O‘zbekiston | 12:45 / 30.03.2020
6765
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin davri uchun alohida ovqatlanish ratsioni yo‘q - Otabekov

Karantin vaqtida amal qilish mumkin bo‘lgan alohida ovqatlanish ratsioni mavjud emas. Bu davrda ham doimiy iste'mol qilinadigan oziq-ovqatlardan voz kechish kerak emas.

Bugun, 30 mart kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda Sanitiraya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov karantin davrida nimalarni iste'mol qilish mumkinligi haqida ma'lumot berdi.

«Karantin vaqtida amal qilish mumkin bo‘lgan alohida ratsion mavjud emas. Bu davrda ham doimiy iste'mol qilinadigan oziq-ovqatlardan voz kechish kerak emas.

Biroq bunaqa paytlarda immun tizimini kasalliklardan himoya qila oladigan darajaga yetkazish uchun to‘yimli ovqatlar, tarkibida S vitamini bor ko‘katlar va mahsulotlarni kunlik ratsionga kiritish mumkin», deya ma'lumot berdi Nurmat Otabekov.

Bundan tashqari, Nurmat Otabekov suyuqlik va sharbatlar ichishni ham tavsiya qildi.  

Shuningdek, Otabekov karantin davrida shaharlarga kirish-chiqish yopilayotgani ayrim bemorlarning faqat Toshkentdan topish mumkin bo‘lgan dorilarini qanday qilib olib kelishlari mumkinligi to‘g‘risidagi savolga ham javob berdi.

«Hozir O‘zbekistonda xususiy dorixonalar tizimi ancha yaxshi rivojlangan. Agar muntazam dori qabul qiladigan bemorlar o‘zi yashab turgan hududdagi dorixonaga murojaat qilib, kerakli dori vositasiga buyurtma bersa, zarur dorini olib kelib berishning imkoni bor», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Nurmat Otabekov vaksina topilishi ehtimoli koronavirus uchun kurashda qanday yordam berishi mumkinligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Koronavirus bilan kasallanganlarning tuzalishiga vaksina yordam beradimi, degan savollar kelmoqda. Lekin avvalo, bilish zarur bo‘lgan narsa: vaksina hech qachon davolash vositasi bo‘lmaydi, u - emlash vositasi. Vaksina kasallik profilaktikasi uchun odamda immun to‘sig‘ini paydo qilish uchun yuboriladi», dedi Nurmat Otabekov.

Shuningdek, Nurmat Otabekovning qayd etishicha, qayta-qayta emlash immun tarangligini mo‘'tadil ushlab turish uchun qilinadi.

Agar koronavirus uchun vaksina ishlab chiqilib, uning samarasi tasdiqlansa, JSST tavsiyasiga ko‘ra, bu vaksinani emlash kalendariga kiritish yoki epidemik ko‘rsatmaga asosan emlash borasida bir to‘xtamga kelinadi.

Mavzuga oid