O‘zbekiston | 19:11 / 20.04.2020
15098
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti bilan koronavirusga qarshi kurash masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel, dushanba kuni, Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi, birinchi navbatda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda sheriklik jadal rivojlanib borayotgani va turli darajalardagi almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi sezilarli darajada ortdi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Vengriya va Yevropaning boshqa davlatlari yetakchi kompaniyalari ishtirokida muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, qo‘shma korxonalarning umumiy soni esa 1000 tadan oshdi.

Bundan tashqari, asosiy moliyaviy institutlar, shu jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki bilan samarali hamkorlik kengaymoqda.

Inson kapitali hamda fuqarolik jamiyati institutlari, fan, madaniyat va ta'limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqotda muvaffaqiyatga erishilgani alohida qayd etildi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni qabul qilishga tayyorgarlikni yil yakuniga qadar yakunlash maqsadida ushbu hujjat loyihasi bo‘yicha faol muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Yevropa kengashi prezidenti O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan qat'iy chora-tadbirlarni yuksak baholadi va to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi ushbu global xatarga qarshi kurashishda O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi, mamlakatga ushbu maqsadlar uchun moliyaviy-texnik ko‘mak ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingani to‘g‘risida xabar qildi.

Suhbatda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar ham alohida ko‘rib chiqildi.

Yevropa kengashi prezidenti Markaziy Osiyoda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergani va mintaqa mamlakatlarining umumiy sa'y-harakatlari bilan erishilgan do‘stlik va ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning ta'kidlashicha, ushbu sezilarli muvaffaqiyatlar Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi maqsad va vazifalariga to‘liq mos keladi.

Birinchi navbatda savdo, investitsiya, innovatsiya, transport va energetika sohalarida dastur va loyihalarni ilgari surish orqali butun mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish va barqaror taraqqiyot maqsadida birgalikda faol ishlash muhimligi qayd etildi. Shu bois yil yakuniga qadar mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan birinchi galdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha vazirlar ko‘p tomonlama konferensiyasini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Telefon muloqoti chog‘ida, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar hamda bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi konstruktiv muloqot va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishlari qat'iy ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid