Inqiroz vaqtidagi kelishuv. Neft qazib olishni kamaytirishda AQSh ham qo‘shilgani Rossiyaning g‘alabasimi?
Nihoyat neft bozoridagi «narx urushi» tugaydigan bo‘ldi. OPeK+ davlatlari kunlik neft qazib olish hajmini may oyidan boshlab 9,7 million barrelga qisqartirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Bir tomondan koronavirus sabab talabning kamayishi, boshqa tomondan Saudiya Arabistoni va Rossiyaning bir-biriga «achchiq qilishi» sabab neft bozorida parokandalik yuzaga kelgandi. Oqibatda neft o‘z tannarxidan ham arzonlab, «qora oltin» bozori kasodga uchray boshladi.
Ahvol hozirgidan ham dahshatliroq inqirozga qarab ketayotgan bir vaqtda katta davlatlar, to‘g‘rirog‘i, AQSh bunday davom etish mumkin emasligini aytib, kelishishga chaqirdi. Dunyo neftining 33 foiziga egalik qiladigan OPeK tashkilotiga a'zo davlatlar nihoyat kelishuvga erishib, neft ishlab chiqaruvchilarning «ko‘kragiga shamol tegdi».
Avvaliga 6 aprel kuniga belgilangan OPeK+ davlatlarining videokonferensiya formatidagi uchrashuvi 9 aprelga ko‘chirilgandi. Ammo shu kuni ham Meksikaning qaysarligi sabab 10 soat davom etgan muzokaralar chala qolib ketdi. Yakshanba kuni esa OPeK+ davlatlari neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuv imzolab barchasini rasman tasdiqlashdi.
Bu neft bozoridagi narxlarga qanday ta'sir qiladi? AQSh va Rossiya o‘rtasidagi siyosatning bu kelishuvga qanday aloqasi bor? VVS bu borada mulohazalarni jamladi.
Kuvayt neft vaziri Xolid al Fadilning tvitterda yozishicha, «tarixiy kelishuv» 2020 yil 1 maydan kuchga kiradi. Chindan bu tarixiy kelishuv bo‘ldi. Kelishuv shunchalik tarixiy bo‘ldiki, undan oldin bu kabi narsalarga aralashmagan AQSh ham qo‘shildi.
Kelishuvning asosiy vakillari Saudiya Arabistoni hamda Rossiya edi. Endilikda, har ikki davlat kunlik neft qazib olish hajmini 2,5 million barrelgacha qisqartiradi. Asta-sekin bu cheklov kamayib boradi va shu tariqa bozordagi narx muvozanatga keladi.
Hammasi qanday boshlangandi?
Neft bozoridagi «narx urushi» qanday paydo bo‘lgani haqida ko‘p yozganmiz, ammo bu holatni yana bir bor eslasak, zarar qilmas. Mayli, bu gal oddiyroq rakursdan qaraymiz. Avvaliga mart oyida Saudiya Arabistoni OPeK+ davlatlariga kunlik neft qazib olish hajmini 1,5 million barrelga qisqartirishni taklif qildi. Bu mamlakat tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, har kuni bozorda o‘rtacha shuncha miqdorda ortiqcha neft paydo bo‘layotgandi. Ammo bu taklifga Rossiya keskin qarshilik qildi.
Saudiya Arabistoni esa mart oyi boshlarida neft arzonlashi o‘ziga ham zarar keltirishini o‘ylab o‘tirmay hamkorlariga chegirma asosida katta miqdorda neft sota boshladi. Ya'ni, jahon bozoriga juda katta miqdorda neft kiritdi. Kelishuv tashkil qilingan vaqtda jahon bozorida neft narxi 1 barrel uchun 51 dollar edi. Taqqoslash uchun, Rossiya yil boshida o‘z neftini 44 dollardan sotishni reja qilgandi, ya'ni yil boshidagi narx Rossiya uchun zo‘r ko‘rinishda edi. Ammo Saudiya bir pasda Rossiyaning orzularini parchalab tashladi. Rossiyaning Urals nefti 10 dollargacha arzonlab ketdi.
Keling, bu holatni o‘zimizning oddiy bozor tili bilan tushuntirishga harakat qilsak. Aytaylik, siz kartoshka sotuvchisisiz. Ajoyib kunlarning birida, o‘zingiz kabi boshqa kartoshka sotuvchilariga «O‘rtoqlar, keling har kuni bozorga 1 tonna kamroq kartoshka olib kiraylik, bo‘lmasa kartoshka ko‘payib, narx tushib ketishi mumkin», dedingiz. Boshqa bir sotuvchi esa sizga keskin qarshilik qildi.
Sizning kartoshkadan boshqa biznesingiz ham bor, haligi qaysar sotuvchining esa tirikchiligi faqat kartoshka orqasidan. Seni boplayman, dedingizda, bozorga har kuni 1 tonna kam emas, 2 tonna ko‘p kartoshka olib kirib, zarariga bo‘lsa ham sota boshladingiz. Oqibatda narx tushib haligi qaysar sotuvchi kasod bo‘la boshladi.
Neft bozorida ham mana shu holat yuz berdi. Bozorda ortiqcha xomashyo ko‘payib ketdi va narx pastladi. Yetmaganiga koronavirus sabab neftga talab ham kamaygandi. Axir butun dunyoda mashinalar deyarli yurmayapti, zavodlar ishlamayapti, samolyotlar uchmayapti.
Demak, yana OPeK+ kelishuviga qaytsak. Xullas, 9 aprel kuni Meksika kunlik neft qazib olish hajmini 400 ming barrelga qisqartirishga rozi bo‘lmadi va kuniga faqat 100 ming barrel kamaytirishi mumkinligini ma'lum qildi. Shunda katta sahnaga Donald Tramp chiqdi va AQSh kunlik qazib olish hajmini 250 ming barrelga kamaytirishini ma'lum qildi. Bu Meksikaning ulushini kompensatsiya qilishi kerak edi.
Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novakning aytishicha, hozir dunyo bozorida neftga kunlik ehtiyoj 10-15 million barrelgacha kamayib ketdi va bu ko‘rsatkich kuniga 15-20 million barrelgacha yetishi mumkin.
Rossiya neft sohasining kattalaridan yana biri Mixail Leontevning («Rosneft» vakili) fikricha, qazib olish hajmi qisqarishidan AQSh korxonalari yutadi va buning Rossiya uchun foydasi yo‘q. OAVda Rossiyaning qazib olishni kamaytirmasligi «Rosneft» rahbari Igor Sechinning pozitsiyasi bo‘lgani ham aytiladi. U ham kelishuv Rossiya uchun foydasiz ekanini aytgan. Ammo Putin bunga rozilik bildirdi.
OPeK+ davlatlarining kelishishi haqidagi xabardan so‘ng neft narxi 10 foizgacha qimmatlagandi, ammo narxlar yana pastlay boshladi. Chunki investorlar qazib olish hajmi har qancha kamaymasin bu bozordagi so‘nggi ikki oyda sodir bo‘lgan tushishning zararini qoplashiga ishonishmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, investorlar neft sohasiga pul tikish xavfsiz emas deb hisoblay boshladi. Chindan, hozirda neft korxonalarining aksiyasi arzonlashib ketyapti.
Aprel oyida neft qazib olish hajmi yana o‘sdi. Masalan, Argus nashrining yozishicha, Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharq mamlakatlari mart oyiga qaraganda aprel oyida 11 foiz ko‘proq neft qazib olgan. Rossiya esa qazib olish hajmini o‘zgarishsiz qoldirgan. Axir xomashyo arzonlab ketayotgan bir vaqtda uni sotaverishdan ham ma'ni yo‘q. Aprel oyida dunyo neft sanoati tarixda bo‘lmagan shokni boshdan kechirmoqda. OPeK+ kelishuvisiz ahvol yanada yomon ko‘rinish olar va neft bozori kasodga uchrardi.
