Shavkat Mirziyoyev: Hech bir davlat yakka holda pandemiyaga qarshi samarali kurasha olmaydi
10 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishda umumiy sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishga bag‘ishlab videoanjuman tarzida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi.
Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning ushbu sammitdagi nutqini e'lon qildi.
– Hozirgi vaqtda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uyg‘otayotgan koronavirus pandemiyasiga bag‘ishlangan ushbu videomuloqotimiz favqulodda muhim va dolzarb ahamiyatga ega.
Hurmatli hamkasblarim to‘g‘ri ta'kidlab o‘tganlaridek, bu xatarli ofat, jahonning barcha mamlakatlari qatori, 160 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan davlatlarimizni ham chetlab o‘tmadi. Va afsuski, bu kasallik tobora tarqalib bormoqda.
Bu pandemiya, o‘zining ko‘lami va miqyosiga ko‘ra, mislsiz global inqirozga, butun bashariyat taqdiri va jahon iqtisodiyoti uchun g‘oyat jiddiy sinovga aylandi.
Ma'lumki, turkiy xalqlarimiz o‘zlarining ko‘p asrlik tarixida turli og‘ir sinovlar va murakkab damlarni boshidan kechirib, ularni hamjihatlik bilan mardonavor yengib o‘tishgan.
Mazkur sammitimiz hozirgi jiddiy va tahlikali vaziyatda umumiy yondashuvlarni belgilab olish va sa'y-harakatlarimizni uyg‘unlashtirish, hamkorlikda dolzarb muammolarni tezkorlik bilan yechishga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Buning asosiy yo‘nalishlari:
pandemiya keng tarqalishining oldini olish, odamlarning sog‘lig‘i va hayotini himoya qilish bo‘yicha ta'sirchan hamda keng qamrovli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ushbu xavf-xatarning davlatlarimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta'sirini kamaytirish;
bu borada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Isroil va Germaniyaning yuqori malakali shifokorlari bilan muntazam tajriba almashib, ularning eng ilg‘or amaliyoti tele-meditsina orqali keng qo‘llanilmoqda.
Biz O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni nazoratga olish maqsadida, xalqaro tajribadan kelib chiqib, barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.
Birinchidan, butun mamlakat miqyosida qat'iy karantin tizimi joriy etildi.
Bu borada aholining mas'uliyatini oshirish maqsadida qisqa muddatda qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritdik.
Ikkinchidan, koronavirusga qarshi kurashish uchun barcha viloyatlarimizda maxsus tibbiyot maskanlari va karantin hududlarini tashkil etdik.
Misol uchun, Toshkent viloyatida barcha shart-sharoitlarga ega maxsus karantin hududi ishga tushirildi. 20 ming o‘rinli bu kompleksning 10 ming kishiga mo‘ljallangan birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 10 ming o‘rinli zamonaviy modul kasalxona shu oyning oxiriga qadar qurib bitkaziladi. Ular zarur tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta'minlanmoqda. Bu kasallikning oldini olish maqsadida ushbu tajriba boshqa hududlarda ham keng tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, bu kurash maydonida birinchi zarbani o‘ziga qabul qilayotgan, fidoyi va jonkuyar tibbiyot xodimlarini har tomonlama rag‘batlantirish, ularning ijtimoiy himoyasini ta'minlash kafolatlari kuchaytirildi.
Uchinchidan, kasallikni erta jilovlash maqsadida aholi o‘rtasida ogohlantirish va keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
To‘rtinchidan, ta'lim tizimi uzluksizligini ta'minlash uchun bu sohadagi barcha muassasalar o‘z faoliyatini to‘liq onlayn tarzda amalga oshirmoqda.
Beshinchidan, aholi oziq-ovqat, dori-darmon va zarur tibbiyot vositalari, boshqa hayotiy muhim ashyolar bilan muntazam ta'minlanmoqda.
Bu borada imkoniyatlari cheklangan, kam ta'minlangan va ko‘makka muhtoj aholi qatlamlariga beg‘araz manzilli yordam ko‘rsatish tizimi shakllantirildi.
Mazkur jarayonda keng jamoatchilik, nodavlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari ham faol ishtirok etmoqda.
Oltinchidan, iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini to‘la qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi. Shu maqsadda Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tuzildi.
Biznes va tadbirkorlik sub'yektlariga bank kreditlari foizlarini hisoblashda «muzlatish tartibi» hamda «soliq ta'tillari» joriy etildi. Soliqlar va import bojlari kamaytirildi.
Keyingi masala — biz mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni chuqur monitoring va prognoz qilish bo‘yicha milliy tizimni joriy etmoqdamiz.
Yuzaga kelgan qaltis vaziyat nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda zudlik bilan ta'sirchan chora-tadbirlar ko‘rishni talab etmoqda. Shularni inobatga olgan holda, ijozatingiz bilan, quyidagi takliflarni bildirmoqchiman:
Birinchi. Turkiy Kengash doirasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘shma epidemiologik kuzatuv tizimini shakllantirish zarur.
Ikkinchi. Davlatlarimizning sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, diagnostika, davolash, epidemiologik holatni o‘rganish va ilmiy izlanishlar bo‘yicha ma'lumot va tajriba almashuvni keng yo‘lga qo‘yish lozim. Jumladan, hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda, yetakchi mutaxassislarimiz ishtirokida tez kunlarda birinchi video-konferensiyani o‘tkazishni taklif etaman.
Uchinchi. Turkiy Kengash kotibiyatida pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruhni tuzish lozim. Ushbu guruh davlatlarimizda faoliyat yuritayotgan milliy shtablar bilan yaqin amaliy aloqalar o‘rnatishi kerak.
Mamlakatlarimizda olib borilayotgan sa'y-harakatlarni tezkor yoritish, o‘zaro tajriba almashish va undan keng foydalanish uchun alohida ma'lumotlar bazasini yaratish ham maqsadga muvofiqdir.
To‘rtinchi. Hozirgi g‘oyat murakkab sharoitda qardosh xalqlarimizni zarur oziq-ovqat va meva-sabzavot, dori-darmon, tibbiyot mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash maqsadida yuk tashish va transport kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, chegara punktlarida transport vositalarining o‘zaro harakatlanishiga amaliy yordam ko‘rsatish zarur.
Transport va logistika sohalarida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish va samarali muvofiqlashtirish maqsadida transport vazirlarimizdan iborat Ishchi guruhini tashkil etish lozim.
Beshinchi. Koronavirus talafotlarini yumshatishda xalqaro tashkilotlar ko‘magi juda muhimdir.
Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, ushbu nufuzli tashkilot va Turkiy Kengash o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatishni taklif etamiz.
Hammamizga ayonki, biron-bir davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi.
Biz birdamlik, hamkorlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda ko‘p narsaga qodirmiz.
Shu munosabat bilan video muloqotimiz natijalari bo‘yicha yakuniy deklaratsiya qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlayman.
Shunday murakkab vaziyatda mas'uliyatli faoliyatingizni ado etish uchun barchangizga Yaratgandan kuch-g‘ayrat, mustahkam sihat-salomatlik, qardosh xalqlarimizga omonlik tilab qolaman.
Mavzuga oid
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024
1 yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi
16:14 / 17.12.2024
Mirziyoyev Qatar amiri bilan strategik sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
22:53 / 16.12.2024