Muzxonalarga talab ortmoqda. AQShda virusga qarshi kurash manzaralari
5 aprel. 2020 yil. Nyu-Jyersi shtati. AQShning Nyu-Yorkdan keyingi koronavirus avj olgan ikkinchi og‘riqli nuqtasi. Kasallik shiddatidan nafaqat odamlar, shifokorlar ham vahimada.
The New York Times maqolasida Nyu-Jyersi shtatidagi vaziyat haqida so‘z boradi.
Kislorod xonalarida joy qolmagan
Nyu-Yorkning yaxshigina ta'zirini bergan virus Nyu-Jyersiga shiddat bilan kirib keldi. Virus bu shtatda ilk marta mart oyi boshlarida paydo bo‘lgandi.
5 aprel holatiga ko‘ra, shtat bo‘yicha kasallanish holati 122 mingta. Ulardan 4100 nafari vafot etdi. Aholi eng gavjum bo‘lgan birgina Berge okrugida 6187 nafar bemor. Shulardan 189 nafari xastalikka yengildi.
Eng yirik okruglardan biri bo‘lgan Tinekda ham vaziyat yaxshi emas – 421 nafar bemor. Okrugdagi «Muqaddas nom» kasalxonasida 150 bemorga 2 nafargina vrach qarayapti. Kasalxonaning 12 nafar shifokorida ham virus aniqlangan.
Tamaddixonalar va bolalar bo‘limlari ham intensiv terapiya uchun moslashtirilgan. Bemorlar orasida 19 yoshli o‘spirin ham, 90 yoshli qariya ham bor. Kislorod xonalari to‘lib bo‘lgan. Bitta kasalxonada 20 bemorning virusga taslim bo‘lishi uchun 72 soat kifoya qildi.
«Hammasi yaxshilanishidan avval hammasi yomonlashishi kerak»
Juma kuni shtat gubernatori Fil Myorfi aholiga muroajaat qildi:
«O‘zingizni virus sizda yashayotgandek ehtiyotkor tuting. Hammasi yaxshilanishidan avval hammasi yomonlashishi kerak».
Ikkita kasalxonadan kislorod moslamalari, bemorlar hayotini saqlab qolish uchun muhim vositalar deyarli qolmagani haqida murojaat tushdi. Ularning birida hatto bemorlarni tinchlantiruvchi tabletkalar ham qolmagandi.
Gubernator va sog‘liqni saqlash bo‘yicha shtat komissari ba'zi kasalxonalarga qo‘shimcha muzxonalar olib kelinishini aytishdi. Sabab – o‘likxonalarda jasad qo‘yishga joy yo‘q.
Virus qurbonlari xotirasiga shtatdagi barcha bayroqlar tushirib qo‘yildi.
«Qarindoshlaringni davolash, ularning o‘limiga guvoh bo‘lish og‘ir»
«Muqaddas nom» shifoxonasi bosh hamshirasi Mishel Atsito Nyu-Jyersidagi vaziyatni hammadan ko‘proq his qilyapti. U rahbarlik qilayotgan shifoxonaga qaynonasi, qaynisi va qaynisinglisini olib kelishdi. Tashxis – COVID-19.
Qaynonasi seshanba kuni 89 yoshni qarshi oldi. Kasalxonada. O‘zgacha tug‘ilgan kun – maxsus himoyalangan eshik ortidan foyeda bir guruh shifokor va hamshiralar «tug‘ilgan kuningiz bilan» deb hirgoyi qilishdi. Keksa ayol 9 nafar farzandidan mehrli tabriklarni iPad orqali qabul qildi. Kelini Mishel esa qo‘lidan ushlab turardi.
Shanba tongida ayolning joni uzildi.
«U ketdi... Uyga borib yuz-qo‘lingni yuvganingda bu manzaralarni unutgandek bo‘lasan. Hammasi yuvilib ketadi. Ammo ular orasida jigarlaring, qadrdonlaring bo‘lsa, buning dog‘i yurakda qoladi», deydi Atsito.
Atsito hozircha sun'iy nafas oldirishga o‘tkazilmagan qaynisi va qaynisinglisining tuzalib ketishiga umid bog‘layapti.
«Qadrdonlarim bilan ko‘rishib turganim – xudoning marhamati. Muhimi, biz birgamiz», deydi u.
Kirish-chiqish amri mahol bo‘lgan shifoxonada bemorlar uchun hamshiralar – haqiqiy najot farishtalari. Ular qadrdonlar bilan diydorlashishga yordam berishadi. Bemor hamshira bergan, mikrobdan himoyalash uchun maxsus plastikka o‘ralgan iPad’ga tikilib, oilasi bilan suhbatlashadi.
«Vazifamiz faqatgina tibbiy yordam ko‘rsatish emas. Bemor uchun qayg‘uruvchi inson bo‘lasan, unga kerakli narsani topib berishga harakat qilasan. Kezi kelganda unga ona, singil, uka bo‘lasan. Ishing ko‘p, lekin karavotda yotgan bemordan ko‘z uzgani yuraging betlamaydi», deydi Atsito.
Ketma-ket besh o‘lim
Hakensak universiteti tibbiyot markazi ilk o‘lim holati haqida 10 mart kuni xabar berdi. Virusga taslim bo‘lgan kishi – Jon Brennan. Marhum o‘limidan avval Monmut okrugida yashaydigan qarindoshi – Fuskoga ham virusni yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini aytib, bezovtalandi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay virus Fuskolar oilasiga motam olib keldi. 73 yoshli keksa ona – Greys Fusko 3 farzandi bilan vafot etdi.