Trampning xato tviti
2 aprel kuni neft narxi 1 soat ichida 20 foizga qimmatlashdi. Chunki Donald Tramp tvitterda bu borada post qoldirdi: «Hozirgina do‘stim Muhammad ibn Salmon bilan gaplashdim. U o‘z navbatida Vladimir Putin bilan gaplashgan. Ular kunlik neft qazib olishni kuniga 10 million barrelgacha qisqartirishini kutyapman, balki undan ham ko‘pdir. Bu neft sohasi uchun juda yaxshi ish bo‘lardi», deb yozgandi Tramp.
Ko‘p o‘tmay u neft qazib olish kuniga 15 million barrelgacha yetishi mumkinligi haqida ham yozdi.
Ammo Kreml Putinning Saudiya valiahd shahzodasi bilan gaplashganini rad etdi. Ertasiga esa Putin Rossiya qazib olish hajmini 10 million barrelga qisqartirish rejasini qo‘llab-quvvatlashini, ammo bunga faqat «sherikchilik asosida» rozi bo‘lishini aytdi: «Biz bu borada OPeK+ hamda AQSh bilan hamkorlikda ishlashga tayyormiz. Bozordagi muvozanatni tiklash va qazib olish hajmini nazorat qilish uchun birgalikda harakat qilish kerak».
O‘z navbatida Putin OPeK+ kelishuvi bekor bo‘lganiga Rossiya emas, Saudiya aybdorligini aytdi: «Hammasi tushunarli, bu raqobatchilaridan qutulishni istayotgan Saudiya Arabistonidagi hamkorlarimiz bilan bog‘liq».
AQShning qo‘shilishi Rossiyaning g‘alabasimi?
AQShning OPeK+ kelishuvida bo‘lmasligi deyarli aniq edi, chunki Qo‘shma Shtatlar oldin bunday kelishuvlarda bo‘lmagan. 6 aprel kuni AQSh energetika vaziri Den Bruyyet mamlakat shundog‘am talab pasaygani sabab qazib olishni kamaytirganini aytgandi. Amerikada bozor erkin va barchasini aynan bozor nazorat qiladi. Shu bois, qazib olish tabiiy tarzda 11 foizga, ya'ni kuniga 11,76 million barrelga kamayib ketgandi.
Financial Times nashrining yozishicha, neft narxi 35 dollarga tushishi AQShda kunlik qazib olish hajmi 10-13 million barrelgacha kamayishi uchun yetarli bo‘ladi. Ammo Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu borada qiziq gapni aytdi va qaysidir ma'noda Putinning pozitsiyasini bildirdi: «Tabiiy qisqarish bilan kelishuv asosida qisqartirish boshqa-boshqa narsa. Axir balandlik bilan kenglikni sotishtirib bo‘lmaydi-ku?».
Ya'ni, neft qazib olishni kamaytirishda AQShning ham qatnashishi shaxsan Putin uchun prinsipial masala bo‘lgan. Bu borada Bloomberg ham yozdi. Nashrning vaziyatdan xabardor manbalarining aytishicha, Rossiya uchun AQShning kelishuvda rasman qatnashishi muhim bo‘lgan. Manbaning aytishicha, Rossiya AQShning hali hech qachon qo‘shilmagan bu turdagi kelishuvga rasman kirganini g‘alaba sifatida qabul qiladi va natijada Putin obro‘sini saqlab qoladi. Shuningdek, Rossiya AQShdan yana boshqa yengilliklar, masalan, sanksiyalarni kamaytirish ko‘rinishidagi yordam kutadi.
Ammo bu ham mantiqan qaraganda, unchalik to‘g‘ri fikr emasdek. Chunki kelishuvga ko‘ra, AQSh kuniga 250 ming barrel neft qazib olishni kamaytirsa, Rossiya 2,5 million barrel kamaytiradi. Bundan tashqari, AQShda neft arzonlasa, oshib borsa bitta soha inqirozga uchrashi mumkin. Ammo Rossiyada bu ko‘proq seziladi...
Mavzuga oid
15:04 / 22.12.2024
Magdeburgdagi yarmarkaga hujum. Hozirgacha nimalar ma’lum?
23:55 / 03.12.2024
Saudiya Arabistoni mashinissiz boshqariladigan dunyodagi eng uzun metroni ishga tushirdi
15:20 / 03.12.2024
IUCN’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasman o‘z ishini boshladi
08:10 / 12.11.2024