O‘zbekiston YeOII bilan keng ko‘lamli integratsiyaga tayyormi? Hukumat parlamentga hisobot berdi
O‘zbekistonda hali rivojlanib ulgurmagan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish segmentlari YeOIIning boshqa a'zo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinishi xavfi saqlanib qoladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz YeOII bilan keng ko‘lamli integratsiyaga tayyor emas.
Bu haqda 16 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida videokonferens aloqa shaklida tashkil etilgan parlament eshituvida so‘z bordi. Unda O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiyalashuvining tashqi savdo, bojxona-tarif tizimini tartibga solish, budjet, bank va moliya sohasi, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari rivojlanishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida bir qator vazirliklarning axboroti tinglandi.
Parlament eshituvida masofaviy tarzda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘z axborotida YeOII bilan hamkorlik barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlashi, pirovard natijada mavjud iqtisodiy va ijtimoiy nomutanosibliklarni bartaraf etishga xizmat qilishi, bundan tashqari, ushbu hamkorlik mamlakatimizda barcha sohalarda rivojlanish jarayonlarini jadallashtirish va globallashuv talablariga tezroq moslashish imkonini yaratishini qayd etib o‘tdi.
“YeOII bilan integratsiyaning milliy iqtisodiyotga, jumladan, yalpi ichki mahsulotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'siri bo‘yicha baholash ishlari olib borilgan. Mazkur hisob-kitoblar iqtisodiyot tarmoqlaridagi ustunlik va xavflarni, ya'ni “yo‘qotish” va “yutuqlar”ni inobatga olgan holda baholangan. Bunda, tovarlar va xizmatlar tashqi savdosi, xorijiy investitsiyalar, bandlik va migratsiya jarayonlari, soliq tushumlari va aholi daromadlari kabi yo‘nalishlarga alohida e'tibor berilgan”, deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabarida.
Eshituvda siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan ayrim mulohazalar, savollar o‘rtaga tashlangan. Chunonchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining qayd etishicha, YeOII asosiy maqsadlaridan biri bu — kooperatsion aloqalarni rivojlantirish evaziga ittifoq iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish. Lekin YeOIIda kechayotgan jarayonlarda asosan tovarlar oldi-berdisidan u yog‘iga o‘tilayotgani yo‘q. Bunday vaziyatda sanoati sust rivojlangan a'zo davlatga qo‘yiladigan stantdart talablarining yuqoriligi raqobatga bardoshli bo‘lmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bankrot bo‘lishiga olib kelishi tayin.
O‘zbekistonda hali rivojlanib ulgurmagan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish segmentlari YeOIIning boshqa a'zo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinishi xavfi ham saqlanib qoladi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz YeOII bilan keng ko‘lamli integratsiyaga tayyormi, degan haqli savol tug‘iladi. Yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun qancha vaqt kerak, qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerak?
Berilgan axborotga ko‘ra, YeOII bilan integratsiya jarayonlarida sanoat korxonalari raqobatbardoshligini ta'minlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan muddatlar borasidagi “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, sanoatning 13 ta yetakchi tarmoqlari bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilishi talab etiladi. Ushbu sanoat tarmoqlariga integratsiya jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun tegishli muddatlar zarur. Misol uchun, qisqa muddatli davr (2022 yilga qadar) — qora metallurgiya, neft va gaz, ko‘mir, farmatsevtika, yog‘-moy, oziq-ovqat sanoati korxonalari uchun, o‘rta muddatli davr (2024 yilga qadar) — to‘qimachilik va tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, elektrotexnika, kimyo, elektr energetika sanoati korxonalari uchun, uzoq muddatli davr esa (2028 yilga qadar) — avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari uchun zarur bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi oziq-ovqat xavfsizligi tizimini takomillashtirishda qanday o‘rin tutishi masalasi xususida ham qizg‘in fikr almashildi. Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida YeOIIga qo‘shilishi natijasida salbiy imkoniyatlardan ko‘ra, ijobiy imkoniyatlar kengroq.
YeOII a'zo mamlakatlarining ba'zilari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining netto-importyorlari ekanligini inobatga olib, O‘zbekiston ushbu sohada boshqa mamlakatlarga nisbatan qiyosiy ustunlikka ega. Jumladan, sabzavotlar bo‘yicha YeOII mamlakatlari va O‘zbekiston mahsulotlari narxlari orasidagi farq 60 foizgacha, mevalar bo‘yicha 48 foizgacha, dukkaklilar bo‘yicha 33,3 foizgacha yetadi.
