan o‘tdi.

Foto: O‘zbekkino

Joriy yilning 20 mart kuni O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar bermoqda.

Oybarchin Bakirova 1950 yil 27 iyunda Andijonda taniqli o‘zbek aktyori Abbos Bakirov oilasida tug‘ilgan. 1971 yil Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. 

Aktrisa o‘z faoliyatini 1971 yilda «O‘zbekfilm» kinostudiyasida boshlagan. U ko‘pchilikka tanish bo‘lgan «Yettinchi jin», «Tangalik bolalar», «Vodillik kelin», «Armon», «O‘yin» va «Farzandim» kabi o‘nlab filmlarda turli obrazlarni yaratgan.

«Yettinchi jin», 1976 yil
«Vodillik kelin», 1984 yil

Oybarchin Bakirova tomoshabinlarga nafaqat kinoaktrisa balki dublyaj sohasidagi faoliyati orqali ham juda yaxshi tanish. Aktrisa bugungacha yuzdan oshiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan.

«Kvartira», 1989

Oybarchin Bakirova o‘z faoliyati orqali 2000 yilda «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» unvoni bilan taqdirlangan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, bugun, shom vaqti bilan taniqli aktrisa Toshkent shahridagi «Chig‘atoy» qabristoniga dafn etiladi.

Kun.uz marhumaning oila a'zolari va yaqin do‘stlariga ta'ziya va hamdardlik bildiradi.