O‘zbekiston | 16:02 / 07.04.2020
7108
2 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondi karantin vaqtida 250 million so‘mga yaqin xayriya qildi

«Vaqf» xayriya jamoat fondi karantin boshlanganidan buyon muhtoj qishilar uchun jami 190 million so‘mlik xayriya qilgan. Bundan tashqari, fond hisob raqamidan koronavirusga qarshi kurash uchun tashkil etilgan «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga 50 million so‘m o‘tkazib berilgan.

«Bugun insoniyat misli ko‘rilmagan og‘ir sinovni boshdan kechirmoqda. Ko‘z ilg‘amas xatar barchaga birdek tahdid solmoqda. So‘nggi kunlarda zaminimizda sodir bo‘layotgan tashvishli voqealar har birimizdan hamjihatlikni, mehr-muruvvatni talab qiladi. 

Ushbu jarayonga «Vaqf» xayriya jamoat fondi ham ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shmoqda. Fond tomonidan 16 mart – 2 aprel kunlari yordamga muhtoj aholi vakillari uchun jami 190 million million so‘mga yaqin xayriya yordamlari yetkazildi. 

Bunda xayriyalar yordamga muhtoj aholi vakillarining plastik karta raqamlariga (dori-darmon, davolanish uchun), ehtiyojmand kishilarning uylariga esa oziq-ovqat mahsulotlari shaklida, shuningdek, mahalla va aholi gavjum joylarda bepul niqoblar ko‘rinishida tarqatildi», dedi Xalilov Kun.uz muxbiriga.

Iskandar Xalilov

Fond direktori Qur'oni karim hamda hadisi shariflarda tarannum etilgan va xalqimizning qon-u joniga singib ketgan insonparvarlik va mehr-muruvvat kabi fazilatlarni bugungi sinovli kunlarda namoyish etish pallasi kelgani, xayr-ehson qilish va bir-birimizga naf keltirish eng oliy insoniy burchimizga aylanganini ta'kidlab o‘tgan.

«Bu borada «Vaqf» fondi koronavirusga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlash uchun ta'sis etilgan «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga asosiy hisob raqamidan 50 million mablag‘ so‘m o‘tkazib berdi (zakot, fitr-sadaqasi va ijtimoiy xayriya aksiyalaridan tashqari mablag‘lar).

Nima demoqchiman? – Har birimiz sinovlar avvalo Allohdan ekanini anglagan holda o‘zaro birdam, sabr-u matonatli bo‘lib, ezgu ishlarni ko‘paytirsak, xayrli duolar qilsak, boshimizga kelgan musibatdan tez orada eson-omon o‘tamiz, insho Alloh», deydi Iskandar Xalilov.

Mavzuga oid