Himoya vositalari va tibbiy xodimlar yetishmovchiligi
Shifokorlar kasallik dinamikasiga o‘zlarini ruhan tayyorlashgan. Vaziyat bir necha haftagacha murakkabligicha qolishi mumkin. Shifoxona oshxonasi ham ahvoli nisbatan yengil 74 bemorni sig‘diruvchi intensiv davolash bo‘limiga aylantirildi.
Gubernator Myorfi shtat uchun davlat zaxirasidan qo‘shimcha shaxsiy himoya vositalari va kislorod qurilmalari olishga harakat qildi. 650ta kislorod qurilmasi ajratishdi. Lekin kasallar soni shu tezlikda ortaversa, 650ta qurilma hech narsa bo‘lmay qoladi. Qurilmalarning 14tasida esa nosozlik bor.
Shtat politsiya boshlig‘iga barcha himoya vositalari zaxiralari – niqoblar, kislorod qurilmalari, tibbiy xalatlar ustidan shaxsan nazorat olib borish tayinlandi.
Hakensak va «Muqaddas nom» shifoxonalari ma'murlari kislorod qurilmalari hozircha yetarli ekanini aytgan bo‘lishsa-da, bu uzoqqa cho‘zimasligi mumkinligini qo‘shimcha qilishgan.
«Hakensakdagi anesteziya qurilmalarini ham kislorod berish uchun moslashtirdik. Ahvoli nisbatan yaxshi bo‘lgan bemorlarda shuni ishlatib tursak bo‘ladi», deydi doktor Varga.
Hozir eng muhimi – murakkab vaziyatda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan tibbiyot xodimlari kerak.
«Karavotlar bor. Ammo bu karavotda yotgan bemorni davolay oluvchi xodim kerak», dedi Varga.
«Butun mamlakatda o‘zim biladigan tibbiyot xodimlarini qo‘ng‘iroq qilib, yordamga chaqirdim. Bir vaqtning o‘zida 100 bemorga yordam ko‘rsata olish uchun tayyorlanyapmiz. Agar xodim bo‘lmasa, qo‘l-oyoqsiz qolamiz», deydi «Muqaddas nom» kasalxonasi bosh shifokori Adam Jarret.
Nyu-Jyersi ma'murlari tibbiy ma'lumotga ega ko‘ngillilarni ham yordamga chorlashdi. 3 aprel holatiga ko‘ra, 7539 nafar volontyor yordamga tayyorligini bildirgan.
Qariyalar uylarida ham vaziyat og‘irlashyapti
Shtatdagi barcha qariyalar uylarida vaziyat tarang. 80dan ortiq o‘lim holatlari qariyalar uylarida yashovchilar orasida kuzatilgan.
Vudbrijdagi Avliyo Yozef qariyalar uyining shu qadar ko‘p xodimi va qariyalari kasallikka chalinganidan, muassasani vaqtincha yopib, 100 kishini boshqa joyga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.
Qariyalar uylarida xizmat qilayotgan xodimlar muntazam xirurgik niqoblarda yurishi shartligi belgilandi. Isitmasi, yo‘tali bo‘lgan bemorlarga ham niqob taqish, ularni muassasaning alohida burchaklarida izolyatsiyalash haqida ko‘rsatma berildi.
«Dastlab xodimlarga niqob taqmaslik haqida aytishgandi. Maqsad – keksa bemorlarda vahima paydo qilmaslik. Endi xodimlarning o‘zi uyda betob yotibdi», deydi ota-onasi veteranlar uyida yashovchi Liza Krouli.
Shtatdagi barcha qariyalar uylari kirish-chiqish uchun yopilgan. Faqat o‘limi yaqinlashib qolganlargina yaqinlari bilan ko‘rishishiga ruxsat bor.
Qariyalar uylaridagi munosabatlarni o‘rganuvchi tashkilot rahbari Lori Bryuyer yetarli ma'lumotning yo‘qligi, uy qamog‘i, virus vahimasi – bularning barchasi odamlarni o‘zlarini himoyasiz his qilishga majbur qilyapti, deb hisoblaydi.
«Menga bir ayol qo‘ng‘iroq qildi. Onasi qariyalar uyida ekan. «Keksa onam faqat mening qo‘limdan ovqat yeyishga o‘rganib qolgan. Oldida men bo‘lmasam, hech narsa yemaydi. Meni kiritishmayapti», deyapti...»
«Ikki yoshli o‘g‘lim uni nega quchoqlay olmasligimni tushunmaydi»
32 yoshli Eshli Fitspatrik «Muqaddas nom» kasalxonasida ishlaydi. Uni oddiy hamshiralik bo‘limidan og‘ir ahvoldagi bemorlarga yordam ko‘rsatish bo‘limiga o‘tkazishdi.
«Ishdan uyga qaytganimda farzandlarimga yaqinlasha olmayman. Ikki yoshli o‘g‘lim nega uni quchoqlamayotganimni tushuna olmay hayron», deydi u.
«Muqaddas nom» hamshiralari o‘lim nafasini har lahza his qilishadi. Ilk kasallik holati aniqlangandan beri 51 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi. Tarang vaziyat o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirgan.
Ular bir-biriga juda suyanib qolishganini aytishadi. Mahalliy restoranlar, skautlar ham chetda qarab turishmadi – har kuni taom, yegulik yetkazib turishibdi.
Doktor Jarret juma kuni uch bemorning ahvoli ancha o‘nglangani, ularni endi kislorod qurilmasidan chiqarib olish mumkinligini xursandchilik bilan aytib berdi.
«G‘alabaga erishganingga aqling bovar qilmaydi. Ammo harakat qilishdan to‘xtay olmaysan. To‘xtasang, hammasi izdan chiqadi...»
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024