Shu bilan birga, YeOIIga a'zo bo‘lish O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 152 foizga oshirish imkonini beradi, import 120 foizga oshishi hisob-kitob qilinmoqda.
Parlament eshituvida hamkorlik natijasida elektroenergetika sohasida kutilayotgan yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun qanday choralar ko‘rish kerakligiga oid yana bir qator savollar o‘rtaga tashlandi.
“Integratsiya axborot xavfsizligini ta'minlashda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin”
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov YeOII bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida qator muammo va qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi, davlatlar o‘rtasidagi elektron hujjatlar almashinuvida yagona shifrlash tizimidan foydalanilishi axborot xavfsizligini ta'minlashda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkinligini ma'lum qildi.
Qayd etilganidek, YeOII shartnomasiga muvofiq, barcha sohalarda axborotlashtirish jarayonlarning integratsiyasini ta'minlash maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va transchegaraviy ishonch makonidan keng foydalangan holda axborot almashinuvida samarali o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda va ro‘yobga chiqarilmoqda. YeOIIga a'zo davlatlar tomonidan o‘zaro elektron hujjat almashinuvi bo‘yicha loyiha amalga oshirilayotgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Mazkur loyihada Ittifoq va a'zo davlatlar o‘rtasida elektron hujjat almashinuvi, o‘zaro xizmat xatlari almashinuvini ta'minlash bo‘yicha axborot-texnologiyalari yechimlarini joriy etish va ishonchli uchinchi taraf servislari orqali elektron raqamli imzolarning haqiqiyligini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Uning ijobiy ta'siri — mazkur integratsiyalashgan axborot tizimlarining joriy etilishi elektron raqamli imzodan foydalanadigan holda davlatlararo hujjat almashinuvi, xalqaro elektron savdo, hujjatlarni elektron ravishda tasdiqlash va xalqaro bank operatsiyalarini yanada rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ikkinchi tomondan esa respublikada elektron raqamli imzoga oid qonunchilik hujjatlari va boshqa me'yoriy huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish, mavjud elektron raqamli imzo tizimlarini YeOII talablariga moslashtirish ma'lum vaqt va mablag‘larni talab etadi. Ushbu yo‘nalishlarda normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishda a'zo davlatlarning yagona yondashuvidan kelib chiqib hujjatlar almashinuvida yagona shifrlash tizimidan foydalanilishi axborot xavfsizligini ta'minlashda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.
Parlament eshituvida mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston uchun yaqin va uzoq muddatdagi siyosiy tavakkalga oid tahlillar ma'lum qilindi
“YeOIIga a'zolik siyosiy va iqtisodiy xarakterdagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin”
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatishni yoqlovchi jihatlar bilan bir qatorda, mamlakatimizning mazkur tashkilot a'zosiga aylangan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan siyosiy va iqtisodiy xarakterdagi salbiy oqibatlarni chuqur tahlil qilishni talab etuvchi omillar ham mavjudligini ta'kidlagan.
Vazir taqdim etgan axborotda bugungi kunda dunyoda 300 dan ortiq integratsion tashkilotlar faoliyat ko‘rsatib kelayotgani, bularning har birida o‘ziga yarasha qonun-qoidalarga amal qilish asosida hamkorlik qilinishi, hozir O‘zbekiston uchta integratsion tashkilot, ya'ni Yevropa Ittifoqi, Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo ittifoqi bilan muzokaralar olib borayotgani aytib o‘tilgan.
Eng muhimi, O‘zbekiston bu integratsion tashkilot bilan hamkorlikda faqat iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqadi va O‘zbekiston ishtirokini siyosatlashtirishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu jihat O‘zbekiston tashqi siyosat konsepsiyasida to‘liq aks ettirilgan.
Shu kabi omillarni inobatga olgan holda, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan YeOII bilan hamkorlikdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida tegishli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Mavzuga oid
19:28 / 18.12.2024
Toshkentda issiqlik ta’minoti narxlari 2 yilda 4 marta oshiriladi. Lekin bu ham yetarli emasligi aytilmoqda
14:14 / 18.12.2024
“Energetika sohasini subsidiyalash 2028 yildan to‘xtatiladi” – Jamshid Qo‘chqorov
07:09 / 14.12.2024
Abdulla Aripov YeOII hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashdi
16:26 / 12.12.2024