Jamiyat | 14:25 / 23.04.2020
7361
4 daqiqa o‘qiladi

Ishsiz yoshlar Prezident Xalq qabulxonalari e'tibori markazida

Prezident Xalq qabulxonalari boshchiligida joylarda sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorligida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi amalga oshirilib kelinmoqda.

Ushbu loyiha doirasida 2020 yilning 1-choragi natijalariga ko‘ra, respublika bo‘ylab jami  25 mingdan ziyod gektar yer maydonlari yoshlarga ajratildi. Jumladan, 1 277 gektar sabzavot, 1 787 gektar poliz, 10 296 gektar dukkakli ekinlar, 7 727 gektar boshoqli don ekinlari va 391 gektar kartoshka ekish uchun, 3 866 gektar esa bog‘ yaratish uchun ajratib berildi.

Yoshlarga biriktirib qo‘yilgan kooperatsiya va klaster yordamida yerlar shudgor qilingan holda jami 4 ming gektarga yaqin maydonga sabzavot, poliz, dukkakli ekinlar, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘lari qadaldi, 335 ming tup mevali va 135 ming tup manzarali daraxtlar ekildi.

Misol uchun, bugungi kunda Xorazm viloyatida 39 mingga yaqin ishsiz yoshlar bor. Manzilli rejaga ko‘ra yil ohirigacha ularning 29 ming nafari, ya'ni 74,5 foizining bandligi ta'minlanishi nazarda tutilgan.  

Yoki Andijon viloyatini olsak. Mazkur loyiha asosida 2 mingga yaqin yoshlarning har biriga o‘rtacha 21 sotixdan jami 400 gektar ekin yer maydoni ajratilib berildi. Hozirda joylarda issiqxonalar tashkil etilib, barcha yerlarga turli xil sabzavot ekinlari, mevali va manzarali daraxtlar ekilib, parvarish qilinmoqda. Yaqin kunlarda ekinlar hosilga kiradi.

Navoiy viloyatida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida yoshlar uchun 840 gektardan ziyod bo‘sh yotgan yer maydonlari ajratib berildi. Ularni sug‘orish uchun 11 ta yangi quduq qazildi, yana 150 dan ziyod quduq bo‘yicha qazish ishlar olib borilmoqda. 20 kilometrga yaqin ariqlar qazildi. Bugunga qadar o‘zlashtirilgan 400 gektar yaqin hududga urug‘ va nihollar ekildi. Jumladan, 12 gektarga - sabzavot, 78 gektarga - poliz, 113 gektarga – dukkakli va kartoshka urug‘lari qadaldi, 119 gektarga esa mevali va manzarali daraxtlar ekildi.   

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida e'tirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, loyiha bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan “Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” MChJ tashkil qilinib, ushbu korxonaning ustav fondi 75 ta avtotransport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizmlari hisobiga shakllantirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tegishli qarori bilan, “Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” MChJga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun belgilangan tartibda bo‘sh turgan yer uchastkalari va zaxira yerlar hisobidan Mo‘ynoq - 5 000 gektar, Qo‘ng‘irot 3 000 gektar va Taxtako‘pir 2 002 gektar tumanlaridan, jami 10 002 gektar yer maydonlari ekinlar ekish uchun ajratib berildi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qolgan tumanlarida ham yoshlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun qariyb 7,8 ming gektar yerlar ajratilgan. Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida qariyb 1,8 ming nafar yoshning bandligi ta'minlanadi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, respublika bo‘ylab tijorat banklari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, jami 5719 ta loyiha uchun 247,6 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.  Har bir loyihaga o‘rtacha 43,3 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid