O‘zbekiston | 15:24 / 09.04.2020
15028
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qon yig‘ish ko‘chma punktlari tashkil qilinmoqda

Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot institutida donor qoni yetishmagani, shuning uchun u yerdagi shifokorlarning o‘zi qon topshirayotgani, karantin sharoitida qon yig‘ish ko‘chma punktlarini tashkil qilish haqidagi savolga javob berdi.

Foto: Getty Images

«Bu bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan maxsus topshiriq xat chiqarildi. Unga muvofiq, qon yig‘ish ko‘chma punktlari tashkil qilinmoqda. Ishni bu holda tashkil qilinganida donatsiya va qon olishga qo‘yilgan barcha talablarga rioya etish kerak», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U AOKAda o‘tkazilgan brifingda karantindagi odamlar o‘rtasidagi masofalanish qanday ta'minlanayotgani haqidagi fikrlarini ham bildirdi.

«Hozirda respublikada karantindagi shaxslarning jami soni 86 ming kishini tashkil qilmoqda. Ulardan 23 ming nafardan ortig‘i statsionar sharoitidagi karantinda. Tabiiyki, karantinda bo‘lish vaqtida [virusni] yuqtirib olish xavfi mavjud. Buni hech kim istisno qilmaydi. Karantinga bir vaqtning o‘zida ko‘p odam joylashtirilyapti va ularning orasida koronavirus infeksiyasi bilan zararlanganlarni qidirish ishlari olib borilyapti. Bu aynan shunday bo‘lishi kerak», dedi Otabekov.

U koronavirus infeksiyasi bilan zararlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitida sog‘lom odam – tibbiyot xodimi bemor bilan muloqot qiladi. Agar bemor virusni statsionarda kimgadir yuqtirsa, bu holat uchun prezident qaroriga muvofiq, imtiyozlar belgilanganini aytib o‘tdi.

«Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutiga bemorlar kelgan ilk kunlarda tibbiy personal bu infeksiya bilan tanish emasdi va tibbiy xodimlarining virusni yuqtirish holatlari qayd etildi. Ularning hammasi davolandi va davolanmoqda, ushbu kontingent orasida ahvolning og‘irlashishi holatlari yo‘q. So‘nggi kunlarda tibbiyot xodimlari orasida bunday holatlar yuz bermayapti. Tibbiyot xodimlari virusni yuqtirishining oldini olish bo‘yicha barcha ehtiyotkorlik choralarni bilamiz», dedi Bosh sanitariya inspektori.

Mavzuga oid