Jamiyat | 21:38 / 10.04.2020
38694
2 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ortiqxo‘jayev ijara beruvchilarga: ijara pulini vaqtincha olmay turinglar

“Kuch birlikda! Bugun bir bo‘lib, jipslashib, dunyo gardaniga tushgan dardni yengishimiz shart” – deyiladi murojaatda. 

Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimining ijara beruvchilarga murojaati:

«Bugungi kun barchamiz uchun sinov. Ana shunday sinovli kunlarda barchamiz bir-birimizni har qachongidan-da ko‘proq qo‘llab-quvvatlab, yordamimizga muhtoj kishilarga qo‘l cho‘zishimiz, og‘irini yengil qilib, ko‘mak berishimiz kerak. 

Kuch birlikda! Bugun bir bo‘lib, jipslashib, dunyo gardaniga tushgan dardni yengishimiz shart. 

Shahrimizda ijarada turuvchi fuqarolarimiz bor. Ular orasida olis manzildan kelib yashayotganlar ham bor. Ular bugun karantin qoidalariga rioya qilgan holda, o‘z oilalari bag‘ridan uzoqda, ijara uylarda yashashmoqda. Ular orasida karantin sababli, vaqtincha ishlamayotganlari ham bor. Bunday sharoitda albatta, ularga oson tutib bo‘lmaydi. Bir tomondan ijara pulini to‘lash, bir tomondan oilalarini ehtiyot qilish, ro‘zg‘or tebratish mas'uliyati yelkalarida turibdi. 

Shu bois, men ijara beruvchilarga shunday sinovli kunlarda sabrli bo‘lib, ularning holatini to‘g‘ri baholashlarini, ijara pulini vaqtincha talab qilmay turishlarini so‘ragan bo‘lardim. 

Vaqtinchalik to‘lanmagan ijara haqi esa keyinchalik to‘lab berish sharti bilan ijarada turuvchi fuqarolarga taqdim etilsa, fikrimcha, adolatli bo‘ladi. Sinovli kunlarda o‘zaro ishonch, hamjihatlik ham juda muhim.

Shuni bilingki, bu kunlar unutiladi, ammo yaxshilik unutilmaydi!» – degan Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxo‘jayev.

Mavzuga oid