Jamiyat | 15:55 / 22.04.2020
5401
4 daqiqa o‘qiladi

«Texnikani sotishda ikki narx - rasmiy va bozor narxi bor». Botir Arifjanov onlayn biznes yo‘lidagi muammolar haqida

Ko‘p tovarlarga bojxona stavkalari balandligi sababli tushunarsiz bo‘lgan yo‘llar orqali tovarlar kirib keladi. Shuning uchun «kulrang bozor» shakllanib qolgan, deb hisoblaydi Botir Arifjanov.

LeBazar kompaniyasi asoschisi MFactor loyihasi doirasidagi chiqishida onlayn biznes rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar haqidagi savolga javob berdi.

O‘zbekistonda onlayn biznes rivojlanishi yo‘lidagi 3ta eng asosiy muammolar nimalardan iborat? Sizning nazaringizdagi yechimlarni sanab o‘tsangiz.

Asosiy muammolardan bittasi – internet barcha viloyatlarda butun respublikamiz bo‘yicha yetarli darajada bo‘lishi va uning tannarxi juda arzon bo‘lishi kerak. Har bir inson undan xuddi qimmatbaho narsadan foydalangandek emas, har kunlik, oddiy narsadan foydalangandek darajada bo‘lishi kerak. Bu birinchi shart.

Ikkinchi sharti - O‘zbekistonda logistika juda yomon rivojlangan. O‘zbekiston boshqa davlatlarga nisbatan qaraydigan bo‘lsak, maydoni bo‘yicha katta bo‘lmagan davlatmiz. Juda samarali ishlaydigan logistik tizimlarni qursak bo‘ladi. Lekin shunga qaramay, misol uchun Toshkentdan vodiyga u-bu narsa yuboraman desangiz, olib boradigan odamga yetkazib berishingiz, tovar yetib borishi, aynan o‘sha odamga yetib borgunicha bir yarim ikki kungacha ham ketib qolishi mumkin. Bunga mukammal ravishda ishlaydigan logistik tizimlar kerak. Bu davlatning qiladigan ishi emas, bu aynan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan ish. Buni qilish imkoniyatlari bor. Bu qilishini shart bo‘lgan ishlardan bittasi.

Uchinchisi – bojxona qonunchiligiga borib taqaladi. Bugungi kunga qadar bo‘lib kelgan holat bo‘yicha aytaman. Ko‘p tovarlarimizga bojxona stavkalari biroz baland. Ular biroz baland bo‘lgani sababli qaysidir bir, men uchun tushunarsiz bo‘lgan yo‘llar orqali, yana boshqa yo‘llardan tovarlar kirib keladi. «Kulrang bozor» shakllanib qolgan. Shu sababli texnikani sotayotganda doimiy ikkita narx bor: rasmiy narx bor va bozor narxi bor. Hanuz shunaqa.

Rasmiy va bozor narxi birlashishi uchun menimcha, bojxona stavkalari qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Chunki ularni kuch bilan boshqargan, cheklovlar bilan ushlab turgan holda narxlar birlashishini ta'minlab berish juda qiyin deb hisoblayman. Bu yana bir to‘siqlardan bittasi. Sabab – ochiqdan-ochiq «oppoq» qilib sotishi mumkin bo‘lgan yetkazib beruvchilarning soni keskin ko‘payishi kerak va hamma sotilayotgan tovarlar do‘konda ham, bozorda ham, qo‘lda ham - hamma yerda tovarning narxi bir xil bo‘lsa, shunda onlayn bir xil rivojlanadi. Misol uchun, Dubayda do‘kon yoki katta supermarketga borasiz yoki onlayn qaraydigan bo‘lsangiz, do‘konlardagi narx deyarli bir xil. Onlaynda sotiladigan narsa 10-15 foiz arzonroq. Nima sababdan? Chunki onlayn sotilayotgan narsada do‘konda sotilayotgan narsalarning ustida turadigan 20 foiz bu - ijarada narxi, u yerdagi ishchilarning narxi. O‘sha narsalarni ayirib tashlagan holda onlayn tezroq rivojlanadi. Bizda ham shu ko‘rinishga kelsa, onlayn biznes keskin ravishda tez rivojlanish imkoniyati bo‘ladi deb o‘ylayman.

To‘liq suhbatni MFactor’ning You Tube’dagi kanalida tